Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.08.2017 18:26 Chop etish versiyasi

Bunday e’tibor ijodkorlarga ilhom bag‘ishlaydi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning "Adabiyot va san’at, madaniyatni rivojlantirish – xalqimiz ma’naviy olamini yuksaltirishning mustahkam poydevoridir" nomli ma’ruzasini tinglab...

Ijod ilohiy jarayon, ko‘ngil dengizidagi sukunat og‘ushidan tuyg‘ularning po‘rtana bo‘lib yuzaga chiqishidir. Har qanday asar ijodkorning qalb qo‘rida toblanib, ong va yurak chashmalari bilan sug‘orilgan mashaqqatli mehnatining mevasidir. Shuning uchun ijod ahlining ko‘ngli nozik, deyishadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 3-avgust kuni milliy madaniyatimizning namoyandalari bilan uchrashuvdagi samimiy dil so‘zlari, "adabiyot va san’atga, madaniyatga e’tibor – bu avvalo xalqimizga e’tibor, kelajagimizga e’tibor", deya sohaga bergan yuksak bahosi bilan birga "hozirgi kunda madaniyat va san’at ahlida faollik, yangi-yangi ijodiy g‘oya va tashabbuslar bilan yashash, izlanish ruhi yetishmayapti", deya faoliyatimizga bildirgan xolisona va tanqidiy fikrlari, bu borada o‘z yechimini kutayotgan dolzarb muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflari o‘zini ijodkor degan har bir kishiga yangi kuch-g‘ayrat, ilhom bag‘ishlagani shubhasizdir.

Mustaqillik yillarida ijodkorlarga zarur sharoit va imkoniyatlarni yaratish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yosh iste’dod egalarini kashf etish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi.

Birgina musiqa san’atida yurtimizda "Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivalining tashkil etilishi, "Nihol" davlat mukofotining ta’sis etilishi, "Yagonasan, muqaddas Vatan!" singari qator ko‘rik-tanlovlarning muntazam o‘tkazilishi buning yaqqol misolidir.

Bugun O‘zbekiston taraqqiyot yo‘li yangi, yuksak bosqichga ko‘tarildi. Barcha jabhalarda yangilanish va o‘zgarishlarga guvoh bo‘lyapmiz. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yil – Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb belgilandi va xalqimizning hayot farovonligini, ezgu orzu-umidlarining ro‘yobini ta’minlash, ularning tashvish va muammolarini bartaraf etish borasida misli ko‘rilmagan ishlar amalga oshirilmoqda.

Ijodkorlar bilan uchrashuvda ham Prezidentimizning madaniyat va san’at rivojiga to‘siq bo‘layotgan muammolar, sohadagi mavjud kamchiliklar, ijodkorlarni qiynab kelayotgan tashvishlarni bartaraf etish bo‘yicha bergan ilhombaxsh takliflari, qaror loyihalari barchamizning dilimizni munavvar etdi.

Prezidentimizning viloyatdan kelgan yosh ijodkorlarning uy-joy masalasi bilan bog‘liq muammosini hal etish uchun Toshkent va Nukus shaharlarida, barcha viloyatlar markazlarida imtiyozli kredit asosida “Ijodkorlar uylari” barpo etilib, iste’dodli yosh ijodkorlarga kvartiralar berilishi, ularni Toshkentda doimiy ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha taklifini ijod ahli katta hayajon bilan kutib oldi. Viloyatlardagi do‘stlarimiz "Shu gap rostmi? Chindan ham ijodkorlarga shunday katta imkoniyatlar yaratiladimi?" deya qayta-qayta so‘ramoqda.

Shu o‘rinda o‘zim boshimdan kechirgan bir voqeani aytib beray. Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, deganday, inson hayotida faqat yaxshi va quvonchli lahzalar bo‘lavermaydi. Hayot shunisi bilan qiziq-da. Ba’zida arzimagan muammo, kichik bir tashvish inson hayotini butunlay boshqa o‘zanga burib yuborishi mumkin. Men ham o‘qishni tamomlab, bir necha tanlovlarda muvaffaqiyatli qatnashib, poytaxtda ijod qilayotgan kezlarimda uy-joy bilan bog‘liq muammo va Toshkentda doimiy ro‘yxatdan o‘tmaganligim sabab ishdan bo‘shashimga va Germaniyaga ketib, ikki yil o‘zga yurtda ishlashimga to‘g‘ri kelgan. Keyinchalik qator davlatlardagi nufuzli san’at muassasalaridan, jumladan, Moskvadagi Krokus Siti Xolldan takliflar tushgan, ijodimni ularning yurtida davom ettirishim evaziga barcha sharoitlarni yaratishga va’da berishgan.

Lekin Vatan sog‘inchi, o‘z yurtimda ijod qilish, milliy san’atimiz ravnaqiga hissa qo‘shish, jahon sahnalarida yurtim nomidan opera kuylash istagi menga tinchlik bermasdi.

Vatanimga qaytib, O‘zbekiston davlat konservatoriyasida faoliyatimni boshladim va yana o‘sha muammo "ijara uyimning eshigini tinmay taqillataverdi". O‘sha kezlari mamlakatimiz rahbariyati tomonidan poytaxtda ijod qilishimga ulkan imkoniyat yaratilgani – Toshkent markazidan, Navoiy ko‘chasida bunyod etilgan zamonaviy ko‘p qavatli turar joydan bitta xonadon sovg‘a qilingani va doimiy ro‘yxat masalasi hal qilib berilgani men uchun kutilmagan va ajoyib tuhfa bo‘ldi. Zero, oilam bilan Toshkentda yashash, ijod qilish uchun, avvalo, sharoit zarur edi. Bu o‘z ishimga, san’atimga yanada mas’uliyat va mehr bilan yondashishimga turtki bo‘ldi.

