O‘zA O`zbek

01.03.2020 Chop etish versiyasi

1-mart – Oʻzbekiston xalq shoiri Zulfiya tavalludi kuni

1-mart – Oʻzbekiston xalq shoiri Zulfiya tavalludi kuni

Bahor seni izlab, kezdi sarsari...

Ardoqli oʻzbek shoirasi Zulfiya 1915-yilning 1-martida Toshkent shahrida tugʻilgan. Shoira mehnat faoliyatini juda erta boshlagan. Bir umr jurnalistika hamda nashriyot sohasida ishladi. U 1935-1938-yillarda Til va adabiyot instituti aspiranti, 1938-1948-yillