Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.03.2017 17:49 Chop etish versiyasi

Adabiyot gullari yig‘ildi bunda

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan «Assalom, ey, xush kelding bahor!» nomli mushoira kechasi ijodkor opa-singillarimiz, she’riyat muxlisalariga chin ma’noda bayram sovg‘asi bo‘ldi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi M.Ahmedov va boshqalar mamlakatimizda xotin-qiz ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar shoira va adibalarimizning sermahsul ijod qilishida muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.

Vatanga muhabbat, ayolga ehtirom, onalik baxti, farzand quvonchi, mehr-sadoqat tuyg‘ulari tarannum etilgan she’rlar o‘qildi. Ulardagi misralar qalbning eng nozik torlarini ham chertishga qodir, ko‘klam tarovatidek yoqimli, purma’no, hissiyotga boy. O‘zbekiston xalq shoirlari Anvar Obidjon, Usmon Azim, Omon Matjonning xotin-qizlarga bag‘ishlangan satrlari barchaning olqishini oldi.

– Bunday tadbirlarning o‘tkazilishi Vatanimizda ayollarga ehtirom va e’tibor ko‘rsatish yuksak darajaga ko‘tarilganining yana bir isbotidir, – deydi shoira Nazira Salomova. – Mushoirada ijodkorlar jam bo‘lib, diydorlashdik, hamsuhbat bo‘ldik. Gulchehra Jo‘rayeva, Zulfiya Mo‘minova, Sharifa Salimova, Farida Afro‘z, Galina Vostokova, Marta Kim, Sayyora To‘ychiyeva kabi shoiralarimizning ijod namunalaridan bahramand bo‘lganimiz quvonchli bo‘ldi.

Tadbirda bayram sovg‘alari ulashildi. «O‘zbek faqat onam deydi, bolam deydi» kitobining taqdimoti o‘tkazildi.

Malohat Husanova, O‘zA
487






Все о погоде - Pogoda.uz