O‘zA O`zbek

21.09.2019 Chop etish versiyasi

ENG YaXShI NIYaT

ENG YaXShI NIYaT
               

ENG YaXShI NIYaT

“Vatan asli ostonadan -
Boshlanadi” deydilar.
Vatan nima?
U bir qo‘rg‘on -
Boshpanadir, deydilar. 

Uning har bir xizmatiga 
Shay turmoqlik - burchimiz.
Himoyaga berilgandir
Bilakdagi kuchimiz.

Siz dunyoga nazar tashlang
Nigohlari savollar.
Bunda qancha g‘alayonlar,
Qancha umri zavollar!

Odamlar bor hali bir bor -
Tinchlik ta’min totmagan.
Go‘dagini erkalatib,
Osoyishta yotmagan.

Ming bir xatar-xavotirda
O‘tib borar kunlari.
Es tanigan bolasining –
Quroldadir qo‘llari.

Ko‘rmoq emas, hatto xayol 
Qilmoq qiyin bu holni -
Nogahonda yaprog‘iga 
Qon sachragan niholni...

Ming shukurki, bizlar ozod,
Turmushimiz farovon.
Musaffodir osmonimiz,
Quyoshimiz charog‘on.



Bunda har kun to‘y-tantana,
O‘yin-kulgi, yallalar.
Farzandlarning kamolidan
Kalomlangan allalar.

Tinchliging o‘z qo‘lingdadir -
Humo qushday tarangan.
Dunyodagi bor ezgulik -
Inson uchun yaralgan!

“Olisdagi bug‘doylar”dan
Hatto hovuch to‘lolmas.
Ogoh bo‘lsak, hushyor tursak,
G‘alamislar yo‘lolmas.

Bizga butkul yot g‘oyalar -
Yotligicha qolgaydir.
Zoti ulug‘ inson asl -
Zotligicha qolgaydir.

Shu vatanning tinchligini,
Hurligini saqlaylik.
Mehr – fazilatlar ichra –
Durligini saqlaylik!

Tol xivichdan toy yasagan 
Bolajonlar bor bo‘lsin!
Katta bo‘lsin va qalbida -
Vatan bo‘lsin, or bo‘lsin!

Duo qilsin otaxonlar,
Alqasin har onajon.
Ko‘z tegmasin.
Poydor bo‘lsin -
O‘zbekiston jonajon!










BEBAHO BOYLIK

Hayot qanday go‘zal!
Hayot qanday soz!
Topganing – izzat-u, ko‘rganing – e’zoz.

Farzand tuhfa etib ul Qodir Egam,
Ular kamoliga mas’ulsan, degan.

Har birin yurakning parchasi bilib,
El aro komronsan – to‘y-hasham qilib.

Demak, bag‘ring butun, ardoqla va suy,
Va yoki qurib ber dang‘illama uy.

Ammo bo‘lsa hamki qancha hashamdor,
Kun kelib uylarning eskirmog‘i bor.

Bolalik orzusi bo‘lgaydir hadsiz,
Xullas, sanamasin o‘zini baxtsiz.

Mehrini qozongil har ne usulda,
Ulov olib bergin so‘nggi rusumda.

Ulov ham eskirib qolar-ku, attang...
Qornini to‘ydirib, kiyintir bashang.

Bir umr yig‘inib, bir umr to‘plab -
Mol-u dunyo qoldir kam emas, ko‘plab.

Axir u – farzanding, yashasin durkun,
Ming afsuski, pul ham tugaydi bir kun!

Ammo, bitta yo‘l bor – baridan a’lo,
Unga o‘g‘ri tushmas, eskirmas aslo!

Uni hech mezonda o‘lchab bo‘lmaydi,
Bu yo‘lni tutganning nomi o‘lmaydi! 

Balki bir avlodni shuhratga ko‘mar –
Farzandga berilgan bilim va hunar!





ONA TILIM


Men bulbulman – o‘z tilida sayrab turgan,
Men duldulman – o‘z yerida yayrab yurgan.
Menga kelsin, mening o‘zbek tilim uchun -
O‘zin dag‘al tillarini qayrab yurgan.

Qani aytsin, qaysi tildan kamdir tilim,
Mening uchun iftixor ham sha’ndir tilim.
Temuriyman - turkiylarning bosh bo‘g‘ini,
Senda olam fasohati jamdir tilim!

Sen o‘zingsan alla bilan dilga tushgan,
Va ilk bora “ona” deya tilga tushgan.
Koshg‘ariydan tortib barcha bobolarim –
Menga faqat til hikmatin o‘rgatishgan.

Shu til borki, shu el borki - men ham borman,
Tilin aziz bilganlarga do‘stman, yorman.

  Orif TO‘XTASh

1 458
O'zA