Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.02.2017 16:45 Chop etish versiyasi

Bori elga yaxshilig‘ qilg‘ilki...

Bori elga yaxshilig‘ qilg‘ilki... Bobur g‘azali bilan aytiladigan qo‘shiq yangramoqda. Mumtoz kuy va qo‘shiq ohangrabosi ko‘ngillarni sel etadi:

Bori elga yaxshilig‘ qilg‘ilki mundin yaxshi yo‘q,
Kim degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshilig‘.


Bobur nomidagi Andijon davlat universiteti xorijiy tillar fakultetida o‘tkazilgan adabiy tadbir ishtirokchilari inson qalbining tub-tubiga yetib boradigan, har qanday ko‘ngilni larzaga soladigan qo‘shiq so‘zlariga hamohang tebranadi, ma’naviy ozuqa oladi. Talabalar shoir g‘azal va ruboiylarini o‘zbek, rus, ingliz va nemis tillarida o‘qiydi. Besh asrdan ko‘proq vaqt avval yashab o‘tgan ulug‘ ajdodimiz hayoti va ijodiga bugun ham jahon miqyosida qiziqish tobora ortayotgani qalblarni iftixorga to‘ldiradi.

Jahon madaniyati, ilm-fani rivojiga katta hissa qo‘shgan, o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik vakili Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti behalovat o‘tsa-da, ijodni unutmadi, aksincha, adabiyot, musiqa, tarix, geografiya va boshqa fanlar rivojiga xizmat qiladigan durdona asarlar yaratdi.

Sobiq tuzum davrida boshqa ulug‘ ajdodlarimiz qatori Boburning ham shaxsi va ijodini o‘rganish taqiqlandi. Mustaqillik yillarida jahon madaniyati va ilm-fani rivojiga katta hissa qo‘shgan bobokalonimizning shaxsi va ijodi keng o‘rganildi, tadqiq qilindi, yuksak qadr topdi.

Andijonda "Bog‘i Bobur" majmuasi barpo etilib, uning ramziy qabr-maqbarasi qad rostladi. “Bobur va jahon madaniyati muzeyi” tashkil etildi. Viloyat markazida adibning haykali o‘rnatildi. Bugun Bobur shoh ko‘chasi Andijon shahridagi eng obod ko‘chalardan biridir. Andijon davlat universiteti, viloyat teatri va kutubxonasi uning nomi bilan yuritiladi. Bobur yodgorlik muzeyi faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Bobur nomidagi medali, Bobur xalqaro jamoat fondi tomonidan Bobur xalqaro mukofoti ta’sis etilgan.

“Bog‘i Bobur” majmuasi nafaqat viloyat ahli, balki yurtimizning turli hududlaridan keladigan yurtdoshlarimiz, xorijlik sayyohlar bilan hamisha gavjum. Bu yerdan qishin-yozin ziyoratchilarning qadami arimaydi.

– Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida Andijonni zamonaviy shaharga aylantirish borasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari tufayli “Bog‘i Bobur” ham g‘oyat go‘zal va obod maskanga aylandi, – deydi filologiya fanlari doktori, professor Hanifa Solihova. – Men farzand va nabiralarim bilan bu yerga tez-tez kelib turaman. Bobur maqbarasini ziyorat qilib, yoshlarimizga bobolari qanday ulug‘ zotlar bo‘lganligi haqida faxr bilan so‘zlab beraman. Ulug‘ shoir ruhi ozod va obod yurtimizda ro‘yo berayotgan beqiyos o‘zgarishlar, yuksalishlarni kuzatib, bizni qo‘llab turganday bo‘ladi.

Bobur nomidagi Andijon davlat universiteti mamlakatimizdagi yetakchi oliy o‘quv yurtlaridan. Yigirmadan ziyod yo‘nalishda malakali mutaxassislar tayyorlayotgan ilm dargohining bakalavr va magistratura yo‘nalishlarida 7 mingga yaqin talaba zamonaviy sharoitlarda tahsil olmoqda. Keyingi yillarda bu yerda katta hajmdagi qurilish-ta’mirlash, obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

11 (2).JPG

Bobur nomidagi musiqali komediya va drama teatri hamda axborot-kutubxona markazi madaniyat, ma’naviyat va ziyo maskani sifatida xalqimizga xizmat qilmoqda. Bobur xalqaro jamoat fondi tomonidan shoir hayoti va ijodini o‘rganish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotir.

