O‘zA O`zbek

13.02.2019 Chop etish versiyasi

Ahbob sogʻinchi yuksalganda...

Ahbob sogʻinchi yuksalganda...

Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 536 yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamkorligida “Har kimki vafo qilsa...” nomli adabiy-badiiy kecha tashkil etildi.

Bobur ismiga munosib sheryurak inson boʻlib oʻtdi. Javoharlaʼl Neru shunday yozgan edi: “Bobur Hindistonga kelgandan keyin katta siljishlar yuz berdi va yangi ragʻbatlantirishlar hayotga, sanʼatga, arxitekturaga toza havo baxsh etdi, madaniyatning boshqa sohalari esa bir-birlariga tutashib ketdi”.

Darhaqiqat, Bobur butun dunyo tamadduniga oʻzining beqiyos hissasini qoʻshib ketgan buyuk siymolarimizdan biridir.

– Bobur olis yurtlarda orziqish va umid bilan azob chekib, umr kechirgani tufayli odam odamga, doʻst doʻstga gʻanimat ekanini qayta qayta taʼkidlagan, deydi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Mahmud Ismoilov. – Uning bu xususdagi sheʼrlarini oddiy insonning boshqa bir insonga murojaati sifatida ham tushunish yoki shohning sodiq doʻstga intizorligi ifodasi, deb ham talqin etish mumkin. Chunki Bobur ruboiylarida ahbob sogʻinchi va ahbobga eʼtiqod hissiyoti takrorlanib, yuksalib kelaveradi.

Kechada Oʻzbek Milliy akademik drama teatri aktyorlari Bobur hayoti va ijodiga bagʻishlab yaratilgan sahna asarlaridan parcha ijro etdi. Isteʼdodli xonandalar Bobur gʻazallari asosida qoʻshiqlar kuyladi. Akademiya talabalari tomonidan Bobur qalamiga mansub ruboiy va gʻazallarga bagʻishlab tayyorlagan videorolik namoyish etildi.

3 180
Muhayyo Toshqorayeva, Farhod Abdurasulov (surat), OʻzA