O‘zA O`zbek

15.09.2020 Chop etish versiyasi

Buxoro amirining nahori dasturxoni

Buxoro amirining nahori dasturxoni

XIX asr oxiri XX asr boshlarida hukmron boʻlgan amirlik saroyidagi pazandachilik, amirning kundalik ovqatlanish tartibi, umuman taom isteʼmol qilishda hukmron tabaqa va kambagʻal xalq oʻrtasidagi farqlartoʻgʻrisida baʼzi maʼlumotlar A.Fitrat hamda M.S.Andreyev va O.D.Chexovichlar asarlarida keltiriladi.

Xususan, M.S.Andreyev va O.D.Chexovichlar tomonidan yozilgan Ark (Kreml Buxarы) - “Buxoro arki” asarining “Buxoro amirining bir kuni” deb nomlangan maxsus bobida amir dasturxoniga tortiladigan taomlar xillari, ularni isteʼmol qilish tartiblari, jumladan, amirning ovqatlanish etiketi haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirganlar.

Dasturxonchi lavozimiga asosan Oʻrda qushbegisi (Buxoroda qushbegi bolo deyilgan) oilasi tarkibidan qushbegining oʻgʻli va kichik ukasi amir nonushtasi (nahori)ni tayyorlagan. Nahori - bomdod namozidan keyingi nonushta deganidir. Buxoroda bugungi kunda ham ushbu atama ertalabki nikoh toʻyida beriladigan osh-palov - “nahor oshi” (“oshi nahori”)ga nisbatan ham qoʻllaniladi.

Dasturxonchi vazifasi oʻta nozikligi, murakkabligi bilan jaralib turgan. Chunki, pazandalar pishirgan taomlarning amir sogʻligiga zarar yetkazmasligi uchun dasturxonchi javobgar, yaʼni masʼul boʻlgan. U nahorgi nonushta dasturxonini yoyib, birinchi boʻlib laʼlida non keltirib qoʻyadi. Shundan soʻng esa, katta kosada suzilgan “shirchoy”, “osh-palov”, “kabob”, “kala-pocha”, qaynatilgan “noʻxat va goʻsht”, “shirgurunch” kabi taomlar bir paytning oʻzida birin-ketin amir dasturxoniga tortilgan.

Non azaldan dasturxonning nafaqat koʻrki, bezagi, balki qorinni toʻq tutuvchi yegulik deb ham tan olingan. Shuning uchun xalqda“non qorinning devori” singari naql behuda yaratilmagan. Yuqoridagi asar mualliflari etnograf A.K.Pisarchik tomonidan yozib olingan, Nurotada keng tarqalgan quyidagi “nonni suvga ivitmay yesang, jigaringning qoniga iviydi” naqlini keltirishadi. Mazkur naqlni etnologik nuqtayi nazardan tahlil etganda shu maʼlum boʻladiki, birgina Nurotada emas, balki Buxoro vohasi aholisi ham tandirdan chiqqan issiq nonni suvga ivitib isteʼmol qilish odatiga qatʼiy rioya qilishgan. Chunki xalqda tandir olovida “kuyib”, pishib chiqqan non sovuq suvga ivitilsa, “murodimga yetdim” deb, non rossa rohatlanarmish singari xalq eʼtiqodiy qarashlari mavjud.

Butun Oʻrta Osiyoga keng yoyilgan, yaʼni yeguliklarni isteʼmol qilishni nondan boshlash kerak degan odatga Buxoro amiri ham qatʼiy amal qilgan. Shuning uchun qoʻliga nonning bir boʻlakchasini olib, dastlab choyga ivitib, keyin ogʻziga solgan. Shundan soʻng esa piyoladagi choyni ichib, Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida keltirilgan qadimiy holvayitar va shirgurunchni isteʼmol qilishga oʻtgan, kala-pochadan ham bir oz boʻlsada taʼtib koʻrgan. Odatdagiday, nonushtada palovga qoʻl urmagan. Buxoroda faqat nonushtada tanavvul qilingan shirchoy taomi oʻziga xos usulda pishirilgan. Qovurilgan goʻshtdan tayyorlangan taom ham amir dasturxoniga tortilgan.

Amir ovqatlanish jarayoniga tegishli etiket, yaʼni tartib-qoidalar ham asarda bayon etilgan. Taom tanovvul qilib turgan paytda dasturxonchi ham xonani tark etib, amir panohida, yaʼni koʻlankasida turgan. Biroq, ikki navbatchi mahram esa boshqa xonada turib, amir ishorasini kutishgan. Amir oʻz podshohlik obroʻsini saqlamoq uchun faqat yakka oʻzi, birov bilan baham koʻrmay taomni tanovvul qilgan. Amir darajasiga, nasl-nasabiga va sharafigateng keladigan shaxsning yoʻqligiham uning yakka oʻzi ovqatlanishi uchun asos boʻlgan.

