Русский | English | Français | Deutsch | العربية Saytning oldingi versiyasi

Madaniyat RSS

Samarqandda yaponiyalik fotomuxbirning ko‘rgazmasi ochildi

O‘zA, G‘.Hasanov, 05.08.2008 19:22

Mustaqilligimizning 17 yilligi munosabati bilan Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasida yaponiyalik fotomuxbir Jin Akinoning “O‘zbekistonning tarixiy shaharlari YUNESKO butunjahon merosining bir qismi” nomli ko‘rgazmasi ochildi.

Unda ijodkorning Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlaridagi tarixiy obidalar, istiqlol yillarida bunyod etilgan zamonaviy inshootlar, Vatanimizning betakror manzaralari aks etgan qirqdan ziyod sara asarlari namoyish qilinmoqda.

Buyuk ajdodlarimizdan meros bebaho obidalar asrlar osha dunyo ahlini maftun etib keladi. Bugungi kunda ham dunyoning turli burchaklaridan tashrif buyuradigan sayyohlar Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Qarshi, Marg‘ilon, Qo‘qon singari tarixiy shaharlarimizdagi osori-atiqalarni katta zavq-shavq bilan tomosha qiladi. Mazkur fotoko‘rgazma ham ana shunday hayrat mahsulidir.

Ko‘rgazma ochilishida so‘zga chiqqanlar Yapon milliy axborot instituti muxbiri Jin Akinoning qadimiy Buyuk ipak yo‘lida joylashgan shaharlar tarixini o‘rganish va uni tadqiq etish borasidagi ishlariga yuksak baho berdilar. Samarqand Tinchlik va birdamlik jamoatchilik muzeyining “Samarqandnoma” loyihasi qatnashchisi bo‘lgan bu ijodkor Yaponiyadagi Yogokama shahrida bir necha bor yurtimizga oid fotosuratlari taqdimotini o‘tkazgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Xususan, uning o‘tgan yili Tokioda Samarqand shahrining 2750 yillik yubileyiga bag‘ishlab tashkil etilgan “Samarqand me’morchilik go‘zalliklariga sayohat” nomli ko‘rgazmasi kunchiqar yurt ahlida yorqin taassurot uyg‘otgan edi.

– Sharq me’morchiligining o‘ziga xos jozibasi meni o‘ziga maftun etgan, – deydi Jin Akino. – Zotan, O‘zbekistondagi bir necha asrlik tarixga guvoh obidalarning yaratilishi va bugungacha saqlab kelinayotgani chinakam mo‘jiza va hayratdir. Bu binolardagi har bir g‘isht, har bir naqsh katta mazmun-mohiyatga ega.

Ko‘rgazma shu yilning oktabr oyigacha davom etadi.

So‘nggi yangiliklar:

Shaxmatchimiz sovrinli o‘ringa da’vogar

Ob-havo ma’lumoti

Iqtidorli sportchilar bellashuvi

Inson manfaatlari doim ustuvor

Telefon tarmog‘i taraqqiyoti

Reklama