O‘zA O`zbek

08.10.2019 Chop etish versiyasi

Chinozlik yosh musiqachilar xalqaro tanlovda gʻolib boʻldi

Chinozlik yosh musiqachilar xalqaro tanlovda gʻolib boʻldi

Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi 14-bolalar musiqa va sanʼat maktabining bir guruh oʻquvchilari Sankt-Peterburg shahrida oʻtkazilgan xalqaro musiqa tanlovida gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.

Viloyat hokimligi axborot xizmati maʼlumotiga koʻra, Chinoz tumanidagi mazkur muassasa viloyatda musiqa va sanʼat yoʻnalishi boʻyicha yetakchi maktablardan biri hisoblanadi.

Joriy yilning 1-5-may kunlarni Fransiyaning Kann shahrida oʻtkazilgan xalqaro musiqa tanlovida ushbu maktabning 5 nafar oʻquvchisi qatnashib, 4 nafari oʻz yoʻnalishi boʻyicha birinchi, faqatgina bir nafari ikkinchi oʻrinni egallagan edi.

1-6-oktyabr kunlari Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida ushbu tanlovning davomi sifatida oʻtkazilgan super finalda ham maktab oʻquvchilari muvaffaqiyatli ishtirok etib, gʻolib va sovrindorlar qatoridan oʻrin egalladi. Jumladan, 9 yoshli Firdavs Yusupov akademik vokal yoʻnalishi boʻyicha 79 nafar ijrochi orasidan faxrli birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Shuningdek, 13 yoshli Shahlo Oʻrinboyeva anʼanaviy dutor yoʻnalishi boʻyicha, 14 yoshli Elyorjon Tolibjonov esa maqom xonandaligi boʻyicha birinchi oʻringa sazovor boʻldi. Elyorjon maqom xonandaligi boʻyicha tengsiz boʻlishi bilan bir qatorda, tanlovning eng yaxshi xalq qoʻshiqlari ijrochisi sifatida alohida diplom bilan ham taqdirlandi. Yana bir yosh isteʼdod sohibasi – 13 yoshli Sevaraxon Dadonova akkordeon mutaxassisligi boʻyicha qatnashib, ikkinchi oʻrinni egalladi.

751
Avazbek XUDOYQULOV, OʻzA