Amir yonida doimiy navbatchilik vazifasida turgan mahramlarning ham taom tanovvuli jarayonida xonadan chiqib ketishlari, faqat uzoqdan, qoʻshni xona eshigidan amir ishorasini kutib turishlari qoidaga kiritilgan.

Maʼlumki, Oʻrta Osiyoning asosan oʻtroq aholisi orasida keng tarqalgan tasavvurlaridan biri bu birov ovqatlanib turganida uning oldiga kelib, ogʻziga qarab turish nojoʻya, yaxshi ish emasligiga, suq, hasad bilan qarash taom barakasini uchirishiga, uning rohatbaxshligini buzishiga, suqlangan koʻz orqali yomon hislar yuqishi va natijada taomning zaharlanishiga ishonilgan. Ushbu tasavvurga koʻra xalq orasida oʻziga xos quyidagi anʼana yaratilgan: agarbir necha kishilar biror joyda masalan, yoʻldaovqatlanmoqchi boʻlishsa, ular birlashib biror alohida joy tanlashadi va oʻsha yerda begona koʻzdan, yashirinib taom isteʼmol qilishadi. Xalqimizda xonadon ahli dasturxon atrofida ovqatlanib turganida kirib kelgan kattayu kichikni taom dasturxoniga taklif etish odatiga amal qilingan.Bundan koʻzlangan maqsad xuddi mana shu begonalar ham taomdan bahramand boʻlib, yaxshi koʻz bilan bir-birlariga qarashlari, taom shukronasini qilishlaridir.

Tadqiqotchilar garchand amir yakka oʻzi ovqatlansada, bu jarayonning oʻziga xos umumiyligi koʻzga tashlanishini, yaʼni Buxoro amiri bilan bir vaqtda uning mulozimlari, xizmatkorlari oʻzlariga tegishli joylarda ovqatlanganlarini (masalan, shahardan tashqari bogʻlarda) taʼkidlashadi. Demak, Buxoro ahli uchun nahorgi dasturxonning bir vaqtda yoyilishi, dasturxonning hammani birlashtirishi odati ovqatlanish madaniyatining oʻziga xos koʻrinishidir.

Amir ovqatlanib boʻlganligi haqida boshini silkitib, ishora bergandan keyin, uzoqdan uning harakatlarini kuzatib turgan ikki udaychidan biri (navbat bilan albatta ertalab oʻng qoʻl udaychi, asr namozidan soʻng chap qoʻl udaychi) baland ovozda qoʻl koʻtarib, nahorgi dasturxonga tanavvul qilingan taomlarga uning shukronasi sifatida duoyi – fotiha qiladi.

Amir dasturxonidagi yeyilmay, ortib qolgan taomlarni kimlarga taqsimlash buyrugʻini ham oʻzi beradi. Asarda bu haqda quyidagi fikr keltirilgan: “Mirzaxonaga mirzadaftardorga (davlatning barcha soliqlarini hisoblovchi va kuzatuvchiga), bu ikki taomni esa ikkala udaychiga, kala-pochani darbonga, noʻxat shoʻrva va shirchoyni mahramlar va boshqalarga olib boring”.

Har bir xalqning anʼanaviy milliy taomlari oʻsha xalqqa xos moddiy madaniyatning muhimtarkibiy qismlaridan biri boʻlib, ushbu xalq hayotining ijtimoiy-iqtisodiy sharoiti bilan uzviy bogʻlangan. Aynan taomlar xalqqa xos etnik xususiyatning sezilarli darajada barqarorligiga ega va tarixan shakllangan anʼanalarning uzoq saqlanishini koʻrsatuvchi unsurdir. Biz etnologik tahlil etgan Buxoro amiri nahori dasturxoni taomlari ham tarixan shakllangan anʼana boʻlib, unda buxoroliklarga xos etnik fenomen oʻz aksini topgan. Ushbu anʼanaviy fenomen taomlar bilan bogʻliq nafaqat yuqori tabaqa, balki oddiy xalq ovqatlanish madaniyatini oʻrganishda muhim vositadir.

Manzila QURBONOVA,
Buxoro davlat universiteti
Buxoro tarixi kafedrasi
dotsenti, tarix fanlari nomzodi

11 471
O'zA