O‘zA O`zbek

31.03.2019 Chop etish versiyasi

Bahor madhini yozma adabiyotidagi asoschisi haqida suhbat

Bahor madhini yozma adabiyotidagi asoschisi haqida suhbat

Bahor. Bu fasl fazilatlarini oʻtmishning donishmandlari ham madh etib tugata olmagan. Misol uchun, Yusuf Xos Hojibning mashhur “Qutadgʻu bilig” asarida ham bahor tasviriga maxsus bob ajratilgan.

Avval yer yuzasidagi oʻzgarishlar tasvirga olinadi. Bunda daraxtlarning gullashi, oʻt-oʻlanlarning koʻkarib chiqishi, ularning xilma-xilligi, ayni paytda bu faslga xos boʻlgan goʻzallik, latofat maxsus taʼkidlanadi. Soʻng havo va osmondagi oʻzgarishlarga oʻtiladi. Bunda atirgulning muattar hididan boshlab, osmonda shodon oʻynayotgan qushlargacha tasvirlanadi. Tasvirlarda adibning nozik kuzatishlari, hassos va sezgir qalbi koʻrinib turadi:

Gʻoz, oqqushu, oʻrdak havoda shodon,

Oʻyinga berildi quvonib chunon.

Koʻkish turna koʻkda navosin cholar,

Tuya karvonidek tizilar, chopar.

Birovi qoʻnar, koʻr, birovi uchar,

Birovi chopar, koʻr, biri suv ichar.

photo_2019-03-30_19-44-41 (2).jpg

Yusuf Xos Hojib tasviridagi qushlarni ham koʻz oldimizga keltirish qiyin emas. Oʻz mulohazalarini shu qadar mohiron ava koʻngilga yaqin tarzda ifodalay olgan ilk turk dostonnavsh Yusuf Xos Hojib ijodi haqida suhbatlashish uchun Toshkent davlat sharqshunoslik instituti professori Boqijon Toʻxliyev bilan uchrashdik.

– Aslida “Bahor madhi”ni turkiy adabiyotdagi ilk qasida sifatida baholash mumkin, – deydi biz bilan suhbatda filologiya fanlari doktori, Toshkent davlat Sharqshunoslik instituti professori Boqijon Toʻxliyev filologiya fanlari doktori, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti professori Boqijon Toʻxliyev.– Chunki u oʻsha davr hukmdori Bugʻroxonga bagʻishlangan. “Bahor madhi” 59 baytdan ibrat. Parchada Yusuf Xos Hojib uslubining oʻziga xos qirralari juda yorqin koʻringan. Ayniqsa, tabiat tasvirining berilishi muayyan badiiy maqsadlar bilan aloqador.

photo_2019-03-30_19-44-41.jpg

Shoir Bugʻroxon madhiga oʻtishdan oldin tabiatni bor goʻzalligi, chiroyi, tarovati bilan tasvirlaydi. Uning eng nafis, ayni paytda, dilkash tomonlariga diqqatini qaratadi. Ularning koʻtarinki ruhidagi tasviri Bugʻroxon shaxsiyatini taʼriflashga boʻysundiriladi. Bahor haqidagi koʻtarinki misralar Bugʻroxon madhiga zamin tayyorlagan.

“Bahor madhi”ni yozma adabiyotda bahorga bagʻishlangan dastlabki asar sifatida baholash mumkin. Keyinchalik bunday sifatlar keyingi asrlarda keng quloch yoyganini kuzatish mumkin. Yusuf Xos Hojib ushbu anʼananing yozma adabiyotidagi asoschisi sifatida oʻziga xos oʻringa egadir.

Demak, bahor tasviri shoir uchun qalb toʻlqinlarini, tabiat manzaralari tufayli hosil boʻladigan tuygʻular toʻlqinini aks ettirishga imkon boʻlib qolmasdan, ayni paytda, yanada jiddiyroq voqealarni tasvirga tortish vositasi hamdir. XI-asr soʻz sanʼatining nodir namunasi hisoblanadigan “Qutadgʻu bilig” Balasogʻunda boshlanib, Qashqarda tugatilgani, qoraxoniy hukmdor Tavgʻoch Bugʻroxonga taqdim etilgan. Ammo, doston oxiridagi shikoyat ohanglariga qaraganda, shoir umrining oxiri ogʻir kechgandek, nazarimda.

