O‘zA O`zbek

06.12.2018 18:59 Chop etish versiyasi

“Erta qaytgan turnalar”

Urush – dahshat! Urush – qirgʻin! Urush – vayrongarchiliklar! Urush – ochlik! Urush – gʻam, alam, iztirob, ayriliq, hijron… Urush tufayli otasi, akasi, amakiyu togʻasidan ajralgan yetim-yesirlar-chi? Ular urush asoratlariga bolalikdayoq yuzma-yuz boʻlgan, bolalik shoʻxliklarini juda erta unutgan...

...Buyuk adib, mashhur soʻz sanʼatkori Chingiz Aytmatovning “Erta qaytgan turnalar” asari ham Ikkinchi jahon urushi yillari, xalqning front ortidagi shijoati, xususan, oʻsha suronli yillarda ulgʻaya boshlagan farzandlarning erta soʻngan bolaligi haqida.

Asardagi voqealar serviqor togʻ biqinidagi qirgʻiz ovullaridan birida kechgan. Shu ovulda yayrab-quvnab oʻsayotgan bolakaylar – Sultonmurod, Onatoy,Qubbatqul va Erkinbek urushning nima ekanini juda erta fahmlashgan.

Har bir “qora xat” ortidagi alamu faryodlar, urushga soppa-sogʻ ketib qoʻlsiz, oyoqsiz qaytayotgan ota, akalar front ortidagi vijdonsiz kimsalarning nopokliklari, ovuldagi dehqonchilik yumushlarini oʻz zimmasiga olgan, bukchaygan chol-kampirlar, ayollar, urushga ketgan oʻgʻli, yostiqdoshi, aka-ukasi yoʻliga mushtoq boʻlib koʻz tikayotgan ona, kelinchaklar...

Asar qahramonlari – bolakaylar urush yillarida ovuldagi ana shunday muhitga qorishib ketadi. Ular soat sayin ulgʻayishadi, ovuldoshlarga koʻmakdosh boʻlishadi. Urush tugagani haqidagi xushxabar ovul bolalariga ham quvonch baxsh etadi.

Urush yillarining dahshatu iztiroblari haqida oʻnlab qissa, hikoyalar bitgan zabardast adib Chingiz Aytmatov mazkur asari orqali insoniyatni ogohlikka, vatanparvarlik va tinchliksevarlikka daʼvat etgan.

Kattaqoʻrgʻon shahar drama teatri jamoasi “Erta qaytgan turnalar” asari asosidagi spektaklni sahnalashtirib, oʻz muxlislarini xushnud etdi.

Asarning sahnaviy inssenirovkasi isteʼdodli ijodkor, yosh dramaturg Sardor Hamroyev qalamiga mansub. Tomoshani mahoratli rejissyor Fofur Mardonov yetakchiligidagi bir guruh tajribali va yosh sanʼatkorlar sahnalashtirgan. Teatr bosh musavviri Zokir Qobulov asar voqealari ruhiga mos sahna qurilmalari yaratgan.

Kattaqoʻrgʻon teatrining yangi tomoshasi atoqli yozuvchi Ch.Aytmatov tavalludining 90 yilligiga munosib tuhfa boʻldi.



OʻzA
1 105