O‘zA O`zbek

27.03.2020 Chop etish versiyasi

Bayramingiz muborak, teatr jonkuyarlari!

Bayramingiz muborak, teatr jonkuyarlari!

Bugun 27-mart — Xalqaro teatr kuni. Shu munosabat bilan ushbu sohada faoliyat koʻrsatib kelayotgan teatrlarning barcha fidoiy xodimlarini, ularga taʼlim berayotgan ustozlarini bu qutlugʻ sana bilan tabriklayman! Har qanday davrda ham teatrlarimiz, unda mehnat qilayotgan mutaxassislar xalq bilan barga, hamnafas boʻlib kelishgan. Ularning dardi bilan yashab, xursandchiligidan quvongan. Hozir ham shunday ekanligiga guvohmiz.

Teatrlar bayrami bilan millionlab tomoshabinlarni ham muborakbod etish barobarida, butun insoniyat uchun haqiqiy sinov boʻlmish “koronavirus pandemiyasi” davridan barcha yurtdoshlarimiz bilan sogʻ-salomat oʻtib, tomosha zallarini toʻldiramiz deb niyat qilamiz.

Biz uchun jonlarini xatarga qoʻyayotgan qadrli shifokorlarimizning barcha tavsiya va koʻrsatmalariga amal qilgan holda karantin davrida hayotiy zaruratsiz oʻz xonadonlarini tark etmasliklarini, kasallikning ilk belgilari sezilganda, uni yashirmay oʻz vaqtida shifokorlarga murojaat qilishlarini, karantin tartib qoidalariga toʻliq rioya qilishlari har birimizning oilamiz, farzandlarimiz va nabiralarimiz sogʻligʻi uchun qilinayotgan ehtiyot choralari ekanligini unutmasliklarini soʻragan boʻlar edim. Oʻzimiz va yaqinlarimizning salomatligi uchun javobgar ekanligimizni unutmaylik.

Koronavirusga qarshi birdamlik bilan kurashamiz va biz bu kasallikni, shak-shubhasiz, yengamiz!

photo_2020-03-27_13-13-47.jpg

Tez orada teatrlarimiz sizlarning mehnatingiz samarasi natijasida yangi va sara asarlar bilan bizlarga oʻz eshiklarini ochib, muxlislar bilan toʻlib toshadi. Sizlar bilan moʻjizalar makoni boʻlmish teatrlarimizda diydorlashamiz! Yana bir bor bayramingiz muborak boʻlsin aziz teatr jonkuyarlari!

Baxtiyor SAYFULLAYEV,

Oliy Majlis Senati

Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi.

4 124
OʻzA