O‘zA O`zbek

30.03.2019 Chop etish versiyasi

“Alpomish” dostonining yangi varianti

“Alpomish” dostonining yangi varianti

Termiz shahrida “Alpomish” dostonining Oʻzbekiston xalq baxshisi Abdunazar Poyonov ijrosidagi varianti asosida chop etilgan kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Kitob Surxondaryo viloyat hokimligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimi tomonidan “Akademnashr” nashriyotida chop etildi. Taqdimot munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda adabiyotshunos olimlar, shoir-yozuvchilar, viloyatdagi oliy taʼlim muassasalari talabalari, kitobxonlar ishtirok etdi.

Folklorshunos olimlarning fikricha, oʻtmishda “Alpomish” dostonining 40 ga yaqin varianti boʻlgan. Lekin hozir uning uch variantigina saqlanib qolgan. Bular orasida Oʻzbekiston xalq baxshisi A.Poyonov aytgan variant nodir dostonning eng mukammal variantlaridan biri.

– Dostonning bu variantini ustozim Chorsha baxshi Rahmatullayevdan oʻrganganman, – deydi Oʻzbekiston xalq baxshisi A.Poyonov. – Qadimdan Surxon vohasida ajdodlarimiz joʻshib kuylab kelgan bu dostonning qoʻlyozma nusxasi hajmi 600 sahifa boʻlib, sheʼriy qismi 14 ming 230 misrani tashkil etadi. Men “Alpomish”ning qozoqcha, qoraqalpoq variantlarini ham oʻqib chiqqanman. Yurtimizda ilk marta oʻtkazilayotgan Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali arafasida chop etilgan bu kitob xalqonaligi, ijro uslubi, syujet va voqealar rivoji yorqin aks etgani bilan boshqalaridan ajralib turadi.

Tadbirda kitobxonlar, talaba-yoshlar ham oʻz fikrlarini bildirdi. Doston yoshlar qalbida vatanparvarlik, jasorat va sadoqat kabi fazilatlarni tarbiyalashda alohida ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.

– Oʻzbekistonda xalq ogʻzaki ijodiga boʻlgan eʼtibor va qiziqishni kuzatib havasimiz kelmoqda, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazi talabasi Asadullo Aziziy. – Afgʻonistonda ham xalq ogʻzaki ijodi asosida yaratilgan termalar saqlanib qolgan. Lekin haligacha “Alpomish” dostonini eshitmagan ekanman. Termizda oʻqish davomida doston bilan yaqindan tanishdik. Baxshilardan katta qiziqish bilan eshityapmiz. Botirlik, sadoqat va vafo kabi xislatlar ulugʻlangan dostonning kitob holida chop etilgani gʻoyat olijanob ish boʻldi.

Tadbirda taniqli baxshilar “Alpomish” dostonidan parchalar ijro etdi.

photo_2019-03-31_15-54-53.jpg

photo_2019-03-31_15-54-55.jpg

photo_2019-03-31_15-54-56.jpg

photo_2019-03-31_15-54-57.jpg

photo_2019-03-31_15-54-58.jpg

1 955
Xolmoʻmin Mamatrayimov, OʻzA