O‘zA O`zbek

16.05.2020 Chop etish versiyasi

Dunyoni adolat qutqaradi

Dunyoni adolat qutqaradi

Munosabat

Mamlakatimizning tinchliksevar tashqi siyosati barcha davlatlar va xalqaro institutlar bilan oʻzaro manfaatli, doʻstona aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan. Bundan haqli ravishda faxrlanamiz. Davlatlararo munosabatlarda teng huquqli va masʼuliyatli sherik boʻlish, eng avvalo, adolat tamoyillariga qatʼiy rioya etishni taqozo etadi. Rus yozuvchisi Fyodor Dostoyevskiyning mashhur iborasini jindak tahrir qilib aytadigan boʻlsak, bugun dunyoni mustaqil davlatlarning ichki ishlariga aralashmaydigan, bir-birini hurmat qilishga asoslangan, oʻzaro manfaatli, va, albatta, adolatli munosabatlar qutqaradi.

Shu maʼnoda Rossiya rasmiy idorasi vakili Marina Zaxarovaning oʻzbek tili xususida bildirgan fikr-mulohazalari mustaqil, suveren davlatning ichki ishlariga qoʻpol tarzda aralashuvdan boshqa narsa emas. Butun dunyo koronavirus balosidan aziyat chekayotgan shu kunlarda bu rasmiylar uchun oʻzlarida shugʻullanishga arzigulik, dolzarb, joʻyali yumush yoʻqmi?

Yoshligimda rahmatli otam aka-ukalar huda-behuda ishlarga aralashaversak, “Oʻzingga toʻppa kesolmaysan, oʻzgaga ugra kesaman deganing nimasi!” deb tanbeh berardilar. Bu gap ayni paytda Zaxarova va unga oʻxshaganlar uchun ham taalluqli boʻlsa ajab emas!

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlar orqali shu mavzuga daxldor munosabatimni bildirgan edim. Ijozatlaringiz bilan quyida oʻsha munosabat va “Ona tilim” deb nomlangan sheʼrimni havola etayapman.

Qonun ijrosi bilan kuchli

Yurtimizda “Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili toʻgʻrisida”gi qonuni ijrosiga yoʻnaltirilgan yangi qonun loyihasi keng muhokama qilinayotgani bizni quvontiradi. Bu ham fuqarolarimizning faollashib borayotganidan dalolatdir. Lekin ayrim gʻarazgoʻy kimsalarning noxolis yondashuvlari kishini oʻylantirib qoʻyadi. Nega ular tirnoq ostidan kir izlashayapti?

Misol uchun, Vesti.uz saytining “V Uzbekistane xotyat shtrafovat za yazыk Pushkina” sarlavhali chiqishini olaylik. Avvalo, sarlavhaning oʻzi bu munosabat kimning manfaati uchun yozilganini koʻrsatib turibdi. Oʻzbekiston – koʻp millatli davlat. Agar yuqoridagi qitmir chiqish adolatli boʻlganida, Balzak, Hyote, Shevchenko, Abay, Rudakiy, Fuzuliy, Kolas kabi yuzdan oshiq millat oydinlari tilida gapirganlik uchun jarima qoʻllanilayapti, deb ayuhannos solsak yarashardi. Nega faqat Pushkin (yaxshiyam arabning shu oʻgʻloni dunyoga kelgan ekan) tiliga urgʻu berilayapti? Bir vaqtlar yoʻqsillar inqilobining yoʻlboshchisi Lenin (Lenin)aytganidek, shovinizm kayfiyati ayrimlarning qon-qoniga singib ketgan. Ular oʻzidan boshqani, mustaqil davlatlarni koʻra olmaydi. Mustaqil davlatlarda koʻp tillilikni targʻib qilayotganlar “Bobil minorasi” haqidagi afsonani bilmaydilar yoki judayam yaxshi biladilar!

