Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.02.2017 15:06 Chop etish versiyasi

Bankda badiiy ko‘rgazma tashkil etildi

Namanganda rassom, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, “Do‘stlik” ordeni sohibi Erkin Azizovning “Muqaddas yurtim, betakror O‘zbekistonim!” nomli ijodiy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

“Asakabank”ning viloyat filialida tashkil etilgan ko‘rgazmaning ochilishida rassomlar, bank xodimlari, keng jamoatchilik vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, san’atning barcha turlarini rivojlantirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni tarbiyalashda ularning ta’sir kuchidan samarali foydalanish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Tasviriy san’at sohasida erkin ijodiy muhitni ta’minlash, rassomlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli bugun yurtimiz mo‘yqalam ustalari jahonning turli davlatlarida shaxsiy ko‘rgazmalarini o‘tkazmoqda.

Erkin Azizov yurtimizning betakror tabiati, boy tariximiz, qadimiy milliy qadriyatlarimiz, mustaqillik yillarida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarini ranglar vositasida tarannum etib kelayotgan musavvirlardan biri.

– Ko‘rgazmaning bankda tashkil qilinishi tasviriy san’at, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarini kuchaytirishda yaxshi samara beradi, – deydi O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi Namangan viloyati bo‘limi raisi K.Qambarov. – Shunday tashabbus bilan chiqqan va biz bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan bank rahbariyati va jamoasiga viloyatimiz rassomlari hamda san’at muxlislari nomidan minnatdorlik bildiramiz.

Bankda tashkil etilgan ko‘rgazma noan’anaviyligi bilan barchaning e’tiborini tortdi. Shu kuni kundalik moliyaviy ishlari bilan bankka kelgan mijozlar o‘zlarini jozibador olamga tushib qolganday his qildilar. Bankning muhtasham foyyesi, yo‘laklar devori, zina va ustunlarga osilgan san’at asarlari mo‘jazgina galereya ko‘rinishini oldi.

– Mazkur tadbir bankimiz xodimlari uchun ham, mijozlar uchun ham kutilmagan tuhfa bo‘ldi, – deydi "Asakabank" viloyat filiali bo‘lim boshlig‘i A.Mavlonov. – Bu yerda namoyish etilayotgan asarlar kishiga estetik zavq, ruhiyatiga ko‘tarinkilik bag‘ishlaydi. Hisob-kitoblar, raqamlardan toliqqan aqlga orom, yangi kuch-quvvat beradi.

Akramjon Sattorov, O‘zA
1 896






Все о погоде - Pogoda.uz