O‘zA O`zbek

18.04.2019 Chop etish versiyasi

Doʻstlik, mehr va hamjihatlik bayrami

Doʻstlik, mehr va hamjihatlik bayrami
Oʻzbekiston rus milliy madaniyat markazi tashkil etilganining 25 yilligiga

Yurtimizda Oʻzbekiston rus milliy madaniyat markazi tashkil etilganining 25 yilligi keng nishonlanmoqda. Bu chin maʼnoda doʻstlik, hamjihatlik, ahillik bayramiga aylanib ketdi. 

Poytaxtimizdagi “Xalqlar doʻstligi” saroyi oldidagi maydon har qachongidan ham gavjum. Zero, ushbu muhtasham saroy doʻstligimiz, hamjihatligimizning oʻziga xos timsolidir. Ikkinchi jahon urushi yillarida turli millatga mansub oʻgʻil-qizlarni oʻz farzandidek bagʻriga olgan toshkentlik temirchi Shoahmad Shomahmudovlar oilasining maʼnaviy jasoratiga bagʻishlangan haykal aslida butun oʻzbekistonliklarning matonati, mehridaryoligi, sofdilligiga qoʻyilgan yodgorlik, desak mubolagʻa boʻlmaydi. 

Oʻzbekiston rus milliy madaniyat markazi tashkil etilgan kun munosabati bilan yurtimizda keng nishonlanayotgan tadbir ishtirokchilari 18 aprel kuni mazkur haykal poyiga gullar qoʻydilar.

3-faqat saytga.JPG

“Xalqlar doʻstligi” saroyida sana munosabati bilan tantanali yigʻilish boʻlib oʻtdi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi R.Qosimov, Rossiya Federatsiyasining yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi V.Tyurdenev mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev hamda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin tashabbusi bilan izchil ravnaq topayotganini taʼkidladi. 

Ijtimoiy barqarorlik, milliy va diniy konfessiyalar oʻrtasida oʻzaro totuvlik va ahillikni, hamjihatlikni taʼminlash, jamiyatimizda tinchlik va osoyishtalikni asrab-avaylashga qaratilgan uzoqni koʻzlovchi oqilona siyosat Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar muvaffaqiyatida ustuvor oʻrin egallashi taʼkidlandi. 

Oʻzbekiston va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi oʻzaro ishonch, hurmatga asoslangan aloqalar keyingi yillarda sifat jihatdan yanada yuksak bosqichga chiqdi. Bu hamkorlik siyosiy-ijtimoiy sohalar bilan birga ishlab chiqarish, innovatsion texnologiyalar, taʼlim, tibbiyot, madaniyat va sanʼat, ilm-fan yoʻnalishlarida yanada yorqinroq namoyon boʻlmoqda. 1994 yilda tashkil etilgan Oʻzbekiston rus milliy madaniyat markazi Oʻzbekiston va Rossiya xalqlari oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlashga munosib hissa qoʻshmoqda.

Markaz va uning yurtimiz hududlaridagi boʻlinmalari Navroʻz, Mustaqillik, Xotira va qadrlash, Konstitutsiya kuni kabi umummilliy bayramlarning, “Oʻzbekiston – umumiy uyimiz” doʻstlik festivalining doimiy qatnashchisi. Ushbu tuzilma tomonidan turli tashkilotlar bilan birgalikda oʻtkaziluvchi Aleksandr Pushkin, Mixail Lermontov, Lev Tolstoy, Fyodor Dostoyevskiy, Anna Axmatova, Sergey Yesenin kabi rus shoir va yozuvchilari ijodiga bagʻishlangan tadbirlar yurtimiz adabiy hayotida alohida oʻrin egallaydi. “Teatr bahori”, “Yangra, garmon” festivallari, milliy “Maslenitsa” bayrami, “Romansiada kechasi” musiqiy oqshomlari sanʼat ixlosmandlariga yaxshi tanish. Markaz qoshidagi toʻgaraklar oʻzbek tili va anʼanalarini oʻrganishda alohida ahamiyat kasb etsa, “Tabassum” bolalar raqs jamoasi, “Qaldirgʻoch” badiiy studiyasi, “Kuylayotgan yuraklar” xor jamoasi turli tanlovlarda ishtirok etib keladi. 

