O‘zA O`zbek

01.04.2019 Chop etish versiyasi

Erkinjon Turdimovdan yangi tashabbus

Erkinjon Turdimovdan yangi tashabbus

Samarqandda eng yaxshi kitobxon oilaga “Spark” beriladi

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ana shunday tashabbusni ilgari surdi

30 mart kuni Qoʻshrabot tumanidagi oʻzi tahsil olgan uchta maktabga kitob sovgʻa qilgan E.Turdimov ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifasida ushbu tadbirdan olgan taassurotlarini bayon etdi.

– Soʻnggi yillarda aksariyat yoshlar kitob oʻqishga qiziqmay qoʻyishgani rost gap – deb yozadi E.Turdimov. – Ular koʻproq internetdan maʼlumotlar izlashga, yangiliklarni ham onlayn tarzda topib oʻqishga, telefon orqali turli oʻyinlar, suratlar, videolar koʻrishga moyildirlar. Buning salbiy taʼsiri yoshlar tarbiyasi, odob-axloqi, maʼnaviyatida zararli iz qoldirishi mumkin. Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yoshlarimizni kitobga qaytarish borasidagi saʼy-harakatlarini barcha yurtdoshlarimiz qatori, men ham qoʻllab-quvvatlayman. Chunki kitob bitmas-tugunmas xazina, bilim manbai.

Bugun oʻzim tahsil olgan Qoʻshrabot tumanidagi 64-oʻrta taʼlim maktabiga tashrif buyurib, 64-, 41- va 19-maktab kitobxon oʻquvchilariga kitob sovgʻa qildim. Oʻquvchi yoshlar bilan uchrashib, kitob oʻqigan odam hech qachon xor boʻlmasligini, kitobxon qahramonlardek yuksak intilishlar bilan yashashi, hayotda qiynalganida, tushkunlikka tushganida ushbu qahramonlar kabi ish tutib, mashaqqatlarni yenga olishi haqidagi fikrlarimni bildirdim. Oʻz navbati oʻquvchilar ham mutolaa qilgan asarlari, xulosalari haqida yigʻilganlarga soʻzlab berishdi.

Koʻpgina ota-onalar bolasiga oʻqib beradigan kitoblar uchun alohida vaqt ajratishadi, biroq, hammada ham bunday emas. Iloji boricha, bolaga doimo bir vaqtda kitob oʻqib berish lozim, shundagina ular shu paytni intiqlik bilan kutishadi. Oʻqitish esa intizom talab qiladi. Agar bola buni xotirjamlik bilan qabul qilsa, demak bu yaxshi foyda beradi. Kitob ularning tafakkur doirasini kengaytiradi, tassavur qilish qobiliyatini oʻstiradi, iqtidorini rivojlantiradi.

Biz yoshi kattalar kitob bolalarning fikrlash doirasini kengaytirish bilan birga tarbiya qilishning eng yaxshi usuli ekanligini hisoblanishini unutmasligimiz lozim. Maʼnaviyatni boyitishda kitobning oʻrni beqiyos.

E.Turdimov posti yakunida yoshi kattalarga murojaat qilib, yoshlarni kitob oʻqishga qaytarishga hissa qoʻshishga daʼvat etadi va viloyatda kitobsevarlar safini kengaytirish maqsadida quyidagi nominatsiyalar boʻyicha tanlov oʻtkazilishini bildiradi:

“Viloyatdagi eng yaxshi kitobxon oila” - gʻolib oilaga “Spark” avtomobili sovgʻa qilinadi.

“Eng yaxshi kitobxon maktab” – barcha tuman va shaharlarda (16 ta) birinchi oʻrinni egallagan maktabning har biriga 100 million soʻmdan pul mukofoti beriladi.

“Eng yaxshi kitobxon mahalla” – barcha tuman va shaharlarda (16 ta) birinchi oʻrinni egallagan mahallaning har biriga 100 million soʻmdan pul mukofoti beriladi.

3 990
Gʻ. Hasanov, OʻzA