O‘zA O`zbek

24.07.2019 16:13 Chop etish versiyasi

Asrga tatigulik ikki yil yoki vaqtning boʻysundirilishi

Asrga tatigulik ikki yil yoki vaqtning boʻysundirilishi
Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!

Jizzax shahridagi “Mingyuan silu industry” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi Oʻzbekiston – Xitoy qoʻshma korxonasida yiliga 7 million kvadrat metr 30 xildagi bezakli qurilish oynasi ishlab chiqarilmoqda.

Ushbu korxonaning ishga tushirilishi bilan Oʻzbekiston ham bezakli oyna ishlab chiqaradigan dunyoning Ukraina, Belarus, Eron va Xitoy kabi sanoqli mamlakatlari qatoridan joy oldi.

Korxona zamonaviy texnologiya bilan jihozlangani tufayli istalgan qalinlik va hajmda mahsulot tayyorlash imkoniyatiga ega. Mutaxassislarning eʼtirof etishicha, korxona oynalarining sifati boshqa mamlakatlarda ishlab chiqarilayotgan shu turdagi mahsulotlarnikidan aslo qolishmaydi.

Ichki va tashqi bozorda talab yuqori boʻlgan bezakli oynalar Rossiya, Qozogʻiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston va Tojikiston kabi mamlakatlarga eksport qilinmoqda.

Hozir korxonada 210 ishchi-xizmatchi mehnat qilayotir. Ularning 30 nafari xitoylik mutaxassislar, qolganlari mahalliy yoshlardan iborat. Umumiy loyiha 110 million dollar boʻlgan ushbu korxona toʻliq ishga tushirilishi bilan yiliga 20 million kvadrat metr oyna mahsuloti ishlab chiqariladi. Quvvatga mutanosib ish oʻrinlari ham koʻpayadi.

Korxona mahalliy xomashyo bilan ishlayotgani yana bir katta qulaylikdir. Oyna ishlab chiqarish uchun boʻlgan dala shpati, kalsiyli soda, kvars qumi, ohaktosh kabi 7 turdagi xomashyo viloyatning oʻzidan va Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlaridan keltirilmoqda.

Ushbu oyna zavodi viloyatda keyingi ikki yilda ishga tushgan mahalliy xomashyodan eksportga mahsulot chiqaruvchi yagona korxona emas. Forish tumanidagi “Mega invest industrial” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi Oʻzbekiston – Buyuk Britaniya qoʻshma korxonasi ahamiyati jihatidan oyna zavodidan aslo qolishmaydi.

Zamonaviy qurilishda keng qoʻllaniladigan mineral tolalar va polimer yelimlar asosida koʻp maqsadli kompozit armaturalarni ishlab chiqaruvchi loyiha qiymati 51,8 million dollarga teng boʻlgan yirik korxonaning ishlab chiqarish sexlari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining 13 million dollarlik krediti evaziga Rossiya, Turkiya, Germaniya va Avstriya kabi mamlakatlarda ishlab chiqargan eng zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Bugungi kunda korxona mahalliy xomashyo hisobiga ishlab chiqarayotgan mahsulot bir necha xorijiy mamlakatlarga eksport qilinayotir.

Har qanday zamonaviy inshoot asosiy ikkita materialdan temir-beton va oynadan bunyod etiladi. Bundan ikki yil avval armatura ham, oyna ham viloyatga chetdan keltirilar edi.

– Bugun aynan shu mahsulotlar hududdagi qurilishlarda ishlatilishi barobarida xorijga eksport ham qilinayotir, – deydi Jizzax viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari Gʻanisher Mamatqulov. – Viloyat hududida vollastonit, bazalit, flyusli ohaktosh, barit, marmarli oniks, sement xomashyosi, kremniy, plotin, keramzit kabi 70 xil foydali qazilma konlari roʻyxatga olingan. Bugungi kunda ushbu konlarning 31 tasidan sanoat usulida qazib olish ishlari yoʻlga qoʻyilgan. 35 ta oʻzlashtirilmagan konlarga tadbirkorlarni jalb qilish ishlari olib borilmoqda.

Ushbu tabiiy boyliklardan foydalanish hisobiga viloyatda yaqin kelajakda sement ishlab chiqarish korxonalari soni 6 taga yetkazilishi, marmar, granit va bazalt plitalari ishlab chiqarish korxonalarini barpo etish rejalashtirilgan.

Bu – viloyat iqtisodiyotining ravnaqi, yangi ish oʻrinlari, aholi turmush farovonligining oʻsishi, degani.

Ushbu xomashyolar ham, ishchi kuchi va boshqa imkoniyatlar ham avvaldan bor edi. Nima uchun bu imkoniyatlardan endi, keyingi ikki yarim yilda foydalanish boshlanganining sababi koʻpchilikka ayon. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bu imkoniyatlarni avvaldan, Jizzax viloyati hokimi boʻlib ishlagan vaqtida ham bilgan, faqat undan foydalanish oʻzining irodasidan tashqarida boʻlgani tufayli ishga tushirilmagani ham bor haqiqat.

Oʻtgan qisqa davrda hududni rivojlantirish bilan bogʻliq tezkor vazifalar faqat iqtisodiyot emas, viloyat hayotining barcha sohalarida izchil yoʻlga qoʻyildi.

Jumladan, Prezidentimiz joriy yilning yanvar oyida viloyatga tashrifi davomida2019-2020-yillarda umumiy qiymati 26 trillion soʻmlik 599 sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi yoʻnalishlaridagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish natijasida 23 ming 500 dan ortiq yangi ish oʻrinlarini yaratish belgilab berildi.

Shuningdek, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish orqali viloyatga jami 914 million dollar, shundan joriy yilda qariyb 200 million dollar xorijiy investitsiya mablagʻlari oʻzlashtirilishi koʻzda tutilgan. Joriy yilning oʻtgan olti oyi mobaynida viloyatga 196 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb etilishiga erishildi.

Viloyatda 100 dan ortiq eksportyor korxonalar tomonidan jami 29,4 million dollarlik sanoat va meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilindi.

Katta oʻzgarishlar odatda iqtisodiyotda, ishlab chiqarish sohalarida tezroq samara beradi. Ammo bu islohotlar samarasini odamlar oʻz hayotida his etishi uchun ijtimoiy sohalarda oʻzgarish boʻlishi kerak. Ahamiyatlisi shundaki, Jizzax aynan bu sohada ham avvalgi qoloqlikdan qutilmoqda.

– Mamlakatimizning markazida joylashgan, transport infratizimi, tabiiy iqlim sharoiti qulay, yer osti tabiiy qazilma boyliklari serob boʻlgan viloyatdagi imkoniyatlaridan uzoq yillar yetarli foydalanilmay kelingandi, – deydi “Nuroniy” jamgʻarmasi viloyat boʻlimi rahbari Norqul Noʻsharov. – Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oʻz faoliyatining dastlabki paytlaridan boshlab viloyatning oʻzidagi imkoniyatlarni ishga solishga alohida eʼtibor qaratdi. Shu maqsadda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalari boʻyicha alohida qarorlar qabul qilindi. Mazkur hujjatlar ijrosi tufayli iqtisodiyotda, ijtimoiy sohalarda, eng muhimi, odamlarning yashash va turmush sharoitida ijobiy oʻzgarishlar boʻldi. Bu odamlarni davlatdan, olib borilayotgan islohotlardan rozi boʻlishiga olib kelmoqda.

Jizzaxliklarni hayotdan rozi boʻlishiga sabab boʻlgan katta ishlardan biri “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlarining viloyatdagi ijrosidir.

“Obod qishloq“ toʻgʻrisida koʻp yozildi. Ayniqsa, dastur birinchi boʻlib amalga oshirilgan Doʻstlik tumanidagi Manas qishlogʻi haqida respublikamiz ommaviy axborot vositalarida doimiy xabarlar berib borildi. Jizzax choʻlini oʻzlashtirishning dastlabki davrida barpo etilgan eng xarob qishloqning eng obod qishloqqa aylantirilgani faqat respublikamizdagi emas, qoʻshni mamlakatlar matbuotida ham chop etildi. Masalan, Bolosogʻun nomidagi Qirgʻiziston milliy universitetining dotsenti Mirsaid Anarbayev “Achik soz” (“Ochiq soʻz”) gazetasi 2018-yil 13-sentyabr sonining yarim sahifadan koʻprogʻini egallagan “Beqiyos oʻzgargan Manas” sarlavhali maqolasida oʻzining koʻrganlarini maroq bilan hikoya qiladi. Maqolani shunday yakunlagan:

“Manas qishlogʻi Oʻzbekistonning 10 ta viloyati oralab oʻtib, mamlakatni Eron, Afgʻoniston va Turkmaniston bilan bogʻlaydigan ulugʻ yoʻlga yaqin joylashgan. Eng muhimi qishloqqa Prezidentning nazari tushdi. Uni koʻrgani atayin uzoqlardan tashrif buyuruvchilarning qadami uzilmayapti. Istagimiz Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti boshlagan ushbu xayrli tashabbus qanot yozib, butun mamlakat obod va farovon boʻlsin”.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi va katta eʼtibori bilan Manasdan soʻng Mirzachoʻlda amalga oshirilgan ishlarning dovrugʻi yana ham keng tarqaldi. Albatta, bu ishlarni amalga oshirishda kimnidir qoyil qoldirish degan niyat hech kimning xayolida boʻlmagan. Bu ish zaruriyatdan, odamlarning ehtiyojidan kelib chiqib amalga oshirildi. Chunki oʻtgan asrning oʻrtasida choʻlni oʻzlashtirishga kelgan quruvchilarga vaqtinchalik boshpana vazifasini oʻtab, allaqachon xarobaga aylangan 54 ta barak uyda odamlar oʻzlarini dunyodan, jamiyat taraqqiyotidan uzilib qolgandek his etib yashab kelayotgan edi. Bu ish, birinchi navbatda, oʻsha odamlar uchun amalga oshirildi.

Ammo yaxshi ishni hamma koʻradi, eshitadi. Ayniqsa, davlatimiz mustaqilligining dastlabki davrlarida bu yerdagi yashashdan qoniqmay xorijga koʻchib ketgan koʻplab sobiq mirzachoʻlliklar bu oʻzgarishlarni koʻrishga ataylab keldi. Men turli atoqli sanalar, bayramlar munosabati bilan Rossiya, Qozogʻiston davlat, jamoat tashkilotlari delegatsiyalari tarkibidagi yoki mehmonga kelgan sobiq mirzachoʻlliklarning koʻpidan intervyular oldim. Ular bu yerda koʻrganlaridan hayratlarini yashirmadi.

– Mirzachoʻldan 1988-yilda ketganman, – deydi rossiyalik, pensioner Irina Mironova. – Biz yashagan paytimizda ham Gagarin shahar maqomiga ega edi. Ammo endi haqiqiy shahar boʻlibdi. Shaharning barcha infratizimi bor. Musiqa va sanʼat maktabi, Qozoq milliy teatri, “Baxt uyi”, Davlat xizmatlari agentligi tuman filiali, koʻp tarmoqli tuman poliklinikasi kabi muassasalarning yangi qurilgan, rekonstruksiya qilingan inshootlarini koʻrib havas qildik. Biz bu yerda yashagan paytlarimiz bunday inshootlarni, xizmatlarni orzu qilganmiz, lekin qachondir boʻlishini xayolga ham keltira olmaganmiz. Aytishlaricha, shahar yetti oyda qaytadan qurilibdi. Bu juda hayratlanarli!

Hammani hayratga solib boshlangan, qisqa muddatda bitkazilgan ishlar bugun viloyatning barcha tumanlarida olib borilayotir. Toʻgʻri, barchasi ham namuna sifatida amalga oshirilgan hududlardagi kabi yuqori surʼatlarda emas. Ammo ishni paysalga solayotganlarga Manas va Gagarinda vaqt degan buyuk boylikdan qanday unumli foydalanganlik eslatib qoʻyilmoqda.

Bugungi ishlarning koʻlami esa ancha katta. Joriy yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga asosan 189,1 ming aholi yashaydigan 36 ta qishloqda va 4 ta “Obod mahalla”da 517 milliard soʻmlik qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi. Dastur doirasida 22 ming 887 ta hovli joy, 391 ta koʻp qavatli uylar, 139 ta ijtimoiy soha obyektlari, 391,1 kilometr ichimlik suvi, 389,5 kilometr yoʻllar, 347,8 kilometr elektr tarmoqlari taʼmirlanadi va rekonstruksiya qilinadi.

Bu yil yana bir katta oʻzgarish – viloyatning barcha tuman markazlarini yangidan qurish boshlandi. Prezidentning 2019-yil 3-yanvardagi “Jizzax viloyatini kompleks rivojlantirishni davlat tomonidan tartibga solish va boshqarishning samarali modelini ishlab chiqish toʻgʻrisida”gi farmoni asosida ijtimoiy soha obyektlarini taʼmirlash uchun respublika byudjetidan 44 milliard soʻm, ogʻir ahvolda boʻlgan 12 ta umumtaʼlim maktablari uchun 10 milliard soʻm hamda qoʻshimcha byudjet manbalari hisobidan 24 milliard, jami 78 milliard soʻm mablagʻ ajratildi.

Shuningdek, respublikadan biriktirilgan vazirlik va idoralar tomonidan tuman markazlaridagi qurilish-obodonlashtirish ishlariga jami 29 milliard 720 million soʻm homiylik mablagʻlari jalb etildi.

“Oʻzpaxtasanoat” AJ bilan birgalikda dastlabki bosqichda har bir tumanda 1 tadan, Paxtakor tumanida 2 ta yengil konstruksiyali tikuvchilik sexi qurilayotir.

Ayni paytda barcha tuman markazlarini qayta qurish, yangilash tigʻiz grafik asosida amalga oshirilmoqda. Ilgari yillarga choʻzilgan bu ishni qisqa muddatda bajarish uchun kuch, imkoniyat bor. Tajriba ham orttirildi. Demak, belgilangan muddatdan ortiqcha vaqt sarflamasa boʻlar ekan. Faqat vaqtni irodaga boʻysundira olish kerak.

Aslida bugungi qurilishlar, qayta qurishlar, taʼmirlashlar allaqachon bajarilishi kerak boʻlgan, eʼtiborsizlik, loqaydlik, yetishmovchilik tufayli kechikkan ishlar. Davlatimiz rahbari ishni belgilangan muddatda bajarilishini qatʼiy talab qilayotgani sababi ham shunda. Bugunga belgilangan ishlar bugun bajarilishi kerak. Ertaning oʻz ishi bor.

– “Prezidentimizning alohida eʼtibori tufayli” degan gapga men unchalik qoʻshilmayman, – deydi mehnat faxriysi Abdulla Qarshiboyev. – Prezidentimiz mamlakatimizda alohida eʼtibor qaratmagan hududning ham, sohaning ham oʻzi yoʻq. Orol muammosi yechimiga amaliy kirishish, Moʻynoqdagi ishlar shu eʼtibor tufayli. Yoki nogironligi boʻlgan, kam taʼminlangan kishilarga, ayollarga, yoshlarga qilinayotgan eʼtibor alohida emasmi. Jizzaxga ham shunday eʼtibor kerak edi. Uzoq yillar eʼtibordan chetda qolib kelgan viloyatimiz aholisi shuni sabr-toqat bilan kutib keldi. Bu Prezidentimizning eʼtibori hamma joyga, barcha sohaga qaratilgani natijasi, albatta. Shu tufayli butun mamlakatimiz kabi Jizzaxning koʻhna zamini ham obod boʻlmoqda.

Yaqinda Zomin tumanida boʻlib oʻtgan respublika yosh ijodkorlarining anʼanaviy seminarida mamlakatimizning atoqli ustoz yozuvchilaridan biri “men shu paytgacha bu yerga kelmaganimga, bu yerdagi katta oʻzgarishlarni koʻrmaganimga armon qildim”, dedi. Ha, bugun Jizzaxda koʻrishga, havas qilishga, koʻrmasa armon qilishga arzirli oʻzgarishlar yuz bermoqda.

Toshqul BEKNAZAROV, OʻzA
4 836