O‘zA O`zbek

20.07.2019 Chop etish versiyasi

Bulungʻurda “Baxshilar sayli” oʻtkazildi

Bulungʻurda “Baxshilar sayli” oʻtkazildi

Samarqand viloyat hokimligi, viloyat turizmni rivojlantirish departamenti va Bulungʻur tuman hokimligi hamkorligida tashkil etilgan sayl Fozil Yoʻldosh oʻgʻli asos solgan Bulungʻur dostonchiligining davomiyligini taʼminlash maqsadida oʻtkazildi.

Sirdaryolik baxshi Dilmurod Gulmurodov, nurobodlik Shavkat Bobomurodov va bulungʻurlik Sherqoʻzi Norbekov Fozil Yoʻldosh oʻgʻli aytgan “Alpomish” va boshqa dostonlardan, termalardan kuyladi.

– Birinchi bor Bulungʻurda, mashhur baxshi Fozil Yoʻldosh oʻgʻli yurtida boʻlishim, – deydi nurobodlik baxshi Shavkat Bobomurodov. – Doʻstlarimiz bilan bahslashib, qator doston va termalarni kuyladik. Fozil Yoʻldosh oʻgʻlining ruhi madadkor boʻlib, shu yerning oʻzida ushbu buyuk baxshi va Bulungʻur haqida bir doston bitdim. Uni yana qayta ishlab, mukammal qilib xalqimizga yetkazishni koʻnglimga tugdim.

Soʻlim Bulungʻur kanali boʻyida tashkil etilgan “Baxshilar sayli” xalq sayliga aylandi. Tuman madaniyat boʻlimi sanʼatkorlari va “Chavqi” folklor ansamblining milliy kuy-qoʻshiqlari, xalq oʻyinlari yigʻilganlarga manzur boʻldi.

1 829
Gʻ.HASANOV, A.ISROILOV (surat), OʻzA