O‘zA O`zbek

15.10.2018 Chop etish versiyasi

Chingiz Aytmatov haqida ikki yangi kitob

Har bir inson adabiyotga oshno boʻlsa, uning qalbida zarracha yomon illatlar boʻy koʻrsatmaydi. Ezgulik sabab, bu koʻhna dunyo taraqqiyot sari yuz tutadi. Adabiy shakllanuvning davomiyligi esa millat obroʻsini osmon qadar yuksaltiradi. Kishilik jamiyatida olomonlashuvning oldini oladi. Haqiqiy adabiyotning vazifasi ham shu: inson qalbini pok asrashdir. Xuddi shunday oliy maqsadlar yoʻlida hayotini tikkan insoniyatning yirik shaxslari boʻlganligini yodga olib, ularni xotirlab turish eng muqaddas burchimizdir.

Yigirmanchi asrning mashhur yozuvchisi, buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov nafaqat qirgʻiz eli, ayni paytda, butun turkiy mamlakatlar, jumladan, oʻzbek xalqi uchun ham aziz va qadrli siymo edi. Adib mintaqamiz tinchligi va osoyishtaligi, uning kelajagi va ravnaqi, xalqlarimiz oʻrtasida doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlash, ularni turli ziddiyat va qarama qarshiliklardan asrash yoʻlida fidokorona faoliyat olib bordi. 

Ijodkor adolat va haqiqat kuychisi sifatida xalqlarimizning shaʼni va obroʻ-eʼtiborini katta minbarlardan turib mardona himoya qilganligi bilan ham yuraklarimizdan joy olgan. Uning adabiyot va millat oldidagi xizmatlari munosib baholanib, mustaqillik yillarida davlatimiz tomonidan “Doʻstlik” va “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlandi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 2-apreldagi “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori yozuvchining shaxsi, uning ijodiy merosi bilan bir qatorda, qardosh qirgʻiz xalqiga ham boʻlgan chuqur hurmat namunasi deyish mumkin. 

Ushbu qarordan kelib chiqib, koʻp yillardan buyon mashhur yozuvchi ijodi, ijtimoiy-siyosiy faoliyatini oʻrganib kelayotgan taniqli publitsist-adib Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti dotsenti Ahmadjon Meliboyev adib tavalludining 90 yilligi arafasida oʻzining “Chingiz Aytmatov: Davr, Inson, Haqiqat” va “Chingiz Aytmatov va Oʻzbekiston” nomli kitoblarini nashr ettirdi.
 
photo5343851271381166519.jpg
“Chingiz Aytmatov: Davr, Inson, Haqiqat” kitobida yozuvchi qalamiga mansub hikoya, roman va qissalar, chuqur mushohadali badiiy, ijtimoiy publitsistik maqolalar, nufuzli anjumanlardagi magʻzi toʻq, maʼnaviy yuki salmoqli maʼruzalari Ahmadjon Meliboyevning uzoq yillik izlanishlari asosida juda chuqur tahlil qilingan. 

Chingiz Aytmatovning 55 yil burungi qirgʻiz yozuvchilarining respublika qurultoyida soʻzlagan nutqida kuyunchaklik bilan yoshlarga yanada yangilanishlarga talpinib yashash zarurligini uqtirib, jumladan, shunday deydi: “Siz yoshlar, shuni bilinglarki, jamiyat va adabiyot sizlarning oldingizga qoʻyayotgan bugungi vazifalar, adabiyotimizning katta avlodi oldida bir vaqtlar turgan vazifalardan farq qiladi. Biz bugun tarixning shu choqqa qadar yurilmagan yoʻllaridan ham yurmoqdamiz. Jamiyat, ijtimoiy hayot, adabiyot oʻsib, rivojlanib bormoqda. Shunday ekan, sizlarga katta ustozlaringiz bosib oʻtgan ijod yoʻlidan koʻra murakkabroq yoʻllarni bosib oʻtishga toʻgʻri keladi...” Bugungi yosh ijodkorlar oldida ham xuddi shunday savol koʻndalang turibdi. 

photo5343851271381166518.jpg
A.Meliboyevning “Chingiz Aytmatov: Davr, Inson, Haqiqat” kitobi Chingiz Aytmatov ijodiy olami tomon sayohatga yetaklaydi. 

