Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.02.2018 15:56 Chop etish versiyasi

Alisher Navoiy va Imom Buxoriy

9-fevral – Alisher Navoiy tavallud topgan kun

“Temuriylar davri haqiqatan ham ilm-fan, madaniyat va maorifning behad ravnaq topishini ta’minlagan Sharq Uyg‘onish davri edi”, degan edi Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov.

Darhaqiqat, tadqiqotchilar tomonidan bu davr tabiiy va ijtimoiy fanlar, tasviriy san’atning gurkirab rivojlanganligi bilan alohida tavsiflanadi. Qulay shart-sharoit va keng imkoniyatlar mavjudligi sababli tarix, mantiq, falsafa, fiqx, tafsir, hikmat, adabiyotshunoslik, tilshunoslik fanlari sohasida o‘z davrining buyuk mutafakkirlari kamol topdi. Alisher Navoiy ham o‘z davrining, o‘sha ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy zamin va munosabatlarning mahsulidir. Bu o‘rinda akademik M.Xayrullayevning “Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy bu madaniy ko‘tarinkilik cho‘qqilaridir”, degan e’tirofini eslash maqsadga muvofiq.

Alisher Navoiy milliy ma’naviyatimiz dahosi sifatida “Nasoyim ul-muhabbat”, “Majolis un-nafois” kabi tazkiralarida, “Xamsa”, “Lison ut-tayr” dostonlari syujetida hamda “Mahbub ul-qulub”ning “Tanbeh” qismida ilk Uyg‘onish davri madaniyati va temuriylar Renessansi mutafakkirlarining nomlarini alohida fiqra, zikr, bob, fasllarda yuksak hurmat, faxr bilan tilga olgan, qimmatli tarixiy ma’lumotlar bergan, poetik lavhalar, chizgilar ijod qilgan, ularning asarlaridan ilmiy, nazariy va ijodiy maqsadlarda bahra olganligini ehtirom bilan qayd etgan. Ulug‘ shoir tomonidan cheksiz hurmat bilan zikr etilgan temuriylar Renessansi asoschisi Amir Temur va shu Renessans davri mutafakkiri, tarixchi olim, shayx Sharafiddin Ali Yazdiy haqidagi barcha tarixiy, ilmiy, badiiy lavhalar o‘rganilgan.

Ilk Uyg‘onish davri madaniyati mutafakkirlaridan biri, “Sahih” yo‘nalishining asoschisi, islom olamidagi eng yetuk va mashhur muhaddis, faqih, ulug‘ vatandoshimiz Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy (810–870 yillar)dir. Imom Buxoriy nafaqat o‘zbek xalqining, balki butun musulmon olamining ham faxri hisoblangan. Ilk uyg‘onish davrida hadis ilmida buyuk yuksalish bo‘lgan. “Kutubi sitta” – olti eng mashhur kitobi bo‘lgan imomlar, ya’ni olti eng ulug‘ muhaddis ana shu oltin davrda yashab kamol topdi. Imom Buxoriy o‘z davri ilmlarini, ayniqsa, diniy ilmlarni har tomonlama o‘rgangan. U o‘n yoshgacha Qur’onni yod olib, minglab hadislarni barcha dalili bilan xotiralarida saqlab yurgan. Ilmlarini chuqurlashtirish niyatida yurtma-yurt kezgan. Hijozi Sharifda qirq yildan oshiq yashab, Shosh, Basra, Ko‘fa, Bag‘dod, Hirot, Nishopur, Mashhad, Ray, Jibolu, Xuroson, Qohira, Farabr, Makka va Madina kabi ko‘plab shaharlarda bo‘lib, u yerdagi alloma shayxlardan, olimlardan, taniqli muhaddislardan hadis yozib olgan, “Al-Jome’ as-Sahih” va “Al-Adab Al-Mufrad” kabi mashhur hadis kitoblarini yozib tamomlagan. Bu haqda o‘zlari bunday deb aytganlar: “Men bir ming sakson nafar ulamodan hadis eshitdim. Ularning hammalari “Imon – so‘z va amaldan iboratdir”, degan e’tiqoddagi kishilar edilar”, deb yozadi. Quvvai hofiza va xotiralarining aql bovar qilmas darajada kuchliligi jihatidan u kishiga o‘z davrida hech kim teng kelolmagan. 600 ming hadisni yoddan bilgan. Ana shu jihatdan Imom Buxoriyni Ollohning yerdagi mo‘jizalaridan biri, deb ataganlar.

