O‘zA O`zbek

16.04.2019 Chop etish versiyasi

Amu bilan Sirdek egiz soʻz ummonlari

Amu bilan Sirdek egiz soʻz ummonlari

Ayni kunlarda oʻzbek adabiyotida joʻshqin ijodiy jarayon kechmoqda. Ayniqsa, mamlakatimizda 2019 yil Qozogʻiston yili, deb eʼlon qilinishi qardosh xalqlar oʻrtasidagi adabiy rishtani yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, adib va tarjimon, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Yangiboy QOʻCHQOROV bilan oʻzbek va qozoq adabiyotining azaliy va bugungi aloqalari haqida suhbatlashdik.

– Eng avvalo, qalbim quvonchga toʻlib, koʻz oldimga ota uyim, ona qishlogʻim va uyimizning toʻrt tomonidagi qoʻshnilarim – Boldoy Sobirov, Kenjaboy Turgʻanov, Tovqon Oʻrozimbetov, Xoʻjamurat Primbetovlar oilasi kelmoqda.

4 oila ham 1931-1933 yillardagi qahatchilik davrida Qizil Oʻrda, Qozoli, Orol tomonlardan koʻchib kelgan. Men ularning farzandlari bilan kitoblar oʻqiganman. Sobirovlarga “Bozirgon” dostoni (uni otam yoddan bilardi)ni berib, “Qoʻblondi botir”ni olganman. Qurol Kenjaboyevdan Abayning “Qora soʻzlari”ni olib, Alisher Navoiy gʻazallarini berib turganman. “Alpomish”ni ona tilimda, “Qirqqiz” (qishlogʻimizning nomi ham Sarkop)ni qoraqalpoq tilida, “Qiz Jibek”ni qozoq tilida, “Oshiq Gʻarib va Shohsanam”ni turkman tilida oʻqiganman. Adabiyotga, nafis soʻzga oshuftaligim oʻsha kezlari – Abayni, Oltinsarinni, Muxtor Avezovni, Sobit Muqonovni oʻqigan chogʻlarim shakllangan boʻlsa kerak.

– Siz tarjima qilgan “Qozoqning qirq oqinidan qirq oʻlan” kitobi oʻtgan yilning aprel oyida hozirgi Nur-Sulton shahrida oʻtkazilgan xalqaro kitob yarmarkasida eʼtirof etildi. Qozogʻiston Yozuvchilar Oʻdogʻi, yaʼni ittifoqi raisi, atoqli shoir Ulugʻbek Yesdaulet sheʼrlaridan tarjimalaringiz “Jahon adabiyoti” jurnalida bosildi. Kelgusidagi ijodiy rejalaringiz bilan oʻrtoqlashsangiz?

– Yozuvchining qalbi ezgulik quyoshidan nur emadi. Aziz ustozlarimiz Odil Yoqubov, Toʻlepbergen Qayipbergenovlarning qadrdon doʻsti boʻlgan atoqli qozoq adibi Abdijamil Nurpeisovning (hozir 95 yoshda) “Soʻnggi burch” romanini tarjima qilayapman. Asar Orol fojiasi haqida. Abdijamil ogʻaning oʻzi dengiz mavjlari eshitilib turgan ovulda oʻsgan, qayiqda eshkak eshib, asov toʻlqinlar bilan bahslashgan. Gap romanni men tarjima qilayotganimda emas, bu kitobni shu mintaqada yashayotgan har bir yosh oʻqisa, hammamiz uchun umumiy boʻlgan iztirobni tuysa deyman.

Qozoq shoirlarining sheʼrlaridan tarjimalarni toʻldirib, “Oqquv qanotiga qoʻngan satrlar” nomida “Oʻzbekiston” nashriyot-matbaa uyiga topshirdim.

Soʻzning oʻrni kelganda yashirmasdan aytayin, ulugʻ Abay sheʼrlarining uchdan bir qismini oʻzbek tiliga oʻgirdim. Shu “kemtik”ni toʻldirishga kamtarona ulush qoʻshishga bel bogʻlaganman. Ayniqsa, yoshlar uchun Abayning toʻliq nashri juda kerak. Ulugʻbek ogʻa Yesdaulet sheʼrlari tarjimasini ham sanoqli kunlarda oxiriga yetkazaman.

