Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.02.2017 16:44 Chop etish versiyasi

Do‘stlik va hamkorlik namoyishi

Do‘stlik va hamkorlik namoyishi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi O‘sh davlat o‘zbek musiqali akademik drama teatri jamoasi ijodiy safar bilan Farg‘ona viloyatida bo‘ldi.

Teatr jamoasi viloyatda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Farg‘ona shahridagi diqqatga sazovor joylar, suv sporti saroyi, “Istiqlol” stadioni kabi yangi barpo etilgan inshootlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Farg‘ona san’at kollejida bo‘lib o‘tgan uchrashuv samimiy muloqotga boy bo‘ldi. Mazkur san’at maskanida tahsil olayotgan 495 yigit-qiz 7 yo‘nalishda milliy va jahon san’atini o‘rganmoqda. Kollej o‘quvchilari orasida mamlakatimiz va xalqaro tanlovlarda sovrindor bo‘lganlar bor. Teatr ijodiy jamoasi repertuaridan joy olgan sahna asarlari, kelgusidagi ijodiy rejalar haqida yoshlarga ma’lumot berildi. Do‘stlik, tinchlik, Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.

– Mazkur ijodiy safar bizga unutilmas lahzalarni baxsh etdi, – deydi O‘sh davlat o‘zbek musiqali akademik drama teatri direktori o‘rinbosari Idris Ayitbayev. – Farg‘ona viloyatidagi o‘zgarishlar, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari havasimizni uyg‘otdi. Bularning barchasi O‘zbekistondagi tinchlik va osoyishtalik samarasidir. Ijodiy jamoamiz namoyish etgan spektaklni muxlislar katta xursandchilik bilan kutib olganidan mamnunmiz. Bunday uchrashuvlar ijodkorlarga ilhom bag‘ishlaydi.

Farg‘ona viloyatida qirg‘iz milliy madaniy markazi samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Uning qoshida tashkil etilgan “Suluv qiz” ansambli milliy urf-odat va qadriyatlarni keng targ‘ib etib kelayotir.

Islom Karimov nomidagi Teatr-konsert saroyida O‘sh teatr jamoasining Jalil Siddiqov asari asosida sahnalashtirilgan “Ayko‘l Manas” spektakli namoyish etildi.

Nabijon Mamajonov tomonidan sahnalashtirilgan mazkur spektakl aktyorlarning mohirona ijrosi, dekoratsiyaning tarixiy manbalar asosida yaratilgani, musiqaning voqelikka uyg‘unlashuvi bilan tomoshabinlar olqishini qozondi. Manas obrazini yaratgan Akmalxon Arslonxonov uning ichki dunyosi, falsafiy qarashlari, botirligi kabi fazilatlarini maromiga yetkazib ijro etgan.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Ikromov, Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.Razakov ishtirok etdi.

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA
2 075






Все о погоде - Pogoda.uz