7-faqat saytga.JPG

– Oʻzbekiston gʻoyat bagʻrikeng, quyoshli diyor, – deydi Rossiyadagi “Moskovskiy Dom sootechestvennika” davlat muassasasi direktori Pyotr Gladkov. – Bu yerga kelayotganimda bir shoir doʻstim ham Oʻzbekistonga kelishga juda orzumand ekanini hayajon bilan aytdi. Negaki, uning onasi 1941-1945 yillarda minglab goʻdaklar, mehrga zor odamlar kabi Oʻzbekistondan boshpana, oʻzbek oilasidan mehr va eʼtibor topgan ekan. Darvoqe, doʻstimning onasi hozir ham hayot. 91 yoshda umrguzaronlik qilmoqda. Hanuz bu diyordan yaxshilik koʻrgan qancha-qancha odamlar oʻzbek xalqining mardligini minnatdorlik bilan yod etadi. Bu yerdagi samimiy, mehrga toʻla muhit Oʻzbekistonning tabarruk tuprogʻiga qadam qoʻygan har bir insonning qalbiga koʻchishi shubhasiz. 

– Men shu zaminda voyaga yetdim, – deydi Oʻzbekiston xalq artisti, taniqli suxandon Galina Melnikova. – Oʻzimni Oʻzbekiston farzandi, Sharq ayoli deb sanayman. Yurtimizdagi tinch va totuv, osoyishta muhitga barcha havas qiladi. Rus milliy madaniyat markazi tashkil etilganining 25 yilligi shunday ajoyib, quyoshli kunlarga toʻgʻri kelgani, gʻoyat koʻtarinki va bayramona ruhda oʻtayotganidan barcha shod.

Oʻzbekiston rus milliy madaniyat markazi tashkil etilganining chorak asrlik toʻyi munosabati bilan yurtimizga tashrif buyurgan rossiyalik mehmonlar Toshkent shahridagi Yesenin uy-muzeyi faoliyati bilan tanishdi. Ular eʼtiboriga Oʻzbekiston davlat akademik rus drama teatrining spektakli havola etildi. Yozuvchilar uyushmasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamkorligida nashr etilgan 100 tomdan iborat “Rus adabiyotining durdonalari” kitobi taqdimoti adabiyot muxlislari uchun rostmana sovgʻa boʻldi. 

Toshkent Fotosuratlar uyida tashkil etilgan koʻrgazma yurtimizda turli millat vakillarining emin-erkin ijod qilishi uchun zarur barcha imkoniyatlar yaratilganini yana bir karra tasdiqladi. Koʻrgazmaga kelgan ishtirokchilarning qay biri rossiyalik, kim oʻzbekistonlik ekanini deyarli farqlab ham boʻlmasdi. Ona diyorimizda ijod qilayotgan koʻplab millat vakillarining asarlarini ularning Oʻzbekistonga boʻlgan mehri va ehtiromi namunasi, desak yanglishmaymiz. Koʻrgazma doirasida Rus milliy madaniyat markazi faoliyatiga munosib hissa qoʻshayotgan bir guruh hamyurtlarimiz taqdirlandi. 

...“Xalqlar doʻstligi” saroyining muhtasham sahnasida Oʻzbekiston va Rossiya sanʼat ustalari, badiiy jamoalari, milliy madaniyat markazlarning ansambllari ishtirokidagi gala-konsert doʻstlik bayramiga yanada koʻtarinkilik, joʻshqin ruh bagʻishladi. 

11.JPG

15.JPG

20.JPG

24.JPG

34.JPG

2 724
Nazokat Usmonova, OʻzA