Men buni bejiz esga olmayapman. Viloyatlarimizda, eng chekka qishloqlarimizda iste’dodli yoshlar ko‘p. Ular ham ijod qilgisi, o‘z iste’dodi bilan madaniyat va san’at ravnaqiga hissa qo‘shgisi keladi. Ammo poytaxtda yo viloyat markazida uyi yo‘qligidan ko‘pchiligi qishlog‘iga qaytadi va mashhur filmda aytilganidek "tog‘u toshlar orasida nomi chiqmay" qolib ketadi. Bu yorqin bir iste’dodning hali gullamay turib, so‘lishiday gap.

Uchrashuvda Prezidentimiz madaniyat sohasida jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yoshlarimizni haqiqiy san’atni anglashga o‘rgatish, ularning estetik olamini sog‘lom asosda shakllantirish bo‘yicha oldimizda juda muhim vazifalar turganini kuyunchaklik bilan ta’kidladi. Bu vijdoni uyg‘oq, o‘z ishiga sadoqat va fidoyilik bilan yondashadigan har bir san’atkorni tashvishlantirmay qo‘ymaydi.

Darhaqiqat, bugun ayrim "hamkasblarimiz" san’atga faqatgina daromad manbai, mashhurlikka eltuvchi yo‘l sifatida qaraydi va o‘zining dunyoqarashiga yarasha "ijod" qiladi. Uning "ijod mahsuli" xalq, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlod ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Yengil-elpi kuy-qo‘shiqlar, oldi-qochdi kliplar odamning didini o‘ldiradi, ma’naviy olamiga putur yetkazadi. Bu o‘nglab bo‘lmaydigan oqibatlarga olib kelishi aniq. Shu ma’noda Prezidentimizning “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi qoshida “O‘zbekiston xalq artistlari” klubini tashkil etish haqidagi taklifi bizni juda quvontirdi. Axir, ustoz san’atkorlarimiz bilan ijodiy muloqot qilish, ularning hayot tajribalarini o‘rganish, san’atkor mas’uliyati, madaniyati haqida fikrlashish yosh iste’dodlar uchun katta hayotiy tajriba maktabi bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.

Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston davlat konservatoriyasi faoliyatini yanada rivojlantirish va takomillashtirish bo‘yicha qaror loyihasi, konservatoriya faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun uning huzurida maxsus fond tuzish, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki konservatoriyaning "do‘stlar klubini" tuzib, unga homiylik qilishi bo‘yicha takliflari ushbu ta’lim dargohida faoliyat yuritayotgan ko‘plab ustoz-hamkasblarimiz qatori meni cheksiz quvontirdi.

Chunki ba’zi paytlari yosh ijodkorlar o‘rtasida bironta ko‘rik-tanlov o‘tkazish yo ularni xorijiy davlatlardagi nufuzli tanlovlarga yuborishda mablag‘ masalasi bilan bog‘liq muammo ko‘ndalang bo‘lib turar va ayrim hollarda u o‘z yechimini topmay ham qolardi. Endi bunday muammolar bartaraf etiladi. Endi ijodkorlar faqatgina ijod bilan shug‘ullanib, o‘z ustida tinimsiz ishlab, yaxshi-yaxshi san’at asarlari yaratishga o‘zida kuch, ilhom, ishtiyoq topadi.

Prezidentimizning ustoz san’atkorlar, xalq artistlarining san’at kolleji yoki musiqa maktabiga rahbarlik qilishi, shogirdlar yetishtirish borasidagi taklifi yosh iste’dodlarni tarbiyalashda, ularning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishda, iqtidorli yoshlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Xalqimiz san’atsevar, san’atkorlarni hurmat qiladigan, ularni yaxshi ko‘radigan xalq. Endi tasavvur qiling, el suygan san’atkor san’at kolleji yoki musiqa maktabining direktori bo‘lsa va o‘sha ta’lim dargohi bilan bog‘liq biron masala yuzasidan kimgadir murojaat qilsa, uning obro‘-e’tibori, hurmatini joyiga qo‘yadigan har bir kishi bu masalani ijobiy hal qilib berishi aniq. Qolaversa, "Men falon san’atkorning maktabida o‘qidim!" degan gap yosh iqtidor egasiga o‘zgacha g‘urur, kayfiyat bag‘ishlaydi va, albatta, mas’uliyat yuklaydi.

Davlatimiz rahbarining adabiyot, madaniyat, san’at, ommaviy axborot vositalari sohasiga qaratayotgan ulkan e’tibori ijod ahli orzu-umidlarining ro‘yobga chiqishida, bor kuch-g‘ayratini sarflab, yanada ko‘proq ijod qilishiga, milliy ma’naviyatimiz ravnaqiga hissa qo‘shishida ulkan ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi. Prezidentimiz aytganidek, nasib qilsa, havas qilsa arziydigan buyuk kelajagimiz, buyuk adabiyotimiz va san’atimiz bo‘ladi.

Jenisbek Piyazov,
O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist,
O‘zbekiston davlat konservatoriyasi
musiqali teatr-studiyasi opera solisti.

O‘zA
2 474






Все о погоде - Pogoda.uz