Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.09.2017 20:41 Chop etish versiyasi

Buxoroda "Buxoro hunarmandlari” festivali bo‘lib o‘tdi

Buxoroda "Buxoro hunarmandlari” festivali bo‘lib o‘tdi Prezidentimizning 2017-yil 19-maydagi 2017-2019-yillarda Buxoro viloyati va Buxoro shahrining turizm salohiyatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori ijrosi doirasida o‘tkazilgan festivalda milliy hunarmandlikni tiklash, rivojlantirish va hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Viloyat hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi, “Hunarmand” uyushmasi viloyat boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan festivalda 200 dan ziyod xalq ustasi o‘z mahsulotlarini namoyish etdi.

– Hunarmandlik avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan milliy qadriyatlarimizning o‘ziga xos ko‘rinishidir, – deydi G‘ijduvon kulolchilik maktabi yetakchilaridan biri, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi A.Narzullayev. – Bunday tadbirlar milliy hunarmandlik an’analarini rivojlantirish, soha vakillariga o‘z mahsulotlarini targ‘ib qilish va sotish uchun imkoniyat yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ustaxonamda o‘nlab yoshlarga usta-shogird an’anasi asosida kulolchilikdan saboq beraman. Ulardan biri Javohir Ne’matov bugungi festivalda o‘z asarlari bilan qatnashmoqda. Uning kelajakda o‘z mahsulotlari bilan nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro ko‘rgazmalarda ham muvaffaqiyatli ishtirok etishiga ishonaman.

Festival mehmonlari orasida ko‘plab chet ellik sayyohlarni ham ko‘rish mumkin.

– Men dunyoning turli mamlakatlarida bo‘lganman, – deydi braziliyalik sayyoh Bruno Albukarn. – Hech bir shahar meni Buxoro kabi hayratga solmagan. Yo‘q, so‘zlarimni lutfga yo‘ymang. Men arxitektor sifatida me’moriy obidalaringizni betakror va ulug‘vor san’at, deya baholayman. Buxoro hunarmandlari mahsulotlarini ham shunday ta’riflagan bo‘lar edim. Festival menga judayam yoqdi. Milliylik yuksak qadriyatga aylangani hunarmand ustalaringiz ishida ko‘rinib turibdi.

4.jpg

– Sayohatim mana shunday ajoyib tadbirga to‘g‘ri kelganidan g‘oyat xursandman, – deydi ispaniyalik sayyoh Teresa Matiyento. – Antiqa, sehrli tadbir ekan. Sayyoh degani shoshib yuradi, ko‘p narsaga ulgurishim kerak, deb o‘ylaydi. Biroq, men va hamrohlarim har bir rasta oldida ancha vaqt qolib ketdik. Negaki, u yerdan shunchaki o‘tib ketib bo‘lmaydi. Zardo‘zi kiyimlar, turli kashtalar, zargarlik va zardo‘zlik buyumlari nimasi bilandir kishini o‘ziga jalb etaveradi. Bu yerda namoyish etilgan buyumlarning barchasi hunarmandlaringiz qadimiy an’analarni avaylab kelayotganini ko‘rsatadi. Sayyohlarni zamonaviy shaharlardan ko‘ra, o‘lmas qadriyatlarini, o‘zligini saqlab qolayotgan yurtlar jalb etadi. Buxoro bizni shu jihati bilan maftun etdi. Biz kelgusi yilda ham bu festivalga kelishga harakat qilamiz.

Festival dasturi rang-barang bo‘ldi. Taniqli ustalar tomonidan mahorat darslari o‘tkazildi. Buxorolik modelyerlar yaratgan kolleksiyalar milliy va zamonaviylikni uyg‘unlashtirgani bilan ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Festivalning o‘ziga xos jihatlaridan biri, unda mustaqil ishlay oladigan yosh ustalarga alohida e’tibor qaratilganidir.

Tadbir doirasida yoshlar o‘rtasida “Eng mahoratli hunarmand” tanlovi o‘tkazildi.

Festival taniqli san’atkorlar va yosh ijrochilar ishtirokidagi konsert dasturi bilan yakunlandi.

Tadbirda Buxoro viloyati hokimi O‘.Barnoyev so‘zga chiqdi.

Erkin Yodgorov, Tohir Istatov (surat), O‘zA
1 212






Все о погоде - Pogoda.uz