O‘zA O`zbek

17.09.2020 Chop etish versiyasi

Choʻlpon ijodi – yoshlar nigohida

Choʻlpon ijodi – yoshlar nigohida

Poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida “Abdulhamid Choʻlpon ijodi – yoshlar nigohida” mavzuida maʼrifat darsi oʻtkazildi. Unda taniqli yozuvchi va shoirlar, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi rahbariyati, ustoz-murabbiylar hamda kursantlar ishtirok etdi.

Adabiy kechada Abdulhamid Choʻlponning oʻzbek adabiyotida tutgan oʻrni, boy merosi, mustaqillik yillari adib ijodini oʻrganish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼruzalar tinglandi.

– Adabiyotni oʻrganish milliy oʻzlikni anglash, maʼnaviyatni yuksaltirishga xizmat qiladi, – dedi taʼlim muassasasi boshligʻining oʻrinbosari, polkovnik Alisher Abdullayev. – Mustaqillikka erishganimizdan soʻng oʻzbek adabiyoti namoyandalarining hayoti va ijodiga boʻlgan eʼtibor yana-da kuchaydi. Maʼrifatparvar adib Abdulhamid Choʻlpon sheʼriyatida yurtga muhabbat va sadoqat, mustamlaka zulmiga nafrat, xalqning milliy ongini yuksaltirish kabi gʻoyalar yuksak mahorat bilan qalamga olingan. Shu maʼnoda barkamol avlod taʼlim-tarbiyasida adib ijodining oʻziga xos ahamiyati bor.

Taʼkidlab oʻtilganidek, Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan xiyobon bugun chinakam maʼrifat va madaniyat maskaniga aylandi. Ushbu goʻshada oʻtkazilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻzbek adabiyoti vakillarining boy merosi va ibratli umr yoʻlini oʻrganish hamda yoshlar orasida targʻib etishga turtki bermoqda. Ezgu ishlar samarasi oʻlaroq, navqiron oʻgʻil-qizlar orasidan oʻzbek sheʼriyati davomchilari, yangi-yangi isteʼdod egalari yetishib chiqmoqda.

– Akademiyada Choʻlpon hayoti va ijodini oʻrganish maqsadida koʻrik-tanlovlar, mushoira va adabiy kechalar muntazam oʻtkazilyapti, – dedi 2-bosqich kursanti Maftuna Neʼmatova. – Ayniqsa, adib nomidagi stipendiyaning taʼsis etilgani biz, yoshlar uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochdi. Bugungi tadbirda buyuk bobokalonimiz ijodini yodga olish bilan birga, poytaxtimizdagi oliy oʻquv yurtlarida taʼlim olayotgan tengdoshlarimiz bilan ijodiy muloqot qildik.

Tadbirda iqtidorli kursantlar shoir hayotining soʻnggi kunlari haqida tayyorlagan sahna koʻrinishini namoyish etdi. Choʻlpon sheʼlaridan yod aytilib, adib haykali poyiga gullar qoʻyildi. Adabiy kecha xiyobonda qad rostlagan Toshkent tarixi muzeyida davom etdi. Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilgan ushbu zamonaviy maskan koʻhna kentning buyuk oʻtimishini oʻzida mujassam etgan, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Muzeydan oʻrin olgan tarixiy ashyolar, sanʼat asarlari namunalari va boshqa osori-atiqalar kursantlarda katta taassurot qoldirdi.

Jamshid XOLOV,
katta leytenant

11 005
O'zA