Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.02.2017 16:59 Chop etish versiyasi

“Xazoyin ul-maoniy” rus tiliga, “Navoiy” romani ingliz tiliga tarjima qilindi

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Alisher Navoiyning “Xazoyin ul-maoniy” asarining rus tiliga, Oybekning “Navoiy” romanining ingliz tiliga tarjima qilinib, nashrdan chiqarilgan kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Iqbol Mirzo, O‘zbekiston xalq shoirlari Omon Matjon, Usmon Azim va boshqalar buyuk bobokalonimizning boy ma’naviy merosini, ibratli hayot yo‘li va faoliyatini chuqur o‘rganish, uni yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Mamlakatimizda Navoiy ijodi, boy merosiga e’tibor tobora yuksalib borayotir. Ulug‘ shoirning ijod namunalarini jahon xalqlari tillariga tarjima qilishga qiziqish kuchayib borayotgani, ayniqsa, ahamiyatlidir.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va “Ijod” jamoat fondi tomonidan buyuk mutafakkirning “Xazoyin ul-maoniy” asarini jahonning o‘n to‘rt tilida nashr etish loyihasi ishlab chiqilgan. Ushbu loyiha doirasida “Xazoyin ul-maoniy” ilk bor rus tilida “Sokroviщnitsa mыsli” deb nomlangan to‘plam holida nashr etildi. Ushbu to‘plam filologiya fanlari nomzodi K.Panchenko tomonidan tuzildi.

Atoqli adib Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybekning “Navoiy” romanida Alisher Navoiy hayoti va ijod yo‘li, o‘sha davrdagi ijtimoiy hayot va murakkab siyosiy voqealar o‘ziga xos usulda aks ettirilgan. Mazkur asar kitobxonlar orasida katta qiziqish va alohida e’tiborga sazovor bo‘lgan. Uyushma tomonidan ushbu asarni boshqa xorijiy tillarga tarjima qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

“Navoiy” romani I.To‘xtasinov va O.Mo‘minov tomonidan ingliz tiliga tarjima qilingan.

– Alisher Navoiy ijodiga jahon miqyosida qiziqish tobora kuchayib borayotir, – deydi shoir Rustam Musurmon. – Bugungi kunda shoir g‘azallari ingliz, fransuz, nemis va boshqa tillarga tarjima qilinmoqda. Zero, Navoiy asarlaridagi teran falsafa, betakror tashbehlar va she’riy san’atning rang-barangligi butun insoniyatni ezgulikka, go‘zallikka chorlaydi. Bu ulkan ma’naviy boylikni jahon bo‘ylab keng yoyish, dunyo xalqlarini Navoiyning ijod namunalari bilan bahramand etishda tarjima san’atining o‘rni katta.

Tadbirda Alisher Navoiy asarlarining yosh avlod tarbiyasi, ma’naviyatini yuksaltirishdagi o‘rni va ahamiyati haqida atroflicha so‘z yuritildi. Navoiy g‘azallari, ruboiylari va shoir ijodiga bag‘ishlab yozilgan muxammaslar o‘qildi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA
854