Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.03.2017 21:24 Chop etish versiyasi

Bahor tarovati san’atkorlar madhida

Mamlakatimizda "Bahor nafasi" xalqaro san’at festivali boshlandi 

Har bir xalqning milliy qiyofasini tanitishda, uning ijodiy salohiyati, boy va betakror ma’naviy boyligini bo‘y-basti bilan namoyon etishda milliy san’atning o‘rni beqiyosdir. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan asos solingan milliy madaniyatimiz va san’atimizni yanada ravnaq toptirish, ijod ahlining samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlarni yaratish, ulg‘ayib kelayotgan avlodni yoshlikdan san’atning maftunkor olamiga oshno etish borasidagi ezgu tashabbuslar bugun izchil davom ettirilmoqda.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi chora-tadbirlarni zamon ruhiga hamohang yo‘lga qo‘yish, ilm-fan, adabiyot va ma’naviyat, san’at va madaniyat fidoyilariga alohida ehtirom ko‘rsatish, iste’dodli o‘g‘il-qizlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga oid sa’y-harakatlar yangi-yangi ijodiy tashabbuslarga qanot bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etilgan "Bahor nafasi" xalqaro san’at festivalidan ko‘zlangan asosiy maqsad xalqimizning noyob, o‘ziga xos musiqa, an’anaviy va orkestr ijrochiligi, teatr san’atini yanada boyitishdan iboratdir. Mazkur ijodiy loyiha nomoddiy madaniy merosni keng targ‘ib etish, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod ongiga ushbu bebaho boyliklarga hurmat va ehtirom tuyg‘ularini chuqur singdirish imkonini beradi. Iyun oyiga qadar davom etadigan ushbu festival milliy qadriyatlarimiz, an’analarimizni asrab-avaylash, san’atning turli yo‘nalishlarida shakllangan maktab va yo‘nalishlarni yanada rivojlantirish, ushbu sohada erishilgan yutuqlarni musiqa ixlosmandlariga keng namoyish etishga xizmat qiladi.

Rang-barang konsertlar, mahorat saboqlari, uchrashuvlar, festivallarga boy bo‘lgan san’at va ma’naviyat marafonida mamlakatimizning yetakchi badiiy jamoalari, orkestrlar, teatrlar, ashula va raqs ansambllari bilan birga AQSh, Bolgariya, Germaniya, Rossiya, Ozarbayjon kabi davlatlarning ijodiy jamoalari, xonanda va sozandalari, musiqa san’ati sohasida ta’lim berayotgan professor-o‘qituvchilari ham ishtirok etadi. Bu o‘zaro aloqalarni yanada kengaytirish, yangidan-yangi ijodiy hamkorlik ufqlarini belgilab olishda muhim ijodiy maydon vazifasini o‘taydi.

Festival tadbirlari poytaxtimizdagi "O‘zbekiston" xalqaro anjumanlar, "Istiqlol", "Turkiston", Musiqa saroylari, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik Katta teatri, madaniyat va istirohat bog‘lari bilan birga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlardagi teatrlar, muzeylar, san’at koshonalarida, madaniyat saroylarida ham o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. O‘zbekiston milliy simfonik, "Turkiston", "So‘g‘diyona", "O‘zbekiston solistlari", Davlat akademik xalq cholg‘ulari, Milliy estrada, Yoshlar simfonik orkestrlari, Respublikada xizmat ko‘rsatgan xor jamoasi jahon va o‘zbek kompozitorlarining eng sara asarlaridan iborat konsertlarni muxlislarga taqdim etadi. O‘zbekiston badiiy jamoalari ijodiy birlashmasi, qator ashula va raqs, maqom ansambllari, raqs guruhlari milliy musiqa va raqs san’atidan namunalarni tomoshabinlar e’tiboriga havola etishi ko‘zda tutilgan.

San’at bayrami doirasida ko‘p ovozli ansambl va orkestrlar ishtirokidagi "Navro‘z sadolari", yosh opera xonandalarining "Yoshlik bahori", umrboqiy qadriyatlarimizga oid "Onam aytgan allalar", folklor san’atiga bag‘ishlangan "Boysun bahori", "Nurli navolar" kabi festivallarning o‘zaro uyg‘un o‘tishi shubhasiz. Uyg‘onish faslining xush havosi, tabiatning eng go‘zal va maftunkor pallasida "Do‘stlik ko‘priklari", "Navro‘z keldi", "Xorazm navolari", "Ko‘klam nafasi", "Keksalar e’zozda" deb nomlangan konsert dasturlari turli yoshdagi musiqa ixlosmandlari, nuroniylar, xotin-qizlar, talaba-yoshlarga quvonch bag‘ishlaydi.

Festival dasturidan teatr san’atiga oid tadbirlar ham o‘rin olgan. Toshkent shahri hamda viloyatlardagi teatr jamoalari o‘z spektakllarini tomoshabinlarga taqdim etadi.

Xalqaro san’at festivali doirasida O‘zbekiston davlat san’at muzeyi va O‘zbekiston amaliy san’ati muzeyida "Bahor nafasi", "Zardo‘zlik", "Oltin qo‘llar" ko‘rgazmalari, musavvir Chingiz Ahmarov ijodiga doir "Yuksak mahorat sohibi" nomli badiiy ko‘rgazma tashkil etiladi. Turli ijodiy konferensiyalar muzeyshunoslik, baxshilik, folklor-etnografiya san’atining rivojlanish yo‘llari, bugungi taraqqiyot tendensiyalari, kelgusidagi istiqbollarini belgilab olish, o‘zaro fikr va tajriba almashishda muhim ahamiyat kasb etadi.

San’atning qator yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etgan ushbu festival xalqimizning bebaho ma’naviy, madaniy boyliklari, kuy-qo‘shiq, jozibador raqslar, badiiy mukammal asarlarga bo‘lgan muhabbati va ehtiromini yanada kuchaytirib, barchaga cheksiz zavq ulashadi.

"Bahor nafasi" xalqaro san’at festivalining ilk tadbirlari O‘zbekiston milliy simfonik hamda "Turkiston" kamer orkestrlarining konsertlari bilan boshlandi.

Nazokat Usmonova, O‘zA
2 232






Все о погоде - Pogoda.uz