O‘zbekcha | Русский | English | Français | Deutsch | العربية Saytning oldingi versiyasi

Madaniyat RSS

Shoirning boqiy va bebaho merosi

O‘zA, Bahor Xidirova, 08.02.2010 18:08

O‘zbekiston Fanlar akademiyasining asosiy kutubxonasida Alisher Navoiyning adabiy va ilmiy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan an’anaviy ilmiy anjumanning 54-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Akademiyaning Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti hamda Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda olimlar, shoir va yozuvchilar, yosh tadqiqotchilar, talabalar va adabiyot ixlosmandlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti S.G‘ulomov, Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti direktori T.Mirzayev, adabiyotshunos olimlar I.Haqqul, S.G‘aniyeva, U.To‘ychiyev va boshqalar buyuk shoir asarlarida o‘z aksini topgan ezgu g‘oyalar asrlar osha insoniyatni komillikka yetaklab kelayotganini ta’kidladi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ma’naviy-ma’rifiy jabhada amalga oshirilayotgan tub islohotlar jarayonida buyuk ajdodlarimizning ma’naviy merosini asrab-avaylash, asl holicha o‘rganish, jahon miqyosida keng namoyish etish, ulg‘ayib kelayotgan avlodni ulug‘ mutafakkirlar asarlarida o‘z ifodasini topgan milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat va ehtirom ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu borada izchillik bilan amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar natijasida Alisher Navoiyning yigirma jildlik mukammal asarlar to‘plami nashr etildi.

Olimlar va yosh tadqiqotchilar shoir adabiy merosini chuqur o‘rganish, to‘liq tadqiq etilmagan qirralarini kashf etish, sobiq mafkura ta’sirida buzib talqin etilgan va qisqartirilgan asarlarini asl holicha xalqimizga yetkazish maqsadida keng ko‘lamli ilmiy izlanishlarni amalga oshirmoqda. Bunday izlanishlar natijasida navoiyshunoslikka oid ko‘plab monografiya, risola, maqola va ilmiy-ommabop materiallar chop etilmoqda.

Mamlakatimizdagi qo‘lyozmalar fondlarida saqlanayotgan Alisher Navoiy asarlarining noyob qo‘lyozmalariga ishlangan rasmlarni bir joyga jamlash maqsadida uch jildlik «Sharq miniaturalari katalogi» nashr etildi.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutining ilmiy kotibi Rahmatilla Barakayevning aytishicha, Alisher Navoiy asarlari lug‘atini yaratish borasidagi izlanishlar davom ettirilmoqda. Ko‘p jildlik «O‘zbek folklori va adabiyoti tarixi»ning buyuk alloma hayoti va ijodiga bag‘ishlangan maxsus jildi tayyorlandi.

Anjumanda Navoiy nasri simvolikasiga xos xususiyatlar, she’r tarixi va haqiqat uyg‘unligi, mumtoz adabiyotimizning adabiy aloqalari tarixi, navoiyshunoslik sohasidagi ilmiy yangiliklar, Alisher Navoiy ijodining jahon adabiyoti va zamonaviy o‘zbek adabiyoti rivojidagi ahamiyatiga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.

Alisher Navoiyning adabiy va ilmiy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazmada shoirning mamlakatimiz va xorijda chop etilgan asarlari, navoiyshunoslik sohasidagi yangi kitoblar namoyish etildi.

So‘nggi yangiliklar:

Samimiy qutlovlar

Raqamli teleko‘rsatuvlar uchun tyunerlar

Har bir uy e’tiborda

“Yoz-2010” g‘oliblari aniqlandi

Bu muqaddas Vatanda azizdir inson

Reklama