| O‘zbekcha | Русский | English | Français | Deutsch | العربية | Saytning oldingi versiyasi |
![]() |
| Siyosat | Iqtisodiyot | Jamiyat | Texnologiyalar | Madaniyat | Sport | Hujjatlar | Foto | Xorij xabarlari | Ob-havo | Valyutalar |
Milliy adabiyotimiz ko‘zgusiO‘zA, Umid Yoqubov, 02.02.2010 14:07
Prezidentimiz “Yuksak ma’naviyat ― yengilmas kuch” asarida Alisher Navoiy xalqimizning ongi va tafakkuri, badiiy madaniyati tarixida butun bir davrni tashkil etadigan o‘lmas so‘z san’atkori ekanini ta’kidlaydi: “Agar bu ulug‘ zotni avliyo desak, u avliyolarning avliyosi, mutafakkir desak, mutafakkirlarning mutafakkiri, shoir desak, shoirlarning sultonidir”. Yurtboshimiz tashabbusi bilan Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyiga davlat maqomi berildi. Qo‘lyozmalar instituti tarkibidan chiqarilib, mustaqil ilmiy-ma’rifiy maskanga aylantirildi. Bugun bu yerda o‘zbek adabiyotining turli davrdagi ijodkorlari hayoti va ijodidan hikoya qiluvchi ekspozitsiyalar mavjud. Ularda 25 mingdan ziyod qo‘lyozma, hujjat, tasviriy va o‘ymakorlik san’ati namunalari, fotosuratlar va noyob arxeologik yodgorliklar saqlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998 yil 12 yanvarda qabul qilingan “Muzeylar faoliyatini tubdan yaxshilash va takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoniga asosan Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi o‘z faoliyatini yangicha yo‘nalishda yo‘lga qo‘ydi. Muzey ekspozitsiyasi bugun chin ma’noda milliy ma’naviyatimiz timsollari bilan boyitildi. Navoiy, Bobur, Ogahiy singari mumtoz adabiyotimizning yirik namoyondalari hamda milliy uyg‘onish davri adabiyoti vakillarining hayoti va ijodiga keng o‘rin ajratildi. Kecha va bugunni uyg‘unlashtirgan, ma’naviyatimiz sarchashmasi bo‘lgan o‘zbek milliy adabiyotining eng nodir asarlari o‘rin olgan bu ma’rifat maskani uch qismdan iborat. Birinchi qavat Alisher Navoiy davri badiiyatiga, ikkinchi bo‘lim XVI-XX asrlardagi o‘zbek adabiyoti tarixiga, so‘nggi qism esa yaqin o‘tmish va hozirgi kun adabiyotiga bag‘ishlangan. Bu tadrijiylik davriylikdan tashqari, har bir o‘zbek ijodkori hazrat Navoiy yaratgan ulkan ma’naviy maktab o‘quvchisi ekanligini ham anglatadi. Buxoro va Toshkentdan X-XVI asrlarga oid topilgan Sharq me’moriy bezaklaridan namunalar, ko‘za, shamdon, qalamdon va lavhalarga ko‘z tashlarkansiz, olis yillar va yo‘llar ortidan hamisha komillikka intilgan milliy tafakkur so‘qmoqlarini yoritib kelayotgan mangu ma’naviy nurni, quvvatni his qilasiz. Bu nur Alisher Navoiy davridan hikoya qiluvchi xonalarga yetaklaydi. Ana, Afrosiyob mo‘jizasi bo‘lgan o‘sha mashhur surat. Unda bir maromda odimlayotgan oqqushlar va Shohruh Mirzoning teran nigohlarida oqqan daryo oqaveradi, degan hayotbaxsh haqiqat aks etgandek. “Ko‘zi ollinda osmon past” bo‘lgan Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, umuman, o‘sha davrdan hikoya qiluvchi kitob va suratlar Navoiy dahosi sohibqiron Amir Temur asos solgan ulug‘ saltanat hosilasi ekanligini anglatadi. Fasadga yarim oy shaklida misdan ishlangan o‘n ikki burj hazrat Navoiy ijodi umuminsoniy ko‘ngilga daxldorligining belgisi hamdir. Farididdin Attor, Lutfiy singari Alisher Navoiyning ustozlari ijodiga bag‘ishlangan bo‘lmadagi «Sharq go‘zali» asari insonga bo‘lgan mehr-muhabbatgina bashariyatni birlashtirishi mumkinligini tarannum etadi. 1972 yili Chingiz Ahmarov tomonidan Alisher Navoiy g‘azallariga atab ishlangan devoriy rasmdagi ma’sum chehralar insoniylik qudratidan so‘zlasa, ulug‘ shoir asarlarining faksimil va litografik nusxalari bizni sof badiiyat asliyatiga yaqinlashtiradi. Muzey qo‘lyozmalar fondi 1500 dan ortiq qo‘lyozma va toshbosma kitoblar bilan boyidi. Bular orasida Alisher Navoiyga tegishlilari ancha. Ulardan biri 1469 yili Hirotda tuzilgan “Badoye ul-bidoya” devonidir. Uni ulug‘ shoirning o‘zi tuzgan va so‘zboshi yozgan. Alisher Navoiy tirikligida tartib berilgan «Badoye ul-bidoya»ning ilmga ma’lum to‘rt nusxasidan eng mukammali bo‘lmish bu qo‘lyozma bugun Adabiyot muzeyi fondida saqlanmoqda. Devon Hirotda xattot Ali ibn Nur tomonidan 1486 yili nasta’liq xatida ko‘chirilgan. Shuningdek, muzeyda hazrat Navoiyning lirik asarlari jamlangan “Xazoyin ul-maoniy”ning ko‘plab nodir qo‘lyozmalari bor. Ulardan biri XVIII asrda Samarqandda xattot Usta Bobojon o‘g‘li mulla Muqimjon tomonidan nasta’liq xatida ko‘chirilgan. Turkiyadan keltirilgan bu nodir qo‘lyozmani Prezidentimiz Islom Karimov muzeyga hadya qilgan. Muzeyda Alisher Navoiy bilan bog‘liq barcha davrlarga tegishli eksponatlar mavjud. Ulardan biri ulug‘ shoir asarlarining 1960-yillarda chop etilgan 15 jildlik o‘zbekcha va 10 tomlik ruscha nashrlaridir. – Bu kitoblarni nashr va talqin etishda o‘sha davr mafkurasining ta’siri kuchli bo‘lgan, – deydi Adabiyot muzeyi direktori, filologiya fanlari doktori Saidbek Hasanov. – Shu bois shoir dunyoqarashini anglab yetishda juda katta ahamiyat kasb etuvchi falsafiy-didaktik asar bo‘lmish “Hayrat ul-abror” dostonidagi dastlabki o‘n bir bob, Husayn Boyqaro va Bahouddin Naqshbandga bag‘ishlangan boblar, islom dini haqidagi birinchi va ikkinchi suhbatlar, boblar o‘rtasidagi hikoyatlar tushirib qoldirilgan. Bir so‘z bilan aytganda, hazrat Navoiyning chin insoniy komillik haqidagi san’atkorona falsafasini hukmron mafkura qolipiga tiqilgan. Shukrki, mustaqillikdan keyin badiiy haqiqat tiklandi. Alisher Navoiyning 20 jildlik mukammal asarlar to‘plami nashr etildi. Biroq Navoiyning umuminsoniy falsafasidan xorijlik o‘quvchilar yetarlicha xabardor emas. Bugun o‘zbek navoiyshunosligining oldida turgan eng asosiy vazifalardan biri ― ulug‘ ajdodimizning ilmiy va badiiy merosini xorijiy tillardagi mukammal tarjima nashrlarini chop ettirishdir. “Lison ut-tayr”ning ingliz tiliga o‘girilishi bu boradagi ishlarimizda dastlabki qadam bo‘ldi. Adabiyot muzeyidagi maxsus bir xaritada Alisher Navoiy asarlarining qo‘lyozmalari saqlanadigan va bu nodir asarlar nashr etilgan shaharlar aks etgan: Oksford, Kembridj, Buenos-Ayres, Sankt-Peterburg… Deyarli barcha mamlakatlarni o‘z ichiga olgan bu xaritaga tikilarkansiz, shoir aytganidek, “qalam bilan” dunyoni zabt etgan ulug‘ ajdodimiz sharafidan faxr hissi borlig‘ingizni chulg‘aydi. Mazkur ma’naviyat va ilm dargohining xorijdagi nufuzli muzeylar bilan xalqaro ilmiy hamkorligi tufayli Navoiyning Parij milliy kutubxonasi va Turkiyada saqlanayotgan noyob kulliyotlari, Buyuk Britaniyaning Bodlyan kutubxonasidagi shahzoda Badiuzzamon uchun ko‘chirilgan «Xamsa» singari noyob asarlarning faksimil nusxalari muzeyga keltirildi. Eron elchixonasi madaniy markazi esa Milliy majlis kutubxonasiga tegishli va hozirga qadar ilmda noma’lum bo‘lgan Bobur kulliyoti qo‘lyozma nusxasini Adabiyot muzeyiga tuhfa qildi. Asosan XVI-XX asrlardagi o‘zbek adabiyoti tarixiga oid qo‘lyozmalar, suratlar, liboslar Bobur va boburiylar davridan tortib, milliy uyg‘onish davrigacha bo‘lgan badiiy adabiyotimizning katta bir qismidan guvohlik beradi. Bu yerda, ayniqsa, Zahiriddin Muhammad Bobur devonining Rampur nusxasi, XVI asrda ko‘chirilgan Komron Mirzo devoni namunasi, Mahmud Muzahhib tomonidan 1529 yili chizilgan «Ishqiy suhbat» tasviri, Mashrab, Muqimiy asarlariga ishlangan bezaklar, Furqat hayoti va ijodidan hikoya qiluvchi turli suratlar oldidan befarq o‘tish mumkin emas. Ubaydiy, Amiriy, Abulg‘ozi, Feruz singari ijodkorlarga ajratilgan bo‘lmalar esa kommunistik mafkura tomonidan reaksion kuch sifatida qoralanib, yolg‘on va tuhmat ortiga berkitilgan tarixiy haqiqat istiqlol tufayligina ro‘yobga chiqqanidan darak beradi. So‘nggi qavatda Behbudiy, Munavvarqori, Fitrat, Avloniy, Tavallo singari milliy uyg‘onish davri adabiyoti yetuk namoyondalarining ijodi va faoliyatiga keng o‘rin ajratilgan. Ayniqsa, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Usmon Nosir, Botu kabi qatag‘on qurboni bo‘lgan yozuvchi va shoirlar, G‘afur G‘ulom, Oybek, Abdulla Qahhor singari XX asr o‘zbek adabiyotining yirik vakillariga bag‘ishlangan bo‘limlardan o‘rin olgan qo‘lyozma, surat va boshqa eksponatlar milliy adabiyotimiz davr va mafkuraning beshafqat tegirmonida ezilsa-da, biroq o‘zligini saqlab qolganidan darak beradi. Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyida bir marta bo‘lgan odam umumbashariy tasavvur va tafakkur rivojida o‘zbek ijodkorlarining salmoqli hissasi borligini va bu ma’naviy an’ana munosib davom etayotganini anglab yetadi. Zotan, milliy adabiyotimizdagi bunday benazir siymolar fenomeni, Prezidentimizning “Yuksak ma’naviyat ― yengilmas kuch” asarida o‘rinli ta’kidlanganidek, “nafaqat bugungi, ayni paytda ertangi avlodlarimizning ham ma’naviy boyligiga aylanib, xalqimizga hech narsa bilan o‘lchab, qiyoslab bo‘lmaydigan ruhiy kuch-quvvat va madad berishi muqarrar”. So‘nggi yangiliklar: Raqamli teleko‘rsatuvlar uchun tyunerlar |
Reklama |
| © O‘zA. Sayt materiallaridan foydalanganda manba ko‘rsatilishi shart.
O‘zA haqida | Mahsulotlar va xizmatlar | Obuna | Bog‘lanish Axborotdan foydalanish shartlari | Saytda reklama joylashtirish |