Davr mashaqqatlari ijodkor ziyolilarning, davlat va jamoat arboblarining hayoti va ijodida oʻz aksini koʻrsatadi. Inson bir jamiyatda yashar ekan qaysi sohada faoliyat yuritmasin gʻoyaviy-siyosiy chiniqish maktabini oʻtaydi. Ammo Ch.Aytmatovdek chinakam publitsist jamiyatdagi mavjud ogʻriqli nuqtalarga shunchaki befarq boʻlib oʻtib keta olmasdi. Bong uradi, halovatini yoʻqotadi, kerak boʻlsa, fidoyilik qiladi. Mazkur kitobda Ch.Aytmatovning ana shunday feʼl-atvori, ijodi, murakkab turmush tarziga munosabati xususida soʻz borgan. 

Shuningdek, Ahmadjon Meliboyev toʻplab nashrga tayyorlagan “Chingiz Aytmatov va Oʻzbekiston” nomli xotira kitobi oʻquvchida ulugʻ ijodkorning butun hayotiga turli nuqtalardan berilgan baho, gʻoyatda qadrli samimiy, jindak tahliliy qarashlarni oʻz ichiga qamragan chizginomalardan iboratdir. 

Ozod Sharafiddinovning “Insoniyatning buyuk vakili”, Odil Yoqubovning “Adib va chin inson”, Abdulla Oripovning “Maʼnaviy dardoshlik” va Akmal Saidovning “Chingiz Aytmatov – diplomat” kabi koʻplab ijodkorlarimizning yodnomalari toʻplamdan oʻrin olgan. 

Mazkur toʻplamda buyuk adibning ijod maydoniga kirib kelishi, Markaziy Osiyo, butun Sharq xalqlari adabiyoti va sanʼatini tubdan yangilash, chinakam xalqchil, progressiv, jahonning yuksak darajada rivojlangan adabiyotlari qatoriga qoʻshish yoʻlidagi mehnati, orzu niyatlari haqida xotirlanadi. 

Gʻaybulla as-Salomning ushbu kitobda keltirilgan xotiralarida: “Chingiz Aytmatovning ijodi yangicha tafakkur tarzining samarasi oʻlaroq, oʻziga nisbatan ongli munosabat, idrok, saviya va yuksak madaniyat sohibi boʻlishni talab etadi”, deydi. Adib asarlariga shunchaki yondashib boʻlmaydi. Asarlarda qahr va muhabbat, visol va hijron, sogʻinch va oʻkinch tuygʻulari bir-biri bilan murakkab bir tarzda, tasdiq va inkor, eʼtirof va eʼtiroz shakllarida koʻrinadi. Baʼzan oddiygina, joʻn kabi koʻringan tasvirlarda ham katta falsafa va hikmat yotadi. 

Kitobda oʻzbek adabiyoti va adiblarining qardosh xalqlar ijodkor ziyolilari bilan yaqin hamkorlik rishtalari, adabiy kechalarning uyushtirilgani, ularning bir-biriga samimiy, doʻstona munosabati, kezi kelganda tanqidiy baholari xususida ham xotiralar bayon etilgan. Zero, Chingiz Aytmatov oʻzbek yozuvchilari ijodiga, oʻzbek adabiyotiga bevosita va bilvosita taʼsir koʻrsatgan adiblardan biridir. Adib oʻzbek xalqi, adabiyot ixlosmandlari uchun nihoyatda qadrli va sevimli. Uning asarlarini qayta-qayta oʻqish oʻquvchiga yangicha yondashuv va oʻziga xos jihatlarni namoyon qilaveradi. Ammo bu inson haqida toʻliq va yetarlicha maʼlumotga ega emasmiz. Mazkur kitob esa bizga adib hayoti, ijodi, uning jasorati, fidoyiligi, adabiyotga qoʻshgan hissasi, boy madaniy merosi xususida soʻzlovchi yirik manbalardan biridir. 

Bu ikki kitob, oʻzbek kitobxonlariga Chingiz Aytmatovdek buyuk adibning ijodi barhayot ekanligini anglatib turadi. 

5 637
OʻzA