O‘zA O`zbek

29.02.2020 Chop etish versiyasi

Erkin akani eslab

Erkin akani eslab

Xotira uygʻonsa goʻzaldir

Oʻzbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Erkin Vohidov shohmot muxlisi edi. Ustoz shoir bilan koʻp bor shohmot oʻynash baxtiga muyassar boʻlganman. Ulardan biri qiziqarli kechgani uchun yodimda qolgan. Avvaldan shuni taʼkidlashim kerak, barcha shohmotchilar oʻzi yutgan oʻyinlarni sharhlashadi. Men ham shu anʼanaga sodiq qolgan holda oʻzim yutgan oʻsha oʻyinni eʼtiboringizga havola etmoqchiman.

Vohidov – Moʻminov

Toshkent. 2002-yil 8-may

Fransuzcha himoya

1. ye4 ye6 2. d4 d5. Os3 Fb4 4. Fzg4

Aslida, oqlarning bu yurishini taniqli adabiyotshunos Ozod aka Sharafiddinov bilan boʻladigan oʻyinga hozirlik koʻrayotgan vaqtimda koʻrib chiqqandim va unga qarshi javob yurishlarini tayyorlab qoʻygandim.

4 ... Of6 5. 5. Fz:g7 Rg8 6. Fzh6 8. O:ye4 7. Fz:h7 Pf88. Fh6

Goʻyo oqlar sifat ustunligiga erishishni naqd qilib qoʻyishdi. Mana endi tayyorlagan yurishimga navbat keldi.

8 ... Fzf6!

(Diagrammaga qarang)

123.JPG

Endi oqlar sifat ustunligiga erishishni emas, f2 xonasidan berilishi kutilayotgan motdan qutulishni oʻylashlari kerak.

9. Of3

Agar 8. f3 yurilsa, 9 ... Fzh4 va qoralar ustunlikka erishadi.

9 ... Rh8

Barcha tayyorgarliklar shu yurishga qaratilgandi. Oq farzin “tuzoq”qa tushdi. Biroq, Erkin aka eng toʻgʻri javob yurishini tanladi.

10. Fg7

Iqror boʻlaman, tahlil chogʻida oqlarning shu yurishini koʻrib chiqmagan ekanman.

10 ... R:h7 11. F:f6 O:f6

Shuncha yurishlardan keyin maʼlum boʻldiki, oqlarning fili bitta piyodaga almashgan. Agar taxtada farzinlarning yoʻqligi va qora shoh oq piyodalar ortiq tomonda ekanligini hisobga olsak, ustunlik qoralar tomonda. Lekin shohmotda ustunlikka erishish va uni amalga oshirish boshqa-boshqa tushunchalardir. Buning ustiga shohmot qoidalarini biladigan Erkin akah vertikalidagi oldi ochiq piyoda imkoniyatidan foydalanishga urinishi turgan gap edi.

12. Fd3 Rg7 13. g3 Os6 14. She2 F:s3 15.bs Fd7 16. Rab1 0-0-0 17. Rb2

Oqlarning hujumni shoh qanotidan emas, farzin qanotidan davom ettirishni rejalashtirayotgani, qoralarning faol hujum boshlashiga imkoniyat yaratdi.

17 ... Oe4 18. s4 f5 19. s5 Rh8 20. h4 Rf8

Agar 20 ... R:g3 boʻlsa, 21.F:ye4 dc 22.fgef23. Shf3 va endi qoralar toʻla ustunlikka ega deb boʻlmaydi.Chunki h4 xonasidagi piyoda qoralarga qiyinchilik tugʻdirishi mumkin.

21. Rb3 f4 22. gfR:f423. h5 R:f3 24. Sh:f3 O:d4 25.Shf4

Agar 25. She3 boʻlsa, oʻyin biroz choʻzilishi mumkin edi. Endi qoralar hal qiluvchi hujumga oʻtadi.

25 ... Rf7 26. Shg4 ye5 27. Shh4 Rf4X

Fransuzcha himoyaning ushbu yoʻnalishida yuzaga keladigan yurishlarni koʻrib chiqishga ancha-muncha vaqt sarflaganman. Bu izlanishlarim sevimli shoirimiz bilan boʻlgan oʻyinda qoʻl keldi.

