O‘zA O`zbek

15.02.2019 Chop etish versiyasi

Eng yaxshi sahna asarlari bolalar uchun

Eng yaxshi sahna asarlari bolalar uchun

Poytaxtimizda Xalqaro bolalar va yoshlar teatrlari assotsiatsiyasi aʼzolarining uchrashuviga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtmoqda. Mazkur tadbir Oʻzbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatri tashkil etilganining 90 yilligiga hamohang oʻtkazilayotgani eʼtiborga molikdir.

Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari Ozodbek Nazarbekov, “ASSITЕJ – Oʻzbekiston” ijodiy tuzilmasi rahbari, Oʻzbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatri direktori Zulfiya Hamrayeva va boshqalar bolalar uchun badiiy yetuk sahna asarlari yaratish teatr sohasi vakillari zimmasiga katta masʼuliyat yuklashini taʼkidladi.

Mamlakatimizda yosh avlod maʼnaviyatini yuksaltirish, oʻgʻil-qizlarning badiiy-estetik didini toʻgʻri shakllantirish, uni yuksaltirish masalalariga doimiy eʼtibor qaratib kelinmoqda. Yurtimizda qabul qilingan bir qator qonun hujjatlari yoshlarga puxta taʼlim-tarbiya berish barobarida ularning ongu tafakkurini turli zararli va yot gʻoyalardan ishonchli himoyalashdek maqsadlarni koʻzlashi bilan ahamiyatlidir.

Mamlakatimiz teatrlari safida faoliyati bolalar uchun moʻljallangan ijodiy jamoalar ham samarali ishlamoqda. Oʻzbekiston davlat yosh tomoshabilar teatri ular orasida muhim va yetakchi oʻrin egallaydi. Oʻtgan vaqt mabaynida mazkur teatrda bolalar uchun sahna asarlarini yaratishning milliy maktabi va anʼanalari shakllandi. Jamoada yaratilgan bir qator spektakllar yoshlarni vatanparvarlik, yurtga sadoqat ruhida tarbiyalashi bilan birga oʻgʻil-qizlarda oqni qoradan, yaxshini yomondan teran farqlay olish, toʻgʻrilik, mehnatsevarlik, halollik, kattalarga hurmat kabi fazilatlarning shakllanishida muhim omil boʻlmoqda.

Jamoaning bir qator spektakllari xorijiy davlatlarda boʻlib oʻtgan xalqaro festivallar, koʻrik-tanlovlar, teatr bayramlarida muvaffaqiyatli namoyish etib kelinmoqda. Xalqaro bolalar va yoshlar teatrlari assotsiyatsiyasiga 2018 yil Oʻzbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatri negizida “ASSITЕJ – Oʻzbekiston” nomi bilan mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan barcha bolalar teatrlari aʼzo boʻldi. Bu esa bolalar teatriga oid amaliy ishlarni yanada takomillashtirish, undan xalqaro teatr jamoatchiligini kengroq boxabar etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Anʼanaga koʻra, tashkilotga yangi aʼzo boʻlgan mamlakatda Xalqaro bolalar va yoshlar teatrlari assotsiatsiyasining navbatdagi yigʻilishi oʻtkaziladi. Yurtimizda boshlangan ASSITЕJ tadbiri doirasida spektakllar namoyishi, ularning muhokamasi va bolalar teatri oldida vujudga kelgan dolzarb muammolarni hal qilish uchun seminarlar, suhbatlar va ijodiy muloqotlar oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.

Tadbir davomida Oʻzbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatri, Oʻzbekiston davlat yoshlar teatri va Oʻzbekiston davlat qoʻgʻirchoq teatri tomonidan tayyorlangan bir qator spektakllar namoyish etiladi. Asosiy anjuman “Bolalar spektaklarida tomoshabinlarning yoshlarini chegaralash tamoyillari” mavzusini oʻz ichiga oladi.

Sir emaski, bugungi kunda bolalarning tafakkurini turli yot va zararli gʻoyalardan ishonchli himoyalash muhim oʻrin egallaydi. Bu esa teatr jamoalari, ayniqsa, yosh tomoshabinlar uchun moʻljallangan ijodiy jamoalar zimmasiga ham zalvorli vazifalarni yuklamoqda. Darhaqiqat, yurtimizning ertangi kuni yosh avlodga bogʻliq ekan, demakki, farzandlarimiz eng mukammal, barkamol va puxta sahna asarlariga munosib. Mazkur yoʻnalishdagi oʻzaro fikr va tajriba almashish istiqboldagi rejalar, amaliy saʼy-harakatlarni belgilab olish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirish, ijodiy safarlar uyushtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

“ASSITЕJ – Osiyo 2019” konferensiyasida Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Hindiston, Ozarbayjon, Belgiya, Gruziya, Isroil, Pokiston, Rossiya, Eron, Shri-Lanka, Belarus, Moʻgʻiliston kabi davlatlardan vakillar ishtirok etmoqda.

– Bolalar teatr jamoalarining bu kabi oʻzaro fikr va tajriba almashuvi gʻoyat muhimdir, – deydi ASSITЕJ tashkiloti koordinatori, sanʼatshunos Nataliya Raytarovskaya (Rossiya Federatsiyasi). – Negaki, yoshlar tarbiyasidek masʼuliyatli vazifa hozirda barcha mamlakatlar uchun dolzarbdir. Biz Oʻzbekistonda madaniyat va sanʼat rivojiga katta eʼtibor qaratilayotganining guvohi boʻldik.

Madaniy-maʼrifiy anjumanning ilk tadbiri Oʻzbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatri jamoasining ustoz adib Gʻafur Gʻulom asari asosida sahnalashtirilgan “Shum bola” spektakli bilan boshlandi.

4 344
Nazokat USMONOVA, T.Madaminov (surat), OʻzA