O‘zA O`zbek

15.03.2019 20:30 Chop etish versiyasi

“Bahor taronalari” tanlovi

“Bahor taronalari” tanlovi

Jizzaxda “Bahor taronalari” anʼanaviy koʻrik-tanlovi boʻlib oʻtdi. Unda Navruz ayyomi, urf-odat va udumlarimiz tarannum etilgan folklor sanʼati namunalari, oʻlan va laparlar, zamonaviy kuy-qoʻshiqlar yangradi.

Jizzax viloyati madaniyat boshqarmasi tomonidan oʻtkazib kelinayotgan ushbu koʻrik-tanlov bu yil ham Navroʻz bayramiga hozirlik koʻrishdagi dastlabki muhim tadbirlardan biri boʻldi. Koʻrik-tanlovning Yunus Rajabiy nomidagi musiqali drama teatrida oʻtkazilgan yakuniy bosqichida barcha tuman va shaharlarning gʻolib badiiy jamoalari, folklor guruhlari, yakkaxon ijrochilari ishtirok etdi.

Tanlovda Forish tumani madaniyat va dam olish markazi qoshidagi “Bogʻdon gullari” folklor-etnografik xalq ansambli birinchi oʻrinni egalladi. Ansambl ijrosidagi tuman hududiga xos qadimiy “Yormo”, “Hay-hay, momo”, “Choʻmongul” kabi qoʻshiq-raqslardan iborat dastur yuqori baholandi.

Ikkinchi oʻrinni Sh.Rashidov tumani “Zebomxon”, uchinchi oʻrinni Zafarobod tumani “Oypari” folklor etnografik xalq ansambllari egalladi.

Shuningdek, turli nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblar aniqlanib, munosib taqdirlandi.

Gʻoliblar va faol ishtirokchilar viloyat va tumanlarda oʻtadigan Navroʻz bayrami tantanalarida oʻz dasturlari bilan qatnashishlari tavsiya etildi.

Toshqul BЕKNAZAROV, OʻzA muxbiri
1 454