Maqola “Oʻzbekiston matbuoti” jurnali(2006-yil 3-soni)da chop etilgandan keyin Erkin aka bilan uchrashganda fikrlarini soʻradim.

– Shu oʻyinimizni hech eslay olmayapman, – dedilar jilmayib.

– Bu tabiiy hol, men ham sizga yutqazgan oʻyinlarimning birortasini eslay olmayman, – dedim samimiy.

Ikkalamiz ham yuqoridagi soʻzlarni aytganda, shohmot boʻyicha 8-jahon chempioni Mixail Talning muxlisga bergan javobidan kelib chiqqandik. Bu savol-javob shunday tarzda kechgan:

Shohmot klubida maʼruza oʻqiyotgan vaqtda Taldan Spasskiy bilan oʻzaro oʻyinlaridagi nisbatni soʻrashadi( Oʻshanda nisbat – 2:9, Boris Spasskiy foydasiga edi).

– Men Spasskiy ustidan qozongan gʻalabalarim sonini bilaman, – deya javob beradi Tal.

– Spasskiyni necha marta yutgansiz? – deya yana soʻraydi muxlis.

– Ikki marta.

– U sizni necha marta yutgan?

– Buni Spasskiydan soʻraysiz.

Erkin akaning kutubxonasida shohmotga oid kitoblar ham koʻp edi. Biz eslagan voqea “Tal tilsimoti” kitobi va boshqa koʻplab shohmot adabiyotlariga kiritilgan.

Albatta, koʻpchilikni Erkin aka bilan “Mening Dogʻistonim” asariga bogʻliq xotiralarim qiziqtirsa kerak. Chunki bu asar birinchi kitobining boshlangʻich qismi Erkin Vohidov tarjimasida 1968-yili “Guliston” jurnalida eʼlon qilingandi. Men bu asar tarjimasiga 1981-yildan astoydil kirishgan boʻlsamda, Erkin akadan istihola qilib yurardim. Lekin 2006-yilning boshida oʻsha vaqtda “Guliston” jurnalida bosh muharrir boʻlgan Azim Suyun meni chaqirib, “Mening Dogʻistonim”ni tarjima qilib berishimni va tarjimani jurnalda chop etishini aytdi. Men bu masala boʻyicha Erkin akaga murojaat qilish kerakligini aytdim. Ehtimol, asar tarjimasini yakunlagandir, deya qoʻshimcha qildim.

Gapni boshladingmi oxirigacha ayt, deydi “Mening Dogʻistonim” asari muallifi Rasul Hamzatov. Holbuki, “Jahon adabiyoti” jurnalida bosh muharrir boʻlgan hurmatli olimimiz Ozod aka Sharafiddinov 2000-yil yozida mening qarshimda Erkin akaga telefon qilib, “Mening Dogʻistonim” asarining tarjimasini soʻradilar. Oʻshanda Erkin aka bu asarni tarjima qilmayman deb aytgandi. Ozod aka menga qarab: “Erkin “Mening Dogʻistonim”ni tarjima qilmayman deyapti”, – dedilar. Men “Tal tilsimoti” hujjatli qissasida yozilganiday, Fisher – Tal uchrashuvining hal qiluvchi pallasida Fisher yurishini blankaga yozib, Talga razm solganda Tal oʻzini qanday beparvo tutgan boʻlsa, oʻzimni shunday tutdim. Javob kutib Ozod aka biroz tikilib turdilar, men esa kiprik qoqmadim. Keyinroq Ozod aka “Tal tilsimoti” qissasining tarjimasini menga topshirdi va qissa mening tarjimamda “Jahon adabiyoti” jurnalining 2004-yil 5-6-sonlarida chop etildi. Bu tarjima “Mening Dogʻistonim” tarjimasida muhim bosqich vazifasini oʻtadi.

Xullas, Azim Suyun meni bir necha marta chaqirib, tarjimani soʻradi. Men Erkin akani roʻkach qildim. “Men Erkin aka bilan gaplashdim, tarjima qilmagan ekan. Sizning tarjima qilishingizga ham ruxsat soʻradim”, – dedi Azim Suyun. Shundan keyingina Erkin aka bilan 2006-yil 23-noyabr kuni bu haqda suhbatlashdim.

– Erkin aka, “Guliston” jurnali “Mening Dogʻistonim” asarining davomini bermoqchi ekan, Azim aka sizga qoʻngʻiroq qilgandir?

– Yoʻq, bu haqda suhbatlashmadik.

– “Mening Dogʻistonim” asarini tarjima qilgan boʻlsangiz bering, Azim akaga olib boray.

– Men tarjimani davom ettirmaganman.

– Unda Azim akaning koʻngli tinchishi uchun Erkin akaning vaqtlari boʻlganda tarjima qilar ekanlar, desam maylimi.

– Asror, bu asarni boshqa tarjima qilmayman.

– Ustoz, unda ruxsat bering, shu asarni men tarjima qilay.

– Marhamat, sizga oq yoʻl tilayman.

– Rahmat.

Oʻshandan keyin tarjimalarimni jurnalga topshirdim. “Guliston” jurnalining 2007-yil 1-sonidan tarjimalarim chop etila boshlandi. Asarning birinchi kitobi 2008-yilda kitob holida chiqarildi. Tarjimani boshlaganimga oʻttiz yil boʻlganda, yaʼni 2011-yilda “Mening Dogʻistonim” asarining birinchi va ikkinchi kitoblari yaxlit holda chop qilindi. Bu kitobni birinchi navbatda ustoz Erkin Vohidovga taqdim etdim. Ustoz sukut saqladilar. Sukut esa donishmandlik belgisidir.

Xotiralarni bejiz eslamadim. Keyinroq bir kishi Erkin akaga “Sizday hurmatli shoir tarjima qilgan “Dogʻistonim” asariga qandaydir Asror deganlari qoʻl uribdi...” deya xushomad qilganida, ustoz keskin javob qaytargan ekanlar: “Asror – intelgent yigit. U oldimga kelib “Mening Dogʻistonim” asarini tarjima qilishga ruxsat soʻradi. Men unga oq yoʻl tilaganman. Tarjimasini oʻqidim. Yaxshi”.

Baribir, biz bu asar haqida suhbatlashmasak boʻlmasdi.

– Erkin aka, “Mening Dogʻistonim” asari tarjimasini zoʻr joyda toʻxtatgansiz.

– Qaysi joyda?

– Sheʼr ishi naqadar mushkul ish ekan, degan joyda.

Asarda bu gapni Dogʻiston xalq shoiri Abutolib Gʻafurov qadrdon doʻsti Dogʻiston xalq shoiri Hamzat Sadasaga taskin berish uchun aytgan. Bu gap va Erkin aka bilan suhbatdan olgan taassurot keyinchalik “Rasul Hamzatov” nomli dramamga koʻchdi.

A b u t o l i b(Rasul Hamzatovga qarab). Otang alomat odam edi-da. Shu joyda otang bilan shodlik kunlarida ham, gʻamgin kunlarida koʻp suhbatdosh boʻlganman. Esingdami, Shomilga bagʻishlangan dostoni tanqid qilingan kun. Otang muk tushib, gʻamga botib oʻtirgandi. Qanday taskin berishni bilmayman. Keyin surnayimni olib, uzoq chalganman. Biroz hovuri bosilgach, qoʻlimni otangning yelkasiga qoʻyib “Sheʼr yozish qiyin ish ekan” deganman. Shoirning gapini shoir darhol tushunadi. Otang qaddini rostlagan. Rasul, katta shoir boʻlsang ham bilib qoʻy: “Sheʼr yozish – qiyin ish”. Sheʼr yozish qiyin ish ekanini bilganimiz holda shu qiyin ishni zimmamizga olganmiz. Bu gapimni hech qachon unutma!

Shohmotga bagʻishlangan sheʼrida Erkin aka yozganlar: “Shaxmat abadiydir, sheʼr ham abadiy, yurish tugamasu soʻz boʻlmas tamom”. Va lekin sheʼr yozish – qiyin ish, shohmotni yaxshi oʻynash undan ham qiyin. Ularning qiyin ish ekanini bilganlari holda Erkin Vohidov umr boʻyi sheʼriyatga ham, shohmotga ham sadoqat bilan xizmat qildilar. Ustoz shoirimizning buyukligi ham shunda!

Asror MOʻMIN,

shoir va tarjimon,

Oʻzbekistonda xizmat

koʻrsatgan jurnalist.


3 458
O'zA