O‘zA O`zbek

23.07.2019 23:00 Chop etish versiyasi

DAVRU DAVRON

DAVRU DAVRON

(Mavlono Lutfiy gʻazaliga1 muxammas)

Ey shohijahon siz hama sulton orasinda,

Bundoq behisht yoʻq yeru osmon orasinda,

Haqdin keladir barchasi farmon orasinda,

Ey toj iyasi2 nasli Temurxon orasinda,

Sizga yarashur taxt bu davron orasinda.

El-yurt bu zamon saltanatu ahdqa loyiq,

Har azmu shijoat bila har jahdqa loyiq,

Bormu bu ulusdek karamu baxtqa loyiq,

Sultoni ulul-amr dagʻi taxtqa loyiq,

Sizsiz bu kun Eron dagʻi turon orasinda.

Evrulmadi gar bizga goh charx ramuzi,

Rost keldi lek toleni yuzi bila koʻzi,

Davlat kuchayib, el kuchayib, qoʻllasa Oʻzi,

Ilyosu Xizrdek cherigingiz3 qulavuzi4,

Arvohu malak ham dagʻi inson orasinda.

Siz el sharafiga sharaf-ul-shaʼn erursiz,

Avzoyini olamni ki har on koʻrursiz,

Ogohdurursizki mudom – shohdurursiz,

Iskandar eshitsaki oning sori yurursiz,

Jon bergay otosi kibi uchon5 orasinda.

Siz xalq nigohbonisizu baxt iligi,

El ravnaqiyu fazlu farovonchiligi,

Igʻvoyu nizo ichra erur dahr beshigi,

Chun sizga madadkordurur gʻayb cherigi,

Dushman bari goʻy boʻlgʻusi maydon orasinda.

Gar mehnatu zahmat aro goh tolursiz,

Ketgay bari lek yurtga bir razm solursiz,

To bor ekandir shu Vatan – siz qolursiz,

Siz Misrgʻa degru6 chu bilurlarki, olursiz,

Yusuf ilidur7 kulbai ahzon orasinda.

Davlat ila tole aziz boshdagi qushtur,

Ranjlarki chekdik bari roʻyo ila tushtur,

Bu davr na davrondiru, davron na xushtur,

Lutfiy yemagil gʻam goʻsha iqboli oʻkushtur8,

Koʻrgaybiz oʻzimizni Xuroson orasinda.

Sirojiddin SAYYID,

Oʻzbekiston xalq shoiri

-----------------------------------------------------------

1 Mavlono Lutfiyning mazkur gʻazali Sohibqiron Amir Temurning nevarasi, Shohruh Mirzoning oʻgʻli, Hirot hukmdori Boysungʻur Mirzo bagʻishlangan.

2 Iya – ega, sohib.

3 Cherik – lashkar, armiya.

4 Qulavuz – yetakchi, yoʻlboshchi.

5 Uchon, ujon – ikki yelkanli kema.

6 Degru, tegru – ...gacha, ...qadar.

7 Ili, ilik – qoʻli, qoʻl.

8 Oʻkush – koʻp, ancha, talay.


O'zA
6 017