O‘zA O`zbek

07.08.2019 Chop etish versiyasi

“Art Poster” loyihasi qatnashchilari sanʼat ixlosmandlari eʼtiborini oʻziga jalb etmoqda

“Art Poster” loyihasi qatnashchilari sanʼat ixlosmandlari eʼtiborini oʻziga jalb etmoqda

Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyida “Art Poster” nomli zamonaviy plakat koʻrgazmasi tashkil etildi.

Grafikaning oʻziga xos turi boʻlgan plakat janri koʻproq tashviqot, reklama, maʼlumot olish, oʻquv-taʼlimiy maqsadlarga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Zamonaviy plakat odatda rassom yaratgan asl nusxa asosida bosmaxonada chop etiladi. Tasviriy sanʼatning bu janri olisdan koʻzga yaqqol tashlanishi, oʻta taʼsirchanligi, ommabopligi, tasvirining kinoyalarga boyligi, hammabop ramzlar ishlatilishi, turli hajmdagi shakllarni qiyoslash, umumlashma tasviriy shakllardan foydalanish kabi oʻziga xos badiiy vositalari bilan boshqa axborot manbalaridan farqlanadi. Bunda shrift va matnning joylashishi, shartli ranglar (yorqin bezaklar) qoʻllanilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Tasviriy vosita sifatida baʼzan fotografiya (mustaqil tarzda yoki rasm, rang-tasvir bilan) ishlatiladi.

“Art Poster” loyihasida yosh rassomlar anchadan beri ijodkorlar qoʻl urmay qoʻygan zamonaviy plakatga nazar solgan holda ijod qilganlar. Bu sohani yangi fikr va ijod bilan toʻldirishga, yangicha gʻoyalar asosida boyitishga astoydil intilganlar.

Avazbek Abduraimov, Elmira Otajonova, Dinara Umarova, Rustam Zohidov tasviriy sanʼat sohasida oʻz yoʻnalishi va uslubiga ega boʻlib borayotgan ijodkorlardan sanaladi.

“Art Poster” loyihasi qatnashchilari taqdim etgan asarlar ijodiy jarayonga innovatsion, oʻziga xos tarzda yondashuvi bilan sanʼat ixlosmandlari eʼtiborini oʻziga jalb etmoqda.

3 243
N.USMONOVA, OʻzA