Ayni zamonda o‘zlari ham ko‘plab shogirdlar tayyorlaganlar. “Sunan” yo‘nalishining asoschisi, mashhur muhaddis Imom Termiziyning ham ustozidir. Imom Buxoriy “Amirul mo‘minin” (Hadis ilmida mo‘minlarning amiri), “Shayxul islom” (Musulmonlar ustozi), “Imomud dunyo” (Dunyodagi barcha mo‘min va musulmonlar imomi) degan sharafli nomlarga sazovor bo‘lgan allomadir.

Eng buyuk sayyoh deya e’tirof etilgan arab sayyohi Ibn Battuta o‘zining mashhur “Sayohatnoma” asarida Imom Buxoriy va “Sahihi Buxoriy” haqida g‘oyat qimmatli tarixiy ma’lumotlarni yozib qoldirgan. Ya’ni birinchi ma’lumot Buxoro shahri to‘g‘risidagi “...Buxoro shahriga yetib keldik. Buxoro – muhaddislar imomi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy vatanidir”, degan qisqa xabaridir. Ikkinchi ma’lumot birinchi ma’lumotga nisbatan to‘liqroq bo‘lsa ham, Samarqand shahri o‘rniga Buxoro shahri deb shahar nomlari Ibn Batuta tomonidan xato berilgan, ammo muhimi bu emas, muhim jihati buyuk sayyohning “Buxoroda “as-Sahih”ni tuzgan alloma imom, musulmonlar shayxi Abu Abdulloh al-Buxoriy qabrini ziyorat qildim. Alloh uni rahmat qilsin. Al-Buxoriy qabriga quyidagi yozuv bitilgan: “Bu falon-falon kitoblarning muallifi Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriyning qabridir”, deb yozgan tarixiy bitigidir.

Ko‘plab ishonchli manba va lug‘atlarda hadis va muhaddis atamalariga quyidagicha ta’rif beriladi: “Hadis – so‘zlashuv va xabar berish ma’nosida kelgan naql (bayon va ifoda)ning nomidir. Keyin esa payg‘ambar Muhammad s.a.v.ning so‘zlari yoki fe’llari yoxud biror masaladagi to‘xtamlari hadis deyilgan. Hadislar ikki qismdan – sanad va matndan tashkil topadi. Hadis ilmi bilan shug‘ullangan zotlar muhaddis nomi bilan atalganlar. Muhaddis – hadislarning sanadlarini, illatlarini, roviylarning ahvolini bilgan, imkoni boricha hadis yodlagan, “Kutubi sitta” (olti mashhur hadis kitobi)ni, Ahmad ibn Hanbalning “Musnad”ini, Bayhaqiyning “Sunan”ini, Tabaroniyning “Mo‘jam”ini tinglagan (saboq olgan) va bularga hadis juz’laridan ming juz’gacha qo‘sha olgan kishidir”.

Alisher Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat”da muhaddislarning butun xayrli faoliyatini ochib beruvchi “Muhaddislar – sunnat qo‘riqchilaridir” degan hikmatni keltirsa, “Arba’in”ning “Sababi ta’lifi manzuma” faslida bu dunyoda kim hadislarga itoat etib, bo‘ysunib, amal qilib yashasa, ertangi kun, ya’ni u dunyoda unga muhaddislar vositachi, himoyachi bo‘ladi, degan purhikmat fikrlarni shunday badiiy talqin qilgan:

Bu kun o‘lsa hadislarga muti’,
Tongla bo‘lg‘ay muhaddis anga shafi’.

Alisher Navoiy Imom Buxoriyning sharafli ismi va shoh asari “Sahihi Buxoriy” nomi bilan mashhur bo‘lgan “Al-Jome’ as-Sahih” kitobining nomini “Nasoyim ul-muhabbat” tazkirasida berilgan fiqrada tilga olgan. Chunonchi:

“Ozodon qaryasidindurki, Hirotga muttasildur. Ulumi zohiriy va botiniy bila olim erdi.

Imom Ahmad Hanbal r.a. shogirdidur. Va Buxoriy o‘z “Sahih”ida andin hadis rivoyat qilibdur. Avoilda ko‘p moli bor emish. Barchasin hadis talabida va haj va g‘azoda sarf qilibdur”... 

Alisher Navoiyning tazkirada Imom Buxoriy to‘g‘risidagi qisqa va aniq ma’lumoti bu – “Va Buxoriy o‘z “Sahih”ida andin hadis rivoyat qilibdur”, degan mo‘tabar sharhidir. Tazkirada Imom Buxoriy haqida alohida fiqra berilmagan. Ammo bu izoh ham bizga o‘z davri ilmlarini, xususan, fiqhni, islom huquqining Qur’on va hadis kabi asoslarini har tomonlama o‘rgangan Alisher Navoiy ulug‘ muhaddisning hayoti va faoliyatini, yigirmadan ortiq asarlaridan iborat nihoyatda boy va qimmatli ilmiy merosini yaxshi bilganidan xabardor qiladi.

Alisher Navoiyning bu ma’lumotlariga hamohang qisqa va aniq ma’lumotni Bobur o‘zining “Boburnoma” asarining Samarqand tasvirida o‘qiymiz: “Yana sohibi “Sahihi Buxoriy” Xoja Ismoil Xartanak ham Movarounnahrdindur”... deb bitgan. Ammo Bobur “Sahihi Buxoriy”ga nisbatan “Hidoya"ni yaxshi bilgan, o‘zlashtirgan shekilli, qiyosiy xarakterda fiqh fanida mo‘tabar kitob deb “Hidoya"ni ta’kidlab ko‘rsatadi: “...yana sohibi “Hidoya”kim, Imom Abu Hanifa mazhabida “Hidoya”din mo‘tabarroq kitobi fiqh kam bo‘lg‘ay, Farg‘onaning Marg‘inon otliq viloyatidindur, ul ham doxili Movarounnahrdur”.

Bobur mazkur ma’lumotida o‘ziga xos tarzda Imom Buxoriy vafot etgan, dafn etilgan Samarqand shahri yaqinidagi Xartanak qishlog‘ining nomini ham ko‘rsatgan. Ko‘rinadiki, Alisher Navoiy va Bobur Imom Buxoriyning “Al-Jomi’ as-sahih” shoh asarini ilmiy uslubda, ilmiy tilda emas, balki xalq o‘rtasida “Sahih", “Sahihi Buxoriy” nomi bilan mashhur bo‘lgan xalqona nomda yodga olgan.

Ma’lumki, Qur’on va Hadis fiqhning asosiy asoslaridandir va shar’iy dalil, ya’ni ramziy ma’noda ikki ishonchli guvoh hamdir. Chunonchi, “Nasoyim ul-muhabbat”ning shayx Abu Sulaymon Doroniy zikrida shayx tilidan xuddi shunday ramziy guvoh ma’nosida qo‘llangan: “Va ham Abu Sulaymon debdurki, ko‘pincha haqiqat (kashfu asror) qalbimda qirq kunlab uloqib yuradi. Ularni faqat ikki guvoh: oyat va hadis asosidagina qalbimdan joy olishga ruxsat beraman” .

