O‘zA O`zbek

11.08.2020 Chop etish versiyasi

Alisher Navoiy asari asosida yana bir multfilm suratga olinadi

Alisher Navoiy asari asosida yana bir multfilm suratga olinadi

“Oʻzbekkino” milliy agentligi buyurtmasiga asosan, ayni paytda “Xasis baqqol” deb nomlangan multiplikatsion filmni suratga olish ishlari boshlandi.

“Multiplikatsion filmlar studiyasi” DUK va “Astir Animation” MCHJ bilan hamkorlikda yaratilayotgan mazkur film Alisher Navoiyning “Lisonut-tayr” dostonida keltirilgan hikoyat asosida suratga olinmoqda. Eslatib oʻtamiz, ayni paytga qadar Navoiyning “Sher bilan Durroj”, “Farhod va Shirin”, “Sabʼai sayyor” asalari asosida multfilmlar yaratilgan.

– Maqsadimiz jajji tomoshabinlarimizni buyuk bobokalonimiz Hazrat Navoiy ijodi bilan yana-da yaqindan tanishtirishdan iborat, – deydi film rejissyori Abdulatif Haydarov. – Ushbu multfilmda xasislik, ochkoʻzlik singari illatlar qoralanadi, aksincha mehr-oqibat, bagʻrikenglik singari insoniy fazilatlar ulugʻlanadi. Biz ilgari “Sayyoh”, “Avtosarguzashtlar” singari filmlarni taqdim etganmiz. Mazkur yangi film ham tomoshabinlarga manzur boʻladi, degan umiddamiz.

Mazkur filmda qahramonlar shakl-shamoyili sharq miniatyura sanʼati, xususan, Kamoliddin Behzod ijod namunalari asosida yaratiladi. Ushbu multfilm kelgusi yili Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligi arafasida tomoshabinlar hukmiga havola etiladi.

9 833
R.JABBOROV, OʻzA