Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.03.2017 12:50 Chop etish versiyasi

Dolzarb muammoning sahnadagi talqini

Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatrida yosh dramaturg Sardor Hamroyevning “Oqpadar” dramasi asosida sahnalashtirilgan spektakl premyerasi bo‘lib o‘tdi.

...Ota yakka-yu yagona o‘g‘lini “oq” qildi. Chunki noshukur o‘g‘il o‘z Vataniga, ota-onasi, oilasiga xiyonat qildi. U uyushgan jinoiy terrorchilar guruhiga qo‘shildi. Qo‘lini qonga botirdi. Vatanfurushlar, jihodchilarga qo‘shilgan Asror o‘nlab begunoh insonlar umriga zomin bo‘ldi. Noqobil, sotqin o‘g‘il qilmishiga yarasha jazosini oldi. Ammo otaning qaddi bukildi, el orasidagi mavqei, obro‘yi to‘kildi, yuzi shuvit bo‘ldi…

– Drama asrimizning eng og‘riqli muammolaridan biri, butun insoniyat kelajagi, taraqqiyotiga xavf solayotgan terrorizm va uning dahshatli oqibatlari haqida, – deydi asarni sahnaga qo‘ygan teatr bosh rejissyori Habibullo Abdullayev. – Unda yoshlarni turli hiylalar bilan o‘z domiga ilintirayotgan uyushgan guruhning jinoiy faoliyati fosh etiladi. Bu jarayonda pyesa qahramonlari bo‘lgan yosh zamondoshlarimiz og‘ir sinovlarga, hatto og‘ir yo‘qotishlarga duch keladi. Hayotiy obrazlar, bugungi davr voqeligi aks etgan drama tomoshabinlarni, butun xalqimizni ogohlikka, hushyorlikka chorlaydi. Zero, terrorizmga qarshi kurashish barchaning vazifasidir.

Spektakldagi asosiy rollarni teatrning tajribali va yosh aktyorlari T.Xalilov, U.Tillayev, J.Ahmatov, Q.Rasulov, R.Niyozov, O‘.Ochilov, N.Salimov ijro etmoqda.

G‘olib Hasanov, O‘zA
241






Все о погоде - Pogoda.uz