– Afg‘oniston, Eron, Hindiston va boshqa ko‘plab davlatlarga ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirildi, – deydi Bobur xalqaro jamoat fondi raisi Zokirjon Mashrabov. – Ilmiy safarlar davomida qo‘lga kiritilgan Bobur hayoti va ijodi, yurtimiz tarixiga oid ko‘plab noyob qo‘lyozmalar, ilmiy ma’lumotlar “Bobur va jahon madaniyati” muzeyidan o‘rin olgan. Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, Bobur o‘z davrida “Boburnoma” asarining uch nusxa qo‘lyozma nusxasini tayyorlatgani ma’lum. Ayni paytda ana shu qo‘lyozmalardan biri Oksford, yana biri Haydaroboddagi muzeyda, uchinchi nusxasi aynan bizning muzeyda saqlanmoqda.

“Boburnoma” hozirgacha o‘ttizdan ziyod tilga tarjima qilinib, kitob holida chop etilgan. Ana shu kitoblardan yigirmadan ortig‘i muzeyimiz eksponatlari qatoridan joy olgan.

Ulkan shoir merosini o‘rganishda Bobur yodgorlik muzeyining ham alohida o‘rni bor. Muzey Andijonning Eski shahar hududidagi Hojar Noyib madrasasi me’moriy obidasida joylashgan.

– Hojar Noyib madrasasi qadimiy me’moriy yodgorliklardan biridir, – deydi viloyat adabiyot va san’at muzeyi direktori o‘rnbosari Dilshodbek Yusupov. – Tarixdan ma’lumki, Boburiylar tomonidan va Boburgacha qurilgan Arkonu davlat, podshoh saroyi XVI asr boshlarida Shayboniylar tomonidan vayron qilingan. Talon-tarojdan omon qolganlari turli zilzila va boshqa tabiiy ofatlar tufayli yo‘q bo‘lib ketgan. Bizgacha qadimgi qal’a devorlari saqlanib qolgan, xolos.

Tarixchi olimlar Hojar Noyib madrasasida yosh Bobur tahsil olgan degan fikrni ilgari suradi. Me’moriy obida betakror, o‘ziga xos tarx asosida bunyod etilgan bo‘lib, olti burchakli yopiq hovli, uchta gumbazli xona, 27 hujra va naqshinkor ayvonli namozgohdan iborat.

Muzeyga kelgan kishi avvalo qadimiy me’moriy san’at asari – Hojar Noyib madrasasi bilan tanishadi. Bu maskan yoz oylari juda so‘lim va go‘zal qiyofa kasb etadi, shuning uchun ziyoratchilar bilan gavjum bo‘ladi. Muzey ekspozitsiyasidan Bobur hayoti va ijodi, uning jahon madaniyati, adabiyotida tutgan o‘rni, shajarasi, qudratli temuriylar saltanatini tiklash yo‘lida chekkan mashaqqatlari, ona yurtdan bosh olib ketishi, Hindistonga yurishi, 332-yil hukm surgan Boburiylar imperiyasiga asos solishi, Bobur avlodlari – Akbar, Jahongir, Shoh Jahon, Avrangzeb saltanati va buyuk Boburiylar sulolasining jahon madaniyatiga qo‘shgan hissasi, Boburiylarning bog‘lar yaratish san’ati, sulola tomonidan barpo etilgan maftunkor Tojmahal haqida ko‘plab ma’lumotlar o‘rin olgan.

Muzeydagi manbaa va ma’lumotlar Bobur shoir, tarixchi, tabiatshunos, tilshunos, musiqashunos, qo‘yingki, uning qomusiy bilimlar sohibi bo‘lganidan darak beradi. Boburning adabiy merosi, “Boburnoma” asari, g‘azal, ruboiy, muxammas, fard va qit’a janrlaridagi betakror she’riyati, musiqa san’ati, jang san’ati, tilga oid asarlari haqida ko‘plab ma’lumotlar muzeydan o‘rin olgan.

Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodi nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning ko‘plab davlatlarida katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda. O‘z ijodida Vatanni ulug‘lagan, bir umr ona yurt sog‘inchi bilan yashagan shoir ijodi bugun ham yosh avlodni vatanparvarlik, mehr-oqibat, muruvvat va saxovat kabi yuksak insoniy fazilatlar sohibi etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umurzoqov (surat), O‘zA
1 087






Все о погоде - Pogoda.uz