Taassufki, bu buyuk alloma haqida uning oʻz asaridan boshqa biror yerda maʼlumotlar saqlangan emas. Sharqdagi Uygʻonish davrining turkiy muhitdagi dastlabki yirik siymosi - Yusuf Balasogʻuniy Yettisuv oʻlkasidagi Kuzoʻrda (Balasogʻun) shahrida 1021 yilda dunyoga keladi. Uning mashhur asari “Qutadgʻu bilig” toʻrt yuz oltmish ikkinchi-hijriy yil, milodiy 1069-1070 yillarda yozilgan. “Qutadgʻu bilig” asarini 1070 yilda yozib tugatgan Yusuf oʻzi haqida asar muqaddimasida shunday maʼlumot beradi: “Bu kitobni tartib beruvchi Balasogʻunda tugʻilgan, sabr-qanoatli kishidir. Ammo bu kitobni Koshgʻarda tugal qilib, Mashriq maliki Tavgʻachxon dargohiga keltiribdir. Malik uni yorlaqab, ulugʻlab, oʻz saroyida Xos Hojiblik lavozimini beribdi. Shuning uchun Yusuf Ulugʻ Xos Hojib deb mashhur nomi tarqalibdi”. Kitobda nomi tilga olingan xoqon Nasriddin Tavgʻach ulugʻ Bugʻro Qoraxon Abu Ali Hasan Xorunxon binni Arslonxon boʻlib, 1070–1103 yillar davomida Qoraxoniylar davlatini boshqargan.

Adibning ismi Yusuf ekanligi haqida asar soʻnggidagi qasidalardan birida oʻqiymiz:

E Yusuf, kerak soʻzni soʻzla qoʻni,

Keraksiz soʻzug kezla, qilgʻa qoʻr-a.

Ey Yusuf, kerak soʻzni roʻyi rost soʻzla,

Keraksiz soʻzni yashir, (chunki u) ziyon qiladi.

Kitob Qashqar eligi – hukmdori Tavgʻach ulugʻ Bugʻro xonga tortiq qilinadi. Buning evaziga esa u Xos Hojiblik lavozimi bilan taqdirlanadi. Bu haqida asarning nasriy muqadimasidagi bitiklardan bilib olish mumkin. Unda shunday deyiladi: “Ammo bu kitobni Qashgʻarda tugal qilib, Mashriq maliki Tavgʻachxon dargohiga keltiribdi. Malik uni yorlaqlab, ulugʻlab, oʻz (saroyida) Xos Hojiblik (lavozim) ini unga beribdi. Shuning uchun Yusuf Ulugʻ Xos Hojib deb mashhur nomi tarqalibdi”.

Dostonda adibning yoshi borasida ham ayrim ishoralar mavjud boʻlib, adib asar yozilgan paytda ellik bilan oltmish orasida boʻlgan.

“Qutadgʻu bilig” - qut (saodat, baxt) ga elituvchi bilim ekani haqida koʻp eshitganmiz, ayni vaqtda uning bir necha nusxasi borligi aytiladi?

