Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.11.2011 12:09 Chop etish versiyasi

El ardog‘idagi san’atkorning qalb navolari


Suratda: O‘zbekiston xalq artisti Munojat Yo‘lchiyeva.

“O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida O‘zbekiston xalq artisti Munojat Yo‘lchiyevaning konserti bo‘lib o‘tdi.

Tinch va farovon, odamlari hayotidan rozi bo‘lib yashayotgan yurtda san’at ravnaq topadi. Elu elatlar o‘rtasida hamkorlik rishtalarini mustahkamlash, odamlar qalbida ezgu insoniy tuyg‘ularni uyg‘otish, yoshlar ma’naviyatini boyitishda musiqa san’atining ta’siri va ahamiyati g‘oyat yuksakdir.

Istiqlol yillarida Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida milliy musiqa san’atimizni rivojlantirish, uning betakror an’ana va maktablarini tiklash, targ‘ib-tashviq etish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Yurtimizda “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali, san’at haftaliklari, turli ko‘rik-tanlovlar va boshqa tadbirlarni yuksak saviyada o‘tkazish an’anaga aylandi.

Bu jarayonda yoshlarni bebaho san’atimiz namunalaridan bahramand etish, ularning badiiy-estetik didini yuksaltirish bilan birga milliy musiqa san’atimiz rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan insonlar mehnatini e’zozlashga ham alohida e’tibor qaratilayotir.

O‘zbekiston xalq artisti, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibasi Munojat Yo‘lchiyevaning “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida 20 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan “Qalb navolari” deb nomlangan konsertida bu jihatlar yana bir bor o‘z ifodasini topdi.

Elu yurt ardog‘idagi xonanda, o‘zbek milliy musiqa san’atining yetuk namoyandasi Munojat Yo‘lchiyeva konsertining xalqimiz bunyodkorlik salohiyatining yorqin ifodasi bo‘lgan “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida o‘tkazilishida ramziy ma’no mujassam. Zero, ushbu muhtasham koshona nafaqat milliy me’morlik san’atimizning ajoyib namunasi, ayni paytda mamlakatimizning yuksak iqtisodiy, intellektual salohiyati, kuch va imkoniyatlari ifodasidir.

Istiqlol yillarida yurtimizning barcha joylarida bunyod etilgan madaniyat va san’at saroylari, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, O‘zbekiston davlat san’at institutining muhtasham binolari, konsert zallari, ijodiy markazlar, studiyalar, bolalar musiqa va san’at maktablari ijrochilik san’atimizning o‘ziga xos an’analarini davom ettirish, yoshlarni milliy merosimizga hurmat va ehtirom ruhida, yuksak ma’naviyat sohiblari etib tarbiyalashdek ulug‘vor maqsadlarga xizmat qilmoqda.

Shu kuni ushbu muhtasham saroy bayramona tarovat kasb etdi. Konsertga tashrif buyurgan san’at ixlosmandlari, yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari, chet ellik mehmonlar va keng jamoatchilik Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi va g‘oyasi asosida barpo etilgan “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyini katta qiziqish bilan tomosha qildi. Ushbu koshona timsolida xalqimizning bunyodkorlik salohiyati, mustaqillik yillarida erishgan muvaffaqiyatlarini yana bir bor yaqqol tasavvur etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, “O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan mazkur madaniy tadbir xalqimizning jahon e’tirof etgan san’atkor ijodiga hurmati va muhabbatining yorqin ifodasidir.


Suratda: konsert paytida.

Munojat Yo‘lchiyevaning ijodi nafaqat xalqimiz, balki xalqaro miqyosda ham millionlab insonlarni o‘ziga maftun etib kelmoqda. O‘zbekiston davlat konservatoriyasida an’anaviy xonandalik va maqom ijrochiligi sirlarini o‘rgangan san’atkor milliy mumtoz qo‘shiqlar, maqomlar, katta ashulalarni maromiga yetkazib kuylaydi. Noyob ovozi, tuyg‘ularga boy ijrosi, yurakdan kuylash uslubi musiqa ixlosmandlarini o‘ziga rom etadi.

Xonanda 1997 yilda Samarqandda ilk marta o‘tkazilgan “Sharq taronalari” xalqaro festivalida birinchi o‘ringa loyiq topilgan. Ustozi – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Shavkat Mirzayev rahbarligidagi musiqachilar guruhi bilan birga Osiyo, Yevropa, Amerika, Afrika mamlakatlarida ko‘p bor ijodiy safarlarda bo‘lgan. “O‘zbekiston san’ati kunlari”, festival va konsertlarda milliy san’atimiz jozibasini namoyish etib, jahon musiqa ixlosmandlari, san’atshunoslarning e’tirofi va olqishiga sazovor bo‘lib kelmoqda. M.Yo‘lchiyeva ijrosidagi mumtoz qo‘shiqlardan iborat disklar dunyoning o‘nlab mamlakatlarida sevib tinglanadi. Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, eng ulug‘, eng aziz bayramimiz – Vatanimiz mustaqilligining 20 yilligi arafasida O‘zbekiston xalq artisti Munojat Yo‘lchiyeva “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.

