O‘zA O`zbek

14.02.2020 Chop etish versiyasi

Ezgu qadriyatlar maskani mahallani qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtiriladi

Ezgu qadriyatlar maskani mahallani qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtiriladi

Munosabat

Jamiyatning eng katta tayanchi va asosi hisoblanadigan mahalla va oila instituti azaldan xalqimiz hayotida katta ahamiyat kasb etib keladi. Odamlarimizning turmush-tarzi, o‘zaro munosabatlari, qo‘yingki, barcha ijtimoiy faoliyati mahalla va oilasida kechadi, shu yerda rivoj topadi. 

Prezidentimiz tomonidan mahalla tizimini takomillashtirish, mahallalarda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, jinoyatchilikning oldini olish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda juda o‘rinli hamda bugungi kunimiz uchun o‘ta dolzarb fikrlarni keltirib o‘tdi. Yurtboshimiz bu boradagi o‘z xavotirlarini bildirar ekan, jumladan, shunday dedi:

“Oila – muqaddas” degan azaliy va ezgu g‘oya qadrsizlanib, ming yillik milliy qadriyatlarimiz zavol topar ekan, bu kabi og‘riqli holatlarni kamaytirib bo‘lmaydi. Buning uchun mahalla katta ijtimoiy kuch sifatida maydonga chiqishi kerak. Chunki faollar, ko‘pni ko‘rgan oqsoqollar, tajribali nuroniylarimiz, agar istasa, jamoatchilik bilan birgalikda har qanday muammoni hal qilishga, xato qilgan yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga solishga qodir.

Endi bir o‘ylab ko‘raylik. Oilalarimizda qadrlanib kelinayotgan necha asrlik an’ana va urf-odatlarimiz, “kattani hurmat, kichikni izzat qilish lozim” degan sharqona odob me’yorlarimiz bugun ham hayotimiz bir bo‘lagiga aylanib bo‘lgan. Bizga begona bo‘lmagan bu qarashlar yoshlarimizni ham munosib tarbiya qilishda namuna bo‘lib xizmat qilyaptimi? Bu borada mahalla va keng jamoatchilik ishtirokining o‘rni qanday bo‘lishi lozim? Shu kabi savollarga javob topish biz soha fidoyilarini o‘ylantirishi kerak.

Yig‘ilishda ko‘tarilgan masalalar qatorida oilaviy ajrimlar, yoshlar salomatligi, erta tug‘ruqlar, ma’naviy-axloqiy tarbiya bilan bog‘liq muammolarga oid tashvishli misollar bugun barchamizni yanada sergak va jonkuyar, shu Vatan, shu xalq farovonligi, yoshlarimizning ertasi va farovon kelajagi uchun bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilishimiz lozimligini ko‘rsatib turibdi.

Davlatimiz rahbarining bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish, tizim samaradorligini yanada oshirish maqsadida Mahalla va oila masalalari vazirligini tashkil etish taklifi barchamizni mamnun qildi. Shuningdek, fuqarolar yig‘inlari faoliyatini tubdan yangilash, mahalla raislariga qo‘shimcha zarur huquq va vakolatlar berish, mahalla markazlarini kerakli moddiy-texnik jihozlar bilan ta’minlash borasidagi fikrlari hamda tavsiyalari soha zahmatkashlarining necha yillik armonlarini o‘zida aks ettirdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Endigi masala, belgilab berilgan vazifalarni to‘laqonli bajarish, xalqimizni rozi qilish, aholi muammolarini tezkorlik bilan hal qilishda boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan uzviy hamkorlikni ta’minlashimiz zarur. Buning uchun bizda imkoniyat ham, huquqiy asoslar ham yetarli.

Dilshoda MIRZAJONOVA,
Respublika mahallalar kengashi
raisining o‘rinbosari

6 429
O‘zA