O‘zA O`zbek

29.02.2020 Chop etish versiyasi

Bahor, muhabbat va sadoqat kuychisini xotirlab...

Bahor, muhabbat va sadoqat kuychisini xotirlab...

Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan Oʻzbekiston xalq shoiri, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti laureati Zulfiya Isroilova tavalludining 105-yilligi munosabati bilan “Chigʻatoy” qabristonida shoira qabriga gul qoʻyish marosimi oʻtkazildi.

Marosimda ishtirok etgan atoqli yozuvchi-shoirlar, jamoat arboblari shoira qabrini ziyorat qilib, Zulfiya siymosini yorqin xotiralar va ezgu voqealar bilan yodga oldi.

Xotira tadbiri uyushmaning katta majlislar zalida Zulfiya xotirasiga bagʻishlangan adabiy-maʼrifiy anjuman bilan davom etdi. Unda davlat va jamoat arboblari, shoir yozuvchilar, adabiyotshunoslar, talaba-yoshlar, ijodiy tashkilotlar vakillaridan iborat keng jamoatchilik jam boʻlishdi.

Tadbirni Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid ochdi va barcha yigʻilganlarni yaqinlashib kelayotgan 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan qizgʻin qutlab, Zulfiya Isroilovaning oʻzbek va umumjahon adabiyotiga qoʻshgan hissasi haqida gapirib, jumladan shunday dedi:

– Zulfiya siymosi – oʻzbek sheʼriyatida bahor, muhabbat va sadoqat kuychisi, deb bejiz aytilmaydi. Zero, shoiraning hayoti har bir oʻzbek ayoliga ibrat boʻladigan namunadir. Zulfiyaning butun ijodi – Oʻzbekiston diyorining ilhom madhiyasi, inson mehnati, sevgi va yerdagi adolat madhiyasidir.

2004-yilda mamlakatimizda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti taʼsis etilgan. Ushbu mukofot adabiyot, sanʼat, ilm-fan, madaniyat va taʼlim sohalarida muvaffaqiyatga erishgan qizlarga har yili 8-mart bayrami kunida taqdim etiladi. Bugungi kunga kelib, izdoshlarining safi tobora kengayib borayotgani esa unga boʻlgan muhabbat va iftixor belgisidir.

Darhaqiqat, shoira ijodida oʻzbek ayolining taqdiri katta oʻrin egallaydi. Uning mamlakat hayotidagi faol oʻrni muhim ahamiyat kasb etadi. Shoira sheʼrlarida ayollik nafosatini tarannum etishdan charchamaydi. Zulfiya sheʼriyati tabiatga hamda insoniyatga boʻlgan joʻshqin sevgi va mehr bilan burkangan. Misralarida tabiatni och ranglarda, yorqin boʻyoq va timsollarda tasvirlaydi. Olijanoblik, jasorat, xalq gʻururi, samimiy tuygʻular, zangori ranglar, kutilmagan yangi timsollar bilan yoʻgʻrilgan lirikasi, kitobxon qalbiga ajib koʻklamiy halovat baxsh etadi, insonning ezgulikka, poklikka boʻlgan ishonchiga ishonch qoʻshadi.

Anjuman davomida soʻzga chiqqan Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimlari Qutlibeka Rahimboyeva, Muhtarama Ulugʻova, taniqli adiba Olmos Ahmedova, “Saodat” jurnali bosh muharriri Munavvara Usmonova, oila aʼzolaridan Lola Muhiddinovalar shoiraning ayollik latofati, sadoqati hamda ijodining eng nozik nuqtalariga chizgilar berdi. Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi oʻquvchilari shoiraning sheʼrlaridan namunalar oʻqidi.

– Zulfiyaxonim oʻz sheʼrlarida asosan oʻzbek ayollari, qizlarining baxt va tashvishlari haqida baralla kuyladi, – deydi Qutlibeka Rahimboyeva. – Uning har bir misrasi bahor bilan hamnafas. Bularni shoiraning eng mashhur sheʼrlari “Hulkar”, “Men tongni kuylayman”, “Yuragimga yaqin kishilar”, “Mening bahorim” kabilarda koʻrish mumkin.

Anjuman “Mushoira etadi davom” nomli Zulfiya izdoshlari ishtirokidagi mushoira bilan yana-da koʻtarinki ruh kasb etdi. Unda yosh shoira qizlar Zulfiya ijodi namunalaridan, ustozga atab yozgan sheʼrlaridan oʻqib berdi.

Atoqli shoira Zulfiya Isroilova tavalludining 105-yilligiga bagʻishlangan madaniy-maʼrifiy tadbirlar mamlakatimizning barcha hududlarida yuqori saviyada boʻlib oʻtmoqda.

5 243
O.Bekmurodova, O.Mirsoatov (surat), OʻzA