O‘zA O`zbek

09.10.2019 Chop etish versiyasi

Davrimizning musiqiy sadolari

Davrimizning musiqiy sadolari

Poytaxtimizda “Davr sadolari – 2019“ musiqa festivali boshlandi. Mazkur ijodiy loyiha Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi, Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Kompozitorlar va bastakorlar uyushmasi raisi Rustam Abdullayev va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan milliy sanʼatimizni rivojlantirish borasida boshlab berilgan tashabbuslar yangi-yangi ijodiy loyihalar, qiziqarli maʼrifiy gʻoyalarga turtki berayotganini taʼkidladi.

“Davr sadolari – 2019“ musiqa festivalidan koʻzlangan asosiy maqsad yurtimiz bastakorlarining soʻnggi yillardagi ijod namunalari bilan ixlosmandlarni tanishtirish, musiqashunoslarning muxlislar bilan uchrashuvlari, muloqotiga keng yoʻl ochish, joylardagi musiqaga ixtisoslashtirilgan bilim maskanlari faoliyati bilan yaqindan tanishish, yangi-yangi isteʼdodlarni kashf etishdir.

Festival davomida sanʼat fidoyilari bilan uchrashuvlar, muloqotlar, ijodiy kechalar, yangi asarlarning taqdimoti, konsertlar boʻlib oʻtishi koʻzda tutilgan. Shu bilan birga yurtimiz bastakorlari turli hududlardagi bolalar musiqa va sanʼat maktablari, ixtisoslashtirilgan oʻquv dargohlari, oliy taʼlim maskanlarida boʻlib, yoshlar uchun mahorat saboqlarini tashkil etadi.

Bir qator teatrlarda yangi musiqiy spektakllarning taqdimoti boʻlib oʻtadi. Turli ijodiy tanlovlar festivalga yanada jozibadorlik bagʻishlaydi. “Davr sadolari –2019“ musiqiy festivali dekabr oyiga qadar davom etadi.

688
N.USMONOVA, OʻzA