– Bu yil atoqli adib Nosir Fozilov tavalludiga 90 yil toʻladi. Adib toʻgʻrisidagi xotiralarni bir yodga olsak.

– Nosir ogʻa oʻz boʻyi bilan uch barobar turadigan kitoblar chop ettirdi. Birinchisi – oʻz qissalari, hikoyalari, ikkinchisi – qozoq adabiyotidan tarjimalar, uchinchisi – qoraqalpoq nasridan oʻgirilgan noyob asarlar.

Bundan 20 yillar oldin Nosir ogʻaning esselar kitobini doʻkonda varaqlab, yarmigacha oʻqibman. Keyin 20 dona sotib oldim-da, uni respublikaning turli burchaklaridagi tanishlarga tarqatdim. Nosir ogʻa oʻshanda Doʻrmon ijod uyiga chaqirib, “Bu nima qiliq, yangi boymisan yo?”, degandi jiddiy ohangda.

Pasportimni qoʻliga berdim. Ochib koʻrdi-da, qah-qah urib kulib yubordi. Oʻsha daqiqadan boshlab umrining oxirgi damlarigacha koʻp yillar ota-bola boʻldik.

Bir hafta koʻrmasa, albatta, qoʻngʻiroq qilardi. Halollik va haq soʻz ustozning bosh shiori edi. Oʻylashimcha, Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili munosabati bilan Nosir ogʻaning Sobit Muqonov, Gʻabit Musrepov, Gʻabiden Mustafindek oqsoqol adiblardan qilgan tarjimalari qayta nashr etiladi!

– Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili tadbirlari ikki xalq adiblarini yanada yaqinlashtirdi. Oʻzbekistonda Qozogʻiston yilining ochilishi bu jarayonni yanada tezlashtiradi. Uchrashuvlar, mushoiralardan nimalar kutilayapti?

– Oʻtgan yili xalqaro Chingiz Aytmatov akademiyasi aʼzosi Ahmadjon Meliboyev boshchiligida yangidan tuzilgan Turkiston viloyati, uning yangi markazi Turkiston shahrida, Eski Iqon va Koriz qishloqlarida boʻldik.

Adabiy anjumanlar oʻtkazdik. Bularni tashkil etishda ikki abadiy doʻst adabiyotining koʻprigi vazifasini oʻtayotgan ajoyib adib, Abdurahim Pratovning xizmati katta. Keyin biz Abdurahim Pratovni Toshkentga chorladik. 15 kun bu yerda ijod qildilar. Atoqli shoir, Qozogʻiston davlat mukofoti laureati Esongʻali Ravshanov ham “Doʻrmon” ijod uyiga tez-tez kelib turadi. Taniqli qozoq adibi Sabit Doʻsonovning diyorimizga mehri boʻlakcha. Xalqaro “Alash” mukofoti sohibi Mehmonqul Islomqulov tarjimasida Sabit ogʻaning kitoblari oʻzbek xonadonlariga kirib bordi.

Ulkan shoir Mehkemboy Umarovning shu yil 9 fevral kuni “Turkiston” saroyida oʻtgan ijodiy kechasida oʻndan ortiq qozoq adiblari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston xalq shoiri Mahmud Toir boshchiligida u kishini qutlaganimizda “Men shunday kunlarga yetdimmi?”, deb quvonch koʻz yoshlarini toʻkdilar.

Darvoqe, biz ana shunday ajoyib kunlarga, bir-birimizni qoʻllaydigan, quvvatlaydigan, bir-birimizdan kuch, ragʻbat oladigan kunlarga yetdik.

Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning mamlakatimizga tashrifi, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan oliy darajadagi muloqoti bu borada yangi bosqichni boshlab beradi. Bu jarayonlar oʻz navbatida ijod ahli oldiga ham muhim vazifalar qoʻyadi, albatta.

1 910
Ozoda Bekmurodova, OʻzA