O‘zA O`zbek

31.03.2019 Chop etish versiyasi

Agar rahbarlar kitob oʻqimasa...

Agar rahbarlar kitob oʻqimasa...

Davlatimiz rahbarining kitob va kitob mahsulotlari chop etish va tarqatish tizimini yanada takomillashtirish, aholini kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga doir farmon va qarorlari ijrosi yuzasidan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Aholi oʻrtasida kitobxonlikni keng avj oldirish borasidagi ishlar olqishga sazovor. Ammo ayrim depsinishlar ham borki, ulardan ham koʻz yumib boʻlmaydi.

Bu boradagi fikrlarini bilish uchun “Kitob dunyosi” gazetasi Bosh muharriri Xosiyat RUSTAMOVAga yuzlanaman.

– Xosiyat opa, bugungi kunda chinakam sanʼat darajasidagi badiiy asardan koʻra yengil-yelpi syujetlarga boy asarning bozori chaqqon. Baʼzan kitobxon taʼbi-yu dididan koʻra kitob muallifini ayblaging keladi. Bunday holatga qarshi qanday chora koʻrmoq kerak deb oʻylaysiz?

- Isteʼdodli yozuvchi yoki shoirning xalqqa tutayotgan guldastalarining ildizlari yurakka chirmashib ketgan va ular tomirlardan oziqlanadi. Uni oʻqiydigan xalq yozuvchi va shoirning oʻzidan koʻra koʻproq quvvatga ega boʻladi! Meni hali oʻzi kitob oʻqimagan, kitobdan bahra olmagan, kitobdan bexabar odamning kitob yozishidan koʻra, kitob doʻkonlarini bosib yotgan siz aytayotgan asarlarning ham xaridori borligi koʻproq qiynaydi! Oʻzini yozuvchi sanab, xalqqa “asar” taqdim etayotgan bechoragina oʻzi nechchi dona kitob oʻqidi-yu qaysi kitoblarning quliga aylandi, qaysi asarlardan koʻngli uyushib, bir necha kun oʻziga kelolmay yashadi ekan. Va qaysi yozuvchining boʻyiga oʻzini boʻyini tenglashtirib koʻrdi ekan?

Men birinchi navbatda yozuvchi, shoir boʻlaman deganni oʻqitishni, rahbarlikka tayinlanayotgan har bir shaxsni oʻqish borasida imtihon qilishni oʻtinib soʻragan boʻlardim. Agar ular kitobxon boʻlmasa maʼnaviyat borasida chiqayotgan qarorlarning ularga ahamiyatli ekaniga ishonmayman! Oʻzi oʻqimagan odam kitob haqida gapirolmaydi, gapirsa ham yolgʻon gapiradi!

Muhtaram Prezidentimiz mutolaa borasida jon kuydirib, butun xalqni kitobxonlikka chaqirayotgan bir paytda esnab oʻtirgan, qalban uxlayotgan rahbarlarni koʻrib, joning halqumingga keladi.

Yaqinda “Kitob dunyosi” gazetasi Norvegiya kitobsevarlar jamiyati rahbari va ayni damda gazetamizning Norvegiyadagi vakili Hanne ERSTAVIKka bir qator savollar bilan murojaat qildik. Jumladan, Davlatimiz rahbari tomonidan aholi oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish borasida koʻplab qarorlar qabul qilingan. Har yili tegishli tashkilotlar tomonidan “Yosh kitobxon” koʻrik tanlovi oʻtkaziladi va gʻolibga avtomobil sovgʻa qilinadi. Sizlarda ham shunday koʻrik-tanlovlar bormi? degan savolimizga juda hayratlanib va havas bilan shunday javob berdi: Albatta, Prezidentingizning xalqni maʼrifatli qilish yoʻlidagi bunday xayrli ishlari tahsinga sazovor. Buni eshitib xursand boʻldim. Bizda ham bunday tadbirlar bor, albatta, biroq, ularda avtomobildek katta sovgʻalar berilmaydi. Aslida kitob oʻqiganlar uchun ragʻbat hamisha kerak. Sizlar bu sohada ancha oldinda ekansiz!

Oʻsha kuni gazetani boshqacha kayfiyat bilan yakunladim. Bir xorijlik ayolning Davlatimizdagi siyosatdan xursand boʻlgandagi hayratlari menga koʻchgandi...

Kitob oʻkigani uchun avtomobil berayotgan Prezidentim bilan gʻururlanib ketdim! Xalqni maʼnaviyatli qilish, maʼnaviyatli qilish uchun oʻqitayotgan va oʻqigani uchun mashina olayotgan yigit-qizlarga havasim keldi!

– Kitob ham taʼlim, ham tarbiya kaliti, u birinchi navbatda kishining irodasini mustahkamlaydi, fikrlashga, fikrlarini jonlantirib, tasavvur qilishga oʻrgatadi. Bu kabi hikmatli xulosalarga ham shunchaki koʻz tashlovchilar, soʻzlarning mantiq mazmunini his etmaydiganlar ham bor-da.

– Afsuski, oʻqisa ham oʻqimaydiganlarning borligi fojia. Nima desangiz deng, kitob kirib bormagan uy yorishmaydi. Kitob oʻqimagan odamning esa botini zimiston boʻladi! Kitob nafaqat maʼnaviy nur, balki mustahkam himoya qoʻrgʻonidir. Davlatimiz rahbari yoshlarimizni mutolaa va kitobxonlikka chorlab, butun bir xalqni kitobga oshno etishga daʼvat etayotgani zamirida yana bir haqiqat yotibdi: Kitob insonning irodasini toblaydi, kitob oʻqigan inson oʻz xalqi va Vatanini borliq qalbi, ong-shuuri bilan sevadi! Sotqinlik qilmaydi. Atrofidagilarni yaxshi koʻradi, shukur qilib yashashni, bu dunyoga nimaga kelganini, nima uchun yashayotganini his qilishni oʻrganadi... Qaniydi hamma baravar kitobxon boʻlsak. Jamiyatimizda sud-prokratura sohalariga ish qoldirmasak.

Yurtboshimiz nima uchun hammani oʻqishga targʻib qilayotganlarining yagona sababi shu. Oʻzlari aytganlaridek: Kitobsiz kelajak yoʻq!

2 236
Sanjarbek Hamidov, OʻzA