Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.02.2017 16:12 Chop etish versiyasi

Bebaho xazina

Mohichehra Shomurodova "Munojot" ashulasini ijro etganida muxlislar uni sel bo‘lib eshitadi. Yosh xonanda mumtoz ashulalar, ayniqsa, Navoiy g‘azali bilan kuylanuvchi asarlarning bu qadar dilga yaqinligini ularning so‘zlaridagi ohangdorlik, joziba, maftunkorligi, nafosatida, deb biladi.

O‘zbekiston davlat konservatoriyasida Navoiy ijodini musiqa vositasida yosh avlodga puxta o‘rgatishga jiddiy e’tibor qaratilayotir.

– Navoiy ijodi bitmas-tuganmas xazina, – deydi ushbu oliy ta’lim muassasasining prorektori Ravshan Nig‘matov. – Joriy yilda konservatoriya pedagogik va talabalar jamoasi Navoiy hamda Bobur g‘azallari bilan kuylanuvchi ashulalar, mumtoz asarlardan iborat katta konsert dasturiga, "Nazm va navo", "Navoiy merosi", "Navoiy bo‘stoni" kabi ma’rifiy-musiqiy tadbirlarga alohida tayyorgarlik ko‘rdi.

– Shashmaqomning aksariyat musiqiy namunalari Alisher Navoiy so‘zi bilan aytiladi, – deydi Sharq musiqashunosligi kafedrasi mudiri Soyibjon Begmatov. – Shoirning "Lison ut-tayr", "Mahbub ul-qulub", "Majolis un-nafois", "Holoti Pahlavon Muhammad" singari falsafiy asarlari, "Xamsa"dan o‘rin olgan dostonlarida musiqa ilmi va tarixi, musiqa ijodiyoti, musiqa amaliyoti namoyandalari, san’atga oid iboralar, cholg‘ular xususida keng ma’lumotlar berilgan. Masalan, biz qo‘llaydigan "bastakor", "xonanda", "ijrochi" kabi so‘zlar Navoiy tomonidan bir necha muqobil shakllarda ifoda etilgan. Talabalar o‘quv jarayonida mutafakkir ijodiga, uning g‘azallariga doim murojaat etadi. Buyuk Navoiyning merosi talabalar uchun dasturilamal, o‘qituvchilar uchun ibrat maktabidir.

– Navoiy ijodi hikmatlar bilan yo‘g‘rilgan, insoniyatni kamolotga undovchi, asrlar, zamonlar osha badiiy, tarbiyaviy qiymati g‘oyat dolzarb bo‘lgan meros sifatida qadrlidir, – deydi Sharq musiqasi fakulteti dekani Nabijon Qodirov. – O‘quv dargohimizda bu merosni musiqa san’ati vositasida o‘rganishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. An’anaviy xonandalik va an’anaviy cholg‘u ijrochiligi, akademik xonandalik va boshqa bir qator ta’lim yo‘nalishlarida "Sharq she’riyatiga kirish", "Aruz va mumtoz musiqa", "O‘zbek mumtoz she’riyati asoslari", "Shashmaqom g‘azallari tahlili" o‘quv fanlarida, shuningdek, "Ansambl sinfi", "An’anaviy ijrochilik san’ati tarixi", "An’anaviy xonandalik" kabi ixtisoslik fanlarida mukammal o‘rganilmoqda.

Ustoz san’atkorlarning fikricha, mumtoz musiqa asarlari ijrosi xonandadan katta bilim, mahorat, puxta tayyorgarlikni talab etishi bois yoshlarga bu yo‘nalishdagi kuy-qo‘shiqlarni o‘rgatishga katta mas’uliyat bilan yondashilmoqda.

Ushbu ta’lim dargohida har yili an’anaviy tarzda o‘tkaziluvchi "Navoiy va musiqa" ilmiy-amaliy anjumaniga puxta hozirlik ko‘riladi. Shoirning musiqa ta’limiga, bastakorlar, xonanda va sozandalarga, o‘sha davrdagi musiqiy janr, musiqiy risolanavislikka doir qimmatli fikrlari Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti olim va o‘qituvchilari, yosh izlanuvchilari tomonidan atroflicha muhokama etiladi.

Katta ilmiy xodim-izlanuvchi Laylo Jo‘rayeva "Alisher Navoiy va musiqa san’ati: tarix va tahlil" mavzuidagi ilmiy ish ustida izlanmoqda. Uning aytishicha, ulug‘ allomaning bir qator asarlarida musiqa tarixi, cholg‘u asboblari, bastakorlik, sozanda va xonandalik bilan bog‘liq ta’riflar, sharhlar, baho va izohlarni uchratish mumkin. Adabiyot, tilshunoslik, tarix bilan uyg‘un bo‘lgan ushbu tadqiqot milliy musiqa san’atimizning inson kamoloti, ma’naviyatidagi o‘rni nechog‘li beqiyos ekanini mukammalroq o‘rganishga qaratilgandir.

Yoshlarning mahoratini yanada kengroq oshirishda yosh maqom ijrochilarining respublika tanlovi, turli konsertlar, ijodiy loyihalar, san’at festivallarining ahamiyati g‘oyat katta bo‘lmoqda.

Nazokat Usmonova, O‘zA
2 313






Все о погоде - Pogoda.uz