– Yurtimizda Munojatxonning qo‘shiqlari kirib bormagan xonadon yo‘q, desak mubolag‘a bo‘lmaydi, – deydi toshkentlik Momoxon aya Salohiddinova. – Milliy musiqiy merosimiz, maqom namunalari, mumtoz navolar insonni ruhan poklaydi, yuksaltiradi. Tinglovchining qalbi va ongida olijanoblik, iroda, sabr-qanoat, halollik singari ezgu fazilatlarni shakllantirishga xizmat qiladi. Sevimli san’atkorimiz repertuari ham ayni shu yo‘nalishdagi ijro namunalaridan iboratdir. Jahonning eng rivojlangan davlatlari vakillarining hayrati va havasini keltiruvchi bunday muhtasham anjumanlar saroyida sohirnafas xonanda konsertining o‘tkazilishi Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ijod ahli, san’at ixlosmandlariga ko‘rsatilayotgan cheksiz mehr va e’tibor ifodasidir.

– Sevimli xonandamizning konsertini, ayni vaqtda “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyini ko‘rish uchun Qo‘qondan keldim, – deydi Qo‘ldoshali Xudoyberdiyev. – Yurtimizdagi tinch va osuda, farovon hayot tufayli istiqlolimiz, saodatli kunlarimiz, yaratuvchanlik, bunyodkorlik timsoliga aylangan shunday ko‘rkam binolar bunyod etilmoqda, bayramlar o‘tkazilmoqda. Milliy mumtoz qo‘shiqlarimizning inson qalbi va tafakkuriga ta’siri ruhiyat, ma’naviyat, ichki kechinmalar bilan uzviy bog‘liq. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Munojat Yo‘lchiyeva ijrosidagi qo‘shiqlarni millati, tilidan qat’i nazar, barcha xalqlar vakillari rohatlanib tinglaydi.

– O‘zbekistonga kelgan sayyoh bu ajib diyorning boy tarixi, ma’naviy merosi, san’ati va madaniyatiga albatta maftun bo‘lib qoladi, – deydi amerikalik Adam Smit Albion. – Men Munojatning qo‘shiqlarini diskda ko‘p marta eshitgandim. Endi uning jonli ijrosini tinglashga musharraf bo‘ldim. Bu konsertda turli yosh, millat, mamlakat vakillarini uchratdim. Xonanda yurakdan kuylaydi, shu bois o‘zbek tilini bilmagan muxlis ham uning ijrosini berilib tinglaydi. Mumtoz kuy-qo‘shiqlaringiz inson ruhini poklaydi, ma’naviyatini yuksaltiradi. Konsert yuksak saviyada o‘tdi. Konsert mana bunday muhtasham saroyda bo‘lgani uning ta’sir kuchini yanada oshirdi. Undan har bir inson katta ma’naviy ozuqa, ijobiy quvvat oldi. Mamlakatingizda madaniyat, san’at, ma’naviyat rivoji yo‘lida ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlik ana shunday bayramlar, konsertlarda o‘zining yorqin ifodasini topmoqda.

– Jahonning ko‘plab mamlakatlari sahnalarida konsertlar bergan bo‘lsam-da, xalqimizning mehri baribir bo‘lakcha, – deydi O‘zbekiston xalq artisti M.Yo‘lchiyeva. – Istiqlol yillarida milliy madaniyatimiz, san’atimiz, boy ma’naviy merosimizni jahonga tanitish uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Prezidentimiz Islom Karimovning san’at ahliga g‘amxo‘rligini hayotimiz, kundalik faoliyatimiz, ijodimizda doimo his etib yashaymiz. Mustaqilligimizning 20 yillik bayrami arafasida bir guruh san’atkorlar qatori mening ham mehnatlarim qadrlanib, Yurtboshimiz farmoniga asosan “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandim. Buning uchun Prezidentimizdan behad minnatdorman. “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida – muhtasham, betakror koshonada kuylash, yakkaxon konsert berish har qanday xonanda uchun oliy baxt! Ana shu e’tibor bizga hamisha ruhiy madad, ma’naviy quvvat, cheksiz ilhom bag‘ishlaydi. Doimiy izlanishga, yangidan-yangi, yanada mukammal, xalqimizning ko‘ngil mulkiga aylanuvchi qo‘shiqlarni muxlislarga taqdim etishga undaydi. Zero, buyuk ajdodlarimizga beshik bo‘lgan shu tabarruk Vatanni kuylash, uning saxovatli, mehridaryo, samimiy, pokiza qalbli xalqiga xizmat qilish san’atkor uchun buyuk saodatdir.

Yuksak va ko‘tarinki saviyada tashkil etilgan, mumtoz navolar, jozibali raqslar bilan o‘tgan konsert o‘ziga xos bayramga aylanib ketdi. Xalqimizning ardoqli xonandasining yuksak saviyali, nozik didli, g‘oyat madaniyatli konsert dasturi barchada o‘chmas taassurot qoldirdi.


O‘zA, Nazokat Usmonova, A’lo Abdullayev olgan suratlar
8 178






Все о погоде - Pogoda.uz