O‘zA O`zbek

19.05.2020 Chop etish versiyasi

BORNING YOʻQQA SAXOVATI KOʻRILADI

BORNING YOʻQQA SAXOVATI KOʻRILADI

Odamzoddan oʻtar boʻlsa, ziroatga,

Ziroat ham shukr etmasa, hayvonzotga,

Hayvon tilov qilolmasa, hashoratga,

Bu tilsizlar had bilmasa, qadim Dodga,

Va yo endi tugʻilajak zurriyodga,

Rizq-nasiba hikmat uchun beriladi,

Odamzodni izzat qilib turiladi.

Oʻsayotgan, donlayotgan, shonalagan,

Par chiqargan, tuxum yorgan, bolalagan,

Ona yerni oʻz tarhida xonalagan,

Qursogʻini dovullardan panalagan,

Xudo amr qilgan tilda allalagan,

Yaralmishga qancha imdod beriladi.

Borning yoʻqqa saxovati koʻriladi.

Men koʻrgandim: qishda qorli qirdan oshib,

Otam goho ketar edi bugʻdoy tashib,

Parrandaning, chumolining donga shoshib,

Kelganini koʻrib, koʻzdan mehr toshib,

Qaytar edi, mamnun-mamnun egib boshin,

Saxovatki, soʻrmaganga beriladi,

Bandasiga falaklardan buyriladi.

Ona yerga urugʻ emas, niyat qaror,

Xayr bilan bani odam olmish baror.

Buxoriyning aytmishlari etar bedor:

Saxovatda bermoq bor-u yoʻqmish soʻror,

Yomgʻirni ham sanaydigan farishta bor!

Bul hisobdan arshda mezon yuriladi,

Saxovatlar saxovatga beriladi.

Boysundagi Choshtepada shunday boʻlgan,

Bir xasisning xirmoniga Xizr kelgan.

“Bobodehqon, xayr qil!” deb imo qilgan,

Ul shoʻrlikning tor xurjuni toshga toʻlgan –

Shul oqshomda xirmon tuproq boʻlib qolgan,

Banda boshi oʻz toshidan yoriladi,

Minoramiz qoʻlimiz-la teriladi.

Hisob shunday: misqol bergan, olar botmon,

Ona xalqim, muallimim, umri doston.

Bagʻri kengim, toʻq nazarim, toza imon,

Elga bersin, el qatori menga ham shon,

Deya niyat qilib turgan beminnat jon,

Olib-sotar bu olamda tanti dehqon,

Non-tuz bergan, ilm bergan – beriladi,

Sharaf degan qoʻrgʻon qiyin quriladi.

Saxovatlar saxovatga beriladi.

Shodmonqul SALOM.

6 930
OʻzA