Hadisdagi amaliy hukmlardan bo‘lmish muomalaga taalluqli hukm, ya’ni insonning boshqalar bilan bo‘ladigan oldi-sotdisi haqidagi kuzatishlarimiz Alisher Navoiy Imom Buxoriyning “Sahihi Buxoriy” kitobida berilgan “Olloh bay’ni halol qilgan” degan hadis mazmunini o‘z g‘azallaridan birida dalil sifatida ifodalagani, o‘zi ham katta sarmoyador sifatida tijorat ishlarida mazkur hadisga amal qilib ish yuritganini ko‘rsatadi. Fikrimizning isboti uchun shoir g‘azallaridan birida mahorat bilan qo‘llagan ahli bay’ – ahl (ega, sohib, tegishli) va bay’ (savdo, sotish, oldi-sotdi, savdolashish) so‘zlaridan yasalgan va dallol ma’nosini bildirgan izofali birikmaga e’tibor qilsak. Mazkur hadis xalq hayotiga nihoyatda chuqur singib ketgan va odat tusiga kirgan. Xalq orasida qadimdan hozirgacha mavjud bo‘lgan odatlardan biri bo‘lmish – oldi-sotti jarayonida ahli bay’ – dallol tomonidan sotuvchi bilan xaridor qo‘lini bir-biriga tutqazib, uch marta “bor-baraka” deb, savdodagi o‘zaro og‘zaki shartnomani amalga oshirish va savdo ustida oldindan berilgan tangai bay’ona yoki bay’boshi, bay’ pulini ham olishdir.

“Sahihi Buxoriy”da jamlangan hadislarni hamda xalqning bunday urf-odatlarini yaxshi bilgan Alisher Navoiy yuqorida zikr qilgan hadis mazmunini va mazkur odatni “Chun ilik bermaski, o‘psam ul sitamkor ilgini” deb boshlanuvchi 7 baytli “ilgini” radifli g‘azalida mahorat bilan qo‘llagan va lirik kechinmalariga ishonchli, hayotiy dalil sifatida keltirgan. Chunonchi:

Jon sotarmen xoki poyingga, nedinkim, ahli bay’
Tuttururlar sotquchi birla xaridor ilgini.

Alisher Navoiy o‘zining “Qirq so‘z borcha shubhadin solim” deya yaratgan “Arba’in” asarida ham Imom Buxoriyning “Sahihi Buxoriy”, “Al-adab al-mufrad” kabi hadis kitoblaridan ta’sirlanganini, hadislardan mahorat bilan foydalangan nuqtalarini bilishimiz mumkin. Hatto mazkur asarida hadis, sahih hadisga she’riy usulda ilmiy ta’rif ham bergan:

Hamd angakim, kalomi xayrmaol,
Qildi elga rasulidin irsol.
Ul Rasuleki, ham kalomi fasih,
Elga tegurdi, ham hadisi sahih.

Alisher Navoiy tazkirada jahondagi olti nafar eng mashhur muhaddislardan “sahih” yo‘nalishi asoschisi Imom Buxoriydan tashqari yana ko‘plab muhaddislarni va ularning hadis ilmiga qo‘shgan xizmatlarini u yoki bu darajada yodga olgan. Hakim Termiziyni alohida fiqrada qayd etgan.

Kuzatishlardan ma’lum bo‘ladiki, Alisher Navoiy hadis ilmi va mashhur muhaddislar tartib bergan hadis to‘plamlaridan yaxshi xabardor bo‘lgan, o‘zining badiiy maqsadi ifodasi va fikrlari tasdig‘i uchun asarlarida hadislardan ko‘p foydalangan. Bu borada u hadislarni goh to‘liq bersa, goh bir qismini keltiradi, goh esa mazmuniga ishora qilib ketadi. Binobarin, shoirning o‘z ijodida hadislarga murojaat qilish usullari ham alohida tadqiqot mavzui bo‘la oladi.

Burobiya Rajabova,
O‘zFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti katta ilmiy xodimi,
filologiya fanlari nomzodi.

O‘zA
9 941