Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.08.2017 18:47 Chop etish versiyasi

Erk istar ko‘ngil

Yaqinda “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan “Erk istar ko‘ngil” kitobi chop etildi. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti ilmiy xodimi Shuhrat Ergashev qalamiga mansub ushbu kitob atoqli adib va buyuk davlat arbobi Sharof Rashidov hayoti va faoliyati haqida.

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tizimidagi “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi va Milliy matbuot markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbir mazkur kitob taqdimotiga bag‘ishlandi.

Akademik A.Asqarov, "Xalq so‘zi" gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari Sh.Jabborov va boshqalar davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning shu yil 27-martdagi "Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100-yilligini nishonlash to‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar xalqimizning fidoyi farzandi Sharof Rashidov xotirasini adabiylashtirish, yosh avlodni vatanparvarlik va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

– Sharof Rashidov butun faoliyati davomida O‘zbekiston manfaati uchun kurashgan arbob, – deydi tarix fanlari doktori, professor Q.Rajabov. – U rahbarlik qilgan davrda yurtimiz ilf-fani, adabiyoti, san’ati rivojlanish barobarida milliyligimizning yuksak namunalari bilan jahon madaniyati ham boyitildi. Shaharu qishloqlarimiz qiyofasi o‘zgardi, Toshkent Sharqning eng go‘zal shaharlaridan biriga aylandi. O‘zbekiston xaritasida Navoiy, Guliston, Yangiyer, Zarafshon va Uchquduq kabi yangi shaharlar paydo bo‘ldi. Tarixchi olim Shuhrat Ergashevning “Erk istar ko‘ngil” kitobida Sharof Rashidovning el-yurtimiz farovonligi yo‘lida qilgan tarixiy xizmatlari bayon etilgan. Muallif sobiq tuzum davri kirdikorlari haqida yozar ekan, Sharof Rashidovni o‘quvchi ko‘z o‘ngida hamisha o‘z yurti taraqqiyoti va xalqi farovonligini o‘ylab ish yuritgan ulkan siyosiy arbob sifatida gavdalantirishga harakat qiladi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
1 413






Все о погоде - Pogoda.uz