Bugun Rossiyaga ish istab borgan yurtdoshlarimizdan u yerda, eng avvalo, davlat tilini yaxshi bilish talab qilinayapti. Bu talab mening nazarimda juda toʻgʻri, adolatli va bu fikrimni boshqa oʻzbek ziyolilari ham qoʻllab-quvvatlaydi deb ishonaman. Chunki biz qonun hamma yerda barobar boʻlishi tarafdorimiz. Qolaversa, har qanday qonun ijrosi bilan kuchli!

Shu oʻrinda yana bir mulohazamni aytib oʻtmoqchiman. Biz oʻzbeklar sharqona odobimiz, mehr-oqibatimiz, bagʻrikengligimiz bilan dunyoga tanilganmiz. Buni hech kim inkor etolmaydi. Oʻtgan yili Novosibirskda oʻtgan kitob festivali doirasida Oʻzbekistonda salkam toʻqson yildan buyon chop etib kelinayotgan “Zvezda Vostoka” jurnali taqdimotini oʻtkazgan edik. Oʻshanda turli millat vakillari, jumladan, ruslar ham sobiq ittifoq davrida MDH davlatlarining hammasida shunday jurnallar nashr etilganini, afsuski, ularning aksariyati hozir tugatilib ketganini taʼkidlashdi. Shu kunlarda hatto Moskvada ham bu turdagi jurnallar adadi mingdan oshmayotgan bir paytda “Zvezda Vostoka” 1000-2000 nusxa atrofida chiqayotganini eshitib, hayratdan chapak chalib yuborishdi. Men nega buni eslayapman? Fursatdan foydalanib, yangi qonun ijrosini taʼminlashga qaratilgan yana bir ezgu ishni boshlasak. Unga koʻra, oʻzbek tilini astoydil oʻrganishni istagan vatandoshlarimiz va mehnat qilishga kelgan xorijlik ishchilar uchun imtiyozli oʻquv kurslari faoliyatini yoʻlga qoʻyishni davlat oʻz zimmasiga olsin! Oʻylaymanki, bu tashabbus ogʻziga kuchi yetmaganlarning gap-soʻzlariga yetarlicha javob boʻladi va aslida kimning kim ekanini koʻrsatadi.

Ona tilim

Ulkan handalakday zamin bagʻrida

Handalak tarxiday oh tilim-tilim –
Nuhning toʻfonidan, balki naridan
Qalqib kelayotgan, ey turkiy tilim!

Urholar yangragan olis safarning
Zahmati, shavkati tojdir boshlarda,
Yashashga kafolat harbu zarblarning
Shonli muhri qolgan bitiktoshlarda.

Turon darj etilgan tarix xatida!
Ammo bu gapimga gumrohlar kular:
Nainki, Chin-Mochin, ummon ortida
Aks sado bergandi, desam, turkular!..

Quyoshni orqalab olgan sher yangligʻ
Zabt etding mardona kurrai arzni.
Istading va olding, boʻlmadi tangligʻ,
Bir olsang, oʻn qilib toʻlading qarzni.

Lugʻat-bisotingni yoysang, albatta,
Molini taniydi arab, rus, tojik...
Bu soʻzlar farovon, obod davlatda
Fuqarolik olgan sodiq xorijlik.

Dunyoning toshqin soy, daryolaridan
Simirib, muhtasham dengiz boʻlolding.
Hazrat Navoiyning jilolaridan
Nazmu navoda ham tengsiz boʻlolding.

Tengsizsan, mengzasam ulkan ogʻochga,
Har tomon boʻy choʻzgan oʻnlab shoxlaring.
Har biri bir daraxt! Ildizdan qochgan...
Yeru koʻkka sigʻmas baʼzan ohlaring.

Lovullab yonadir buyuk xotirot,
Zimiston qaʼrida qolmagay navo.
Orzular soʻngsizdir, sen-da barhayot,
Moziyni uygʻotgan abadiy sado!

Ulkan handalakday zamin bagʻrida
Handalak tarxiday oh tilim-tilim.
Nuhning toʻfonidan, balki naridan
Omon kelayotgan, ey ona tilim!

Sirojiddin RAUF,

“Adolat” SDP siyosiy kengashi aʼzosi,

“Sharq yulduzi” va “Zvezda Vostoka”

jurnallari bosh muharriri.


4 590
O'zA