– “Qutadgʻu bilig”ning uch qoʻlyozma nusxasi mavjud. Ulardan ikkitasi: Namangan va Qohira nusxalari arab, Hirot nusxasi esa uygʻur yozuvida koʻchirilgan. Qohira nusxasi hozirda Qohiradagi Hidu kutubxonasida Namangan nusxasi esa Toshkentda saqlanmoqda. Asarga keladigan boʻlsak, uni vatan, el-yurt madhiyasi deb atash mumkin. Zero, asar toʻlaligicha turkiy xalqlarning davlat tuzilishi, el-yurt farovonligini taʼminlashga qaratilgan omillarning badiiy tahlilidan iboratdir. Ana shu tahlillar jarayonida Yusuf Xos Hojib oʻz vatanining tolmas oshigʻi, oʻz elining sadoqatli va fidokor farzandi sifatida namoyon boʻladi. U asarda goh olam sirlaridan yaxshi xabardor mutafakkir, goh qadim moziy sarhadlariga nazari yetgan muarrix, goh zamonasining turli sohalariga oid fanlardan puxta xabardor boʻlgan zukko olim va tabiiyki, inson qobiliyatining turli-tuman manzaralarini aks ettiruvchi hassos shoir sifatida koʻrinadi.

Yusuf Xos Hojib nazarida Vatanga xizmat bu dastlab xalqqa, elu-yurtga xizmat qilishdir. Uning nazarida har bir shaxs jamiyatning ogʻirini yengillatishga urinmogʻi kerak. Buning uchun esa har bir kishi oʻz ishi bilan shugʻullanmogʻi, halol, pokiza, yashamogʻi, oʻzining tor shaxsiy manfaatlari doirasida biqinib qolmasdan el-yurt manfaatlarini ustun qoʻya oladigan darajaga koʻtarilmogʻi shart.

El-yurt taqdiriga kuyinish aslida kishilarning shaxsiy xislat-fazilatlarga bogʻliq. Koʻzi och odam el manfaati, yurt taqdiriga befarq boʻladi, u faqat oʻzinigina oʻylaydi.

Chigʻay qilsa kimni koʻzi suqliqi

Bayutmas ani bu ajun toʻqliqi.

Kimni koʻzi suqligi qashshoq qilsa,

Albatta, “Qutadgʻu bilig”ning badiiyligi juda yuqori. Uning juda koʻp baytlari xikmatli soʻz (aforizm) darajasiga koʻtarilgan. Toʻrtta yetakchi qahramon - Kundugʻdi, Oytoʻldi, Oʻgdulmish, Oʻzgʻurmishlar oʻzaro suhbati misolida kuchli bir asar yaratilganini kuzatish mumkin.

Toʻgʻri ularning har biri ramziy tarzda adolat, davlat, aql va ofiyat (qanoat)ni ifodalaydi. Ayni paytda asarda ular muayyan lavozim egasi sifatida koʻrinadi. Kundugʻdi – elik (hukmdor) – Adolat, Oytoʻldi – vazir – Davlat, Oʻgdulmish – vazirning oʻgʻli, (keyinchalik vazir) – Aql, Oʻzgʻurmish – zohid – Ofiyat (qanoat). Yusuf Xos Hojib tasvirida Kuntugʻdi “qilmishlari toʻgʻri, feʼlu raftori rost, tili chin, yetuk, koʻzi va koʻngli boy, bilimli, zakovatli, hushyor, yomonlarga misli bir olov edi”.

Kuntugʻdiga adolat ramzining berilishi tasodifiy emas. Adib bu bilan davlat tepasida Adolat, yaoni adolatli hukmdor va adolatli qonun-qoidalar turishi kerak, degan aqidani bayon etadi. Kuntugʻdi degan nom ham oʻrinlidir. Chunki kun – quyosh hammaga bir xil yorugʻlik beradi. Hammani birdek isitadi. U uchun katta-kichik, boy-kambagʻalning farqi yoʻq. Adolatning qarshisidagi eng yaramas illatlar, yolgʻonchilik, suqlik, zoʻravonlik, uyatsizlik, andishasizlik, ish ustida gʻazabkor boʻlish, boshqalarga naf bermaslik, ichuvchilik, egri qoʻllikdir. Kuntugʻdi ezgu kishi hech qachon oʻz tabiatini oʻzgartirmaydi, chunki yaxshi qiliq oq sut bilan kirsa, oʻlim kelib tutmaguncha oʻz tarzini buzmaydi, deb uqtiradi.

Oytoʻldi – vazir, ayni paytda Davlat ramzi. Uning feʼl-atvorida barcha ezgu xislatlar mujassam. Oʻzining Davlat ramzi ekanligini u shunday izohlaydi: “Bir kuni Elig – hukmdor uni chaqirtirib keladi. Shunda u yonidan bir toʻp-koptok oladi va unga oʻtiradi. Elig unga xursandlik bilan qarasa, Oytoʻldi koʻzini yumib oladi. Elig unga iltifot bilan qarasa, Oytoʻldi yuzini oʻgirib oladi. Shunda Elig qahrga keladi, va men adashdim shekilli, jiddiy sinamay turib, senga shuncha ehtirom koʻrsatdim”, deydi. Shunda Oytoʻldi quyidagicha javob beradi:

“Sen oʻrin berding, men avvaliga oʻtirmadim, chunki mening oʻrnim yoʻq, buni bilib ol, demoqchi boʻldim. Koptok menga oʻxshaydi.

U oʻrinsiz dumalab yurgani kabi Davlat ham beqarordir. Iltifot qilganingda koʻzimni yumganligim, mening qilmishlarim jafo, menga ishonma, deganim edi.

Davlatga Oytoʻldi degan nomning berilishi ham ramziy – majoziy ishoralarga boy. Chunki oy dastlab juda kichik boʻlib chiqadi. Toʻlishgan sari uning nuri ortib boradi. Ammo endi toʻldi, nuri koʻpaydi degandi, birdaniga yoʻq boʻlib qoladi. Oytoʻldining talqinicha, Davlat ham xuddi shu sifatga ega, shuning uchun ham unga koʻngil qoʻyib boʻlmaydi.

Oʻgdulmish – asardagi eng faol qahramon. Oʻgdulmish soʻzining maʼnosi “oʻg” bilan bogʻliq. U “aql”, “aql-idrok” maʼnosiga ega. Oʻgdulmish “aql bilan ziynatlangan” demakdir. Uning asarda vazirning oʻgʻli darajasidan vazir martabasiga koʻtarilishi bejiz emas.

Asar qahramonlaridan yana biri Oʻzgʻurmishdir. Buning maʼnosi “hushyor qiluvchi”, “sergaklantiruvchi” degani. Uning zohid qiyofasida koʻrinishida shu maʼnoga uygʻunlik bor. U behuda ishlar bilan band boʻlish, har xil mayda-chuyda orzu-havaslarga ovunib qolishdan ogohlantiradi. Mudrab borayotgan tuygʻularni sergaklantiradi. Dunyoda faqat davlat yoki aql bilan bitirib boʻlmaydigan ishlar ham borligidan, inson koʻnglida nozik tuygʻular mavjlanib turishidan xabar beradi, shu tuygʻularga beparvo boʻlmaslikka undaydi, hushyorlikka chaqiradi. U Oʻgdulmishga shunday deydi: “Sen tansiq taomlarni, men esa oddiy arpa oshni yeymiz. Uxlab tursak, ikkimiz ham och qolamiz. Shunday ekan, bunday ovqatlarga ruju qoʻyishning nafi yoʻq. Sen kimxoblarga oʻralib yurasan, men esa qopdan tikilgan toʻn bilan kifoyalanaman. Ertaga oʻlim kelsa, ikkimiz ham yalangʻoch ketamiz-ku! Demak, tanni emas, ruhni boyitish lozim.

Haqiqatdan ham Yusuf Xos Hojibning har bir obrazi oʻziga xos “yuk” koʻtarib turadi. Shoir tashbehlari taʼsirchan ifodasi bilan birga keltirilgan obrazni aniq tasavvur qilishda ham koʻmakka keladi.

– Yusuf Xos Hojib soʻz qudratini, ona tilining ichki imkoniyatlarini nozik darajada his etadi. Uning oʻzi “men turkcha soʻzlarni yovvoyi togʻ kiyigi singari deb bildim, shunga qaramay ularni avaylab-asrab qoʻlga oʻrgatdim”, deb yozadi.

Til arslon turur, koʻr, eshikda yatur,

Aya evlug, arsiq boshingni yeyur.

Til hovlida (yaoni qafasda) yotgan arslon kabidir,

Ey, qafasdagi (makkor) vahshiy boshingni yeydi.

Ushbu baytlardagi oʻxshatish oʻzining yuksak taʼsirchanligi bilan xarakterlidir. Chunki, shoir tilni arslonga oʻxshatish bilan tinglovchi kitobxonni katta bir havfdan – yomon va behuda soʻzlarni soʻzlashdan mutafakkirona ogohlantiryapti.

Boʻdum erdi oʻqteg, koʻngul erdi ya,

Koʻngul qilgʻu oʻqteg, boʻdum boʻldi ya.

Qaddim oʻqteg (toʻgʻri), koʻnglim esa yoy (dek shay) edi,

Koʻngil orzulari hanuz oʻqdek, (lekin) qaddim yoy boʻldi.

Shoir bu yerda yoshlikni, kuch-shijoatli davrni qad misolida oʻqqa, koʻngilni esa yoyga tashbeh beradi, ammo yigitlik qarilik bilan oʻrin almashgach, keksa dil orzulari hamon ilgarigiday joʻshqinligini, biroq bu orzu-istaklarni amalga oshirish mushkullashganini obrazli tarzda ifodalamoqda. Qadning yoyga oʻxshatilishi zamirida qahramonning mashaqqatli hayot girdobida qolganligiga ishora yotadi. Yana shunisi diqqatga sazovorki, Yusuf qoʻllagan bu tashbeh keyinchalik turkiy adabiyotda, jumladan, oʻzbek adabiyotida ham anʼanaviy obrazga aylanib qoldi. Qadni dolga, yuzni oyga, tiriklik (hayot) ni rabotga, yigitlikni argʻumoqqa, bilimni kimyoga, soʻzni zaharga, shakarga, koʻngilni dengizga, shishaga, bilimni mashoalga, zolim amaldorlarni boʻriga, xalqni qoʻyga va bekni qoʻychivonga oʻxshatish ham ana shunday yozma adabiyotda anʼanaga aylandi.

Asar oʻxshatishlarining yana bir xislatini taʼkidlash lozim. Bu maʼlum bir oʻxshatishning turli obrazlarni yoritishda qoʻllanishidir. Masalan, yilqi (hayvon) obrazi nodon odam, bilimsiz kishi, zakovatsiz shaxs, ochkoʻz inson va umuman yomon xulqli, yaramas odatli kishiga nisbatan qoʻllanadi. Boʻri obrazining esa lashkarboshi, yov-dushman, mard, er, oʻlimga nisbatan qoʻllanganini koʻrish mumkin. Lekin, ularning hammasida boʻri obrazi ayni bir maʼnoda kelmaydi.

Bir obrazga turli oʻxshatishlarni keltirib izohlash “Qutadgʻu bilig” badiiyatiga xos xususiyatdir. Masalan, kishining yuzi suyak oy, osh, argʻuvon, boʻzga oʻxshatiladi. Suyak or-nomusli kishiga nisbatan qoʻllanadiki, bu bilan shoir uning hech kimga kerak emasligini, tashlandiq narsa barobaridagi shaxs ekanligini uqtiradi. Oy esa Sharq adabiyotida yuz goʻzalligining (va umuman goʻzallikning ham) ramzidir. Yuzning oshga oʻxshatilishi kishi tashqi koʻrinishining yoqimliligiga ishora. Argʻuvon-qizil yuz timsoli. Qizil yuz esa goʻzallikning oʻziga xos “oʻlchov birligi” dir. Boʻz qoʻrqib ketgan yoxud noqulay ahvolda qolgan odam yuzining belgisi sifatida keladi.

Bularning hammasi shuni koʻrsatadiki, “Qutadgʻu bilig” – turkiy tildagi dastlabki yirik yozma badiiy doston, oʻzida turkiy xalqlar ogʻzaki ijodi anʼanalarining juda kuchli taʼsirini saqlagan.

2 585
Sayyora Shoyeva, OʻzA