O‘zA O`zbek

18.04.2019 Chop etish versiyasi

Ardoqli shoirga ehtirom

Ardoqli shoirga ehtirom

Mamlakatimizda Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 65 yilligi munosabati bilan turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilmoqda.

Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida shoir tavalludiga bagʻishlangan “Mehr qolur, muhabbat qolur”, deb nomlangan xotira kechasi boʻlib oʻtdi. Tadbirda yozuvchi va shoirlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, shoirning doʻstlari va qarindoshlari, sheʼriyat ixlosmandlari ishtirok etdi.

– Bunday tadbirlarni oʻtkazishdan maqsad yoshlarni oʻzbek adabiyotining yorqin namoyandalari hayoti va ijodi bilan yaqindan tanishtirish, – deydi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasining axborot-kutubxona fondlarini komplektlash xizmati rahbari N.Xoldorova. – Xususan, Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf ijodi va hayot yoʻli haqidagi haqiqatlarni yosh avlod vakillariga yetkazishdan iborat.

Ardoqli shoirning sheʼr, ocherk va maqolalari 1976 yildan boshlab respublika matbuotida muntazam ravishda chop etila boshlagan. Muhammad Yusuf yoshligidanoq oʻzbek sheʼriyatining yorqin namoyandalari Erkin Vohidov va Abdulla Oripovlar eʼtiboriga tushgan va ular bilan hamisha yaqin adabiy aloqada boʻlgan. Bu uning ijodiy kamolotiga katta taʼsir koʻrsatgan.

Ilk sheʼrlar kitobi – “Tanish teraklar” (1985 yil) bilanoq sheʼriyat shaydolari qalbini zabt etgan. Shoirning “Bulbulga bir gapim bor” (1987), “Iltijo” (1988), “Uyqudagi qiz”, “Halima enam allalari” (1989), “Ishq kemasi” (1990), “Koʻnglimda bir yor” (1991), “Bevafo koʻp ekan”, “Yolgʻonchi yor” (1993), “Erka kiyik” (1995), “Osmonimga olib ketaman” (1998), “Ulugʻimsan, Vatanim” (2004), “Saylanma” (2007), “Xalq boʻl, elim” (2009) kabi sheʼriy kitoblari nashr etilgan. 1989 yilda “Uyqudagi qiz” nomli sheʼriy toʻplami uchun respublika yoshlar tashkilotining mukofotiga sazovor boʻlgan. Muhammad Yusufning hayotligida chiqqan soʻnggi sheʼriy toʻplami 2001 yilda chop etilgan.

Tadbir doirasida Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning hayoti va ijodiga bagʻishlangan kitob-rasmli koʻrgazma ham ochildi. Koʻrgazmadan shoirning zamondoshlari va hamkasblarining xotiralari, gazeta va jurnallarda chop etilgan maqolalari, shuningdek, sheʼriy toʻplamlari oʻrin olgan.

948
Ozoda Bekmurodova, OʻzA