Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.02.2017 16:16 Chop etish versiyasi

Buyuk shoirga ehtirom

Mutafakkir shoir Alisher Navoiy bobomiz tavalludi kuni munosabati bilan yurtimizning turli go‘shalarida adabiy-badiiy uchrashuvlar, she’riyat kechalari o‘tkazilayotir.

G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i va Toshkent yuridik kolleji hamkorligida tashkil etilgan tadbir “Buyuk Navoiyga ehtirom” deb nomlandi. Unda adabiyotshunos va tilshunos olimlar, shoir va yozuvchilar, madaniyat va san’at namoyandalari, o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston xalq artisti Z.Suyunova, Toshkent yuridik kolleji direktori N.Temirova va boshqalar mamlakatimizda milliy merosimizni tiklash, xususan, buyuk ajdodlarimiz Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodini o‘rganish, ularning insonparvarlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan asarlari mazmun-mohiyatini yosh avlod ongiga chuqur singdirish, ularni vatanparvarlik va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Tadbirda Alisher Navoiy asarlarining yoshlar ta’lim-tarbiyasidagi o‘rni, ularda ilgari surilgan sharqona odob, ibo, mardlik va jasorat, el-yurtga sadoqat, ota-onaga hurmat, muhabbat g‘oyalari nechog‘lik ahamiyatli ekanligi borasida so‘z bordi.

– Milliy adabiyotimizning yirik namoyandasi Alisher Navoiy ijodini, u qoldirgan boy adabiy merosni o‘qib-o‘rganish, yoshlar qalbiga teran singdirib borish maqsadida adabiyot darslaridan tashqari, "Yosh ijodkor", "Nihol", "Sahna nutqi va drama" to‘garaklari faoliyatiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi kollej o‘qituvchisi Manzura Ahmedova. – Navoiyning ulkan xazinasidan yoshlarni har qancha bahramand etsak-da, oz. Sababi, shoir o‘z asarlarida tarannum etgan insonparvarlik, adolat, yurt ravnaqi, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro hamjihatlik, bag‘rikenglik, saxovat, mehr-muruvvat, ota-onaga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, muhtojlarga muruvvatli bo‘lish, yoshlarni har jihatdan komil inson etib voyaga yetkazish kabi hayotbaxsh g‘oyalar yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Navoiy g‘azallari bilan kuylangan qo‘shiqlar kechaga yanada zavq bag‘ishladi. Ulug‘ shoir ijodiga oid ma’ruzalar o‘qildi, sahna ko‘rinishlari asosida mushoira va bahru bayt tashkil etildi.

Azima Qiyosova, O‘zA
1 033






Все о погоде - Pogoda.uz