O‘zA O`zbek

14.03.2019 Chop etish versiyasi

Ezgu amallar ayyomi

Ezgu amallar ayyomi

Yaratganga shukr, koʻkka ham ogʻzimiz tegdi. Shu kunlarga, Navroʻzi olamga yana sogʻ-omon yetdik.

Bu Beshariq tumanidagi Toshariq mahallasida yashovchi 114 bahorni qarshi olgan Lutfiniso aya Turonovaning shukronasi. Onaxon bilan suhbatlasharkanmiz, bahorni juda sogʻingani, uni intiq boʻlib kutgani shundoq yuzu koʻzidan, soʻzidan sezilib turardi.

Ha, bahorni kim ham sogʻinmaydi deysiz?! U goʻzallik, yangilanish va orzu-umidlar fasli. Atrofda borliq uygʻonmoqda. Yasharish, yangilanish fasli eshik qoqmoqda. Oftobning hayotbaxsh nuridan yer yetilib, qir-adirlarga zumrad gilam toʻshayapti. Bahor elchisi boʻlmish boychechak esa unga ajib tasvirlar bitib, butun borliq qayta orolanmoqda. U biz kutgan, koʻngillarga shodumonlik, qalblarga surur bagʻishlovchi ardoqli bayramimiz – Navroʻzdan darak olib keladi.

Navroʻz – yangi kun demak. Xalqimiz har yili Navroʻz moʻjizasi bilan yuzma-yuz kelib, undan ruhiy quvvat oladi. Zero, u yangi-yangi intilishlar, izlanishlar, ijodiy parvozlarga qanot boʻladi. Nafaqat tabiat, balki oʻzimiz ham yangilanamiz bu faslda. Bir soʻz bilan aytganda, Navroʻz yangilanish, yasharish, yaratish va yashnatish kabi xalqimizga xos ulugʻ qadriyatlarning boshlanishidir.

– Navroʻz ayyomi dehqonlar faoliyatida muhim ahamiyat kasb etgan, chunki aynan shu kunlarda ekin ekish, dala, bogʻ yumushlariga kirishilgan, – deydi Fargʻona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi katta ilmiy xodimi Shoira Azizova. – Fargʻona choʻponlari erta bahorda “Navroʻz chumchuq” deb ataluvchi qushning uchib kelish vaqti va uning rangiga eʼtibor berganlar. Agar u oq rangli boʻlsa, yogʻingarchilik kam boʻladi, sariq tusda boʻlsa, yomgʻir koʻp yogʻadi, deb taʼbir qilganlar. ”Navroʻz chumchuq” choʻponlarning yoz davomida doimiy hamrohi hisoblanadi, kuzda oʻsha qush hadeb oʻzini suruv ichiga uraversa, demak yaqin orada boʻron turishi kuzatilgan. Buni yaxshi bilgan choʻpon chorvani tezroq pastga olib tushishga harakat qilgan.

Darhaqiqat, mavjudotlar bilan bogʻliq tabiat hodisalari aynan bahor oylarida kuzatiladi. Bahor uygʻonish fasli, tabiatning yangilanishi, gulchechaklarning ochilish davridir. Oʻzbekiston zaminida azaldan bahor faslida gulga bagʻishlangan sayillar oʻtkazilib kelgan. Bunday bayramlar togʻ bagʻrida, qir-adirlarda, bogʻlarda tashkil etilgan. Gul bayrami dunyoda keng tarqalgan anʼanalardan biridir. “Qizil gul”, “Lola” va “Boychechak” sayillari ayni bahoriy sayillardir

Bugun goʻzal Fargʻonaning barcha joyida koʻklam tashvishi boshlanmoqda. Adiru choʻllarda bahordan darak beruvchi boychechaklar boʻy koʻtargan. Ayniqsa, qishloqlar tarovati oʻzgacha. Mahallayu dalalarda bahorgi ishlar allaqachon boshlab yuborilgan.

Qishloqlarda oʻtkazilayotgan sumalak sayillarida kayvoni momolar Yaratgandan el-yurtga omonlik, toʻkinlik, qut-baraka soʻramoqda, doshqozonda Navroʻz taomi pishirilmoqda. Yosh-yalang sumalak kovlab, qoʻshiq aytmoqda:

Lola gul alvon-alvon,
Sumalak berar darmon.
Sumalak yetmay qolgan
Bir umr qilar armon.

– Har gal sumalak pishirganda xalqimiz shu kunlarga yetkazganiga shukrlar boʻlsin deb, avvalo, el-yurtga omonlik, ekin-tikinga baraka tilaydi, – deydi Dangʻara tumani Kattaturk qishlogʻilik Kimyo aya. – Xudoga shukr, yurtimiz tinch, dasturxonimiz toʻkin, farzandlarimiz sogʻ-salomat. Ertangi kunidan xotirjam, yaratuvchanlik tuygʻusi, toʻy-tomoshalar orzusi bilan yashayotgan xalqimiz koʻklamni shodu xurramlikda qarshi olayotir.

Navroʻz nafaqat tabiatga oshuftalik ayyomi, balki rizq-roʻz bayrami hamdir. Bobodehqonlarimiz azaldan Navroʻz kuni koʻklamgi yumushlarga kirishgan. Yerga don sepib, nihol ekkan. Ariq-zovurlarni tozalab, bogʻ-rogʻlarga shakl bergan. ”Kuz xirmoni bahorda bilinadi”, degan gap bor. Darhaqiqat, Navroʻz saxovatli zaminimiz bilan, dehqonu sohibkorlarimiz mehnati bilan chambarchas bogʻliq.

Fargʻona viloyatida Navroʻz umumxalq bayramini koʻtarinki ruhda qarshi olish maqsadida tegishli chora-tadbirlar belgilanib, uning joylardagi ijrosini taʼminlash yuzasidan keng koʻlamli ishlar olib borilayotir. Mahallalar, mehnat jamoalarida ulugʻ ayyomni munosib nishonlash, keksa va nogironlar holidan xabar olish, muhtoj oilalarga moddiy-maʼnaviy yordam koʻrsatish, shaharu qishloqlarda bahorgi obodonlashtirish-koʻkalamzorlashtirish ishlarini uyushqoqlik bilan oʻtkazish boʻyicha mahalliy hokimliklar, korxona-tashkilotlar, oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan izchil ishlar amalga oshirilayotir.

Navroʻz tabiatni yangilaydi, poklaydi. Uning udumlari esa inson ruhiyatini yangilaydi. Chunki bayram hech kimni chetlab oʻtmaydi. Koʻngliga quvonch soladi, hayotga bogʻlaydi. Bu kunlarni seva-seva, inson oʻzi ham katta muhabbatning bir qismiga aylanadi. Obod va farovon hayot sari dadil intilayotgan yurtdoshlarimizning qalbi bugun oppoq orzularga toʻla. Zero, Bahor va Navroʻz hayot abadiyligining tantanasidir. 114 yoshli momoning shukronasi ham shundan darak aslida.

3 176
Maʼsudjon Sulaymonov, OʻzA