Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.02.2017 18:10 Chop etish versiyasi

Bobur merosining ahamiyatiga bag‘ishlangan videomuloqot tashkil etildi

Shu kunlarda mamlakatimizning barcha hududida Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 534-yilligi munosabati bilan adabiy-badiiy kechalar, davra suhbatlari o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tashabbusi bilan “Yuksak ma’naviyatli barkamol avlodni tarbiyalashda Zahiriddin Muhammad Bobur merosining ahamiyati” mavzuida videomuloqot tashkil etildi. Unda adabiyotshunos olimlar, shoir va yozuvchilar, madaniyat va san’at namoyandalari, oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda Zahiriddin Muhammad Bobur o‘z asarlari bilan nafaqat o‘zbek, balki Sharq xalqlari badiiy tafakkurini, madaniyatini yangi bosqichga ko‘targani ta’kidlandi. Bobur asarlarini o‘rganish insonlarni, ayniqsa, yosh avlodni yaxshilikka, Vatanni sevishga undaydi.

Bobur asarlarida Vatanga muhabbat, uning beqiyos boyligi va buyukligini anglash tuyg‘usi, komil insonni tarbiyalash masalalari mohirona tasvirlangan. Tadbirda Bobur merosini tadqiq etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, buyuk mutafakkir ijodida aks etgan g‘oyalarning inson kamolotidagi o‘rniga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.

– Shoirning adabiyot, tarix, tilshunoslik, huquqshunoslik, musiqa va geografiyaga oid nodir asarlari bizga qadimiy tariximiz haqida qimmatli ma’lumotlar beradi, milliy o‘zligimizni, madaniyatimizni anglashda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi, – deydi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori Zulxumor Xolmonova. – Birgina «Boburnoma»ning o‘ttizdan ortiq tilga tarjima qilinib, chop etilgani buyuk allomaning asarlari butun dunyo xalqlari tomonidan sevib o‘qilishidan dalolatdir. Bobur va uning avlodlari davriga oid bebaho manbalar jahonning yetmishdan ortiq muzeyida saqlanib kelmoqda.

Tadbirda Bobur hayoti va ijodiga oid qiziqarli ma’lumotlar berildi. Asarlarida ilgari surilgan vatanparvarlik g‘oyalari, go‘zal axloqiy qarashlar, ta’lim-tarbiya olish masalalari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Talabalar tomonidan Bobur g‘azallari va ruboiylaridan namunalar o‘qildi.

Azima Qiyosova, O‘zA
711






Все о погоде - Pogoda.uz