Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.02.2017 18:46 Chop etish versiyasi

O‘z kasbiga ega inson doimo zarga ega bo‘ladi...

Sahnadan tarala boshlagan mayin ohang avj pardagi chiqib, kutilmaganda tindi. Bir necha soniyalik jimlik... Alisher Navoiyning “Nazm ul-javohir” asaridan o‘rin olgan ruboiylardan biri eshitila boshladi. Satrlarga yana o‘sha yoqimli ohang esh bo‘ldi.

Kosib kunji kafi zar olg‘inchi erur,
Ikki qo‘li mezoni diramsanji erur,
Kim bo‘lsa hunarsiz ishi – o‘q ranji erur,
Bu vajh ilakim, hunari ganji erur.


Ruboiyga izma-iz uning sharhi ham o‘qildi: “O‘z kasbiga ega bo‘lgan inson doimo zarga ega bo‘ladi, uning ikki qo‘li halol rizq topishda qiynalmaydi, hunarsiz inson hamisha ranj chekadi, chunki hunar insonning qo‘lidagi ganj erur”... Tomosha zalida davomli olqishlar yangraydi.

Qibray tumanidagi Chingeldi maishiy xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejida bo‘lib o‘tgan “Alisher Navoiy asarlaridagi ezgu g‘oyalarning yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi ahamiyati” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir shunday boshlandi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Toshkent viloyati kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda adabiyotshunos olimlar, partiyaning “Istiqbol” yoshlar qanoti hamda “Yosh siyosatchilar” klubi a’zolari, o‘qituvchi va o‘quvchilar ishtirok etdi.

Mamlakatimizda milliy madaniy merosimizni asrash, buyuk ajdodlarimiz hayoti va ijodini o‘rganish, keng targ‘ib qilish, yuksak insonparvarlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan asarlari mazmun-mohiyatini yosh avlod ongiga chuqur singdirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

– Alisher Navoiyning ijodi insoniyatni hamisha kamolotga undaydigan, zamonlar osha ham badiiy, ham tarbiyaviy qiymati va dolzarbligini yo‘qotmaydigan bebaho merosdir, – deydi partiya viloyati kengashi raisi M.Darxonov. – Bugungi globallashuv davrida, dunyoning turli nuqtalarida axborot xurujlari avj olayotgan bir paytda yoshlarimizda vatanparvarlik tuyg‘usini yanada yuksaltirish, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, dunyoqarashi, bilim va tafakkurini boyitishda adabiyotimizning bu kabi nodir namunalaridan samarali foydalanish zarur. Buning uchun barcha ta’lim muassasalarida targ‘ibotning ta’sirchan usullarini yanada ko‘paytirish talab etiladi.

Tadbir doirasida tashkil etilgan intellektual bahsda kollej o‘quvchilari “Ulug‘ shoir ijodida sharqona odob, mardlik va jasorat, el-yurtga sadoqat g‘oyalari”, “Navoiyxonlik”, “Alisher Navoiy asarlarining yoshlar ta’lim-tarbiyasidagi o‘rni” deb nomlangan shartlar bo‘yicha o‘zaro bahslashdi.

Buyuk mutafakkir ijodiga oid sahna ko‘rinishlari, shoir g‘azallari bilan kuylangan qo‘shiqlar kechaga yanada zavq bag‘ishladi.

Ikrom Avvalboyev, O‘zA
599






Все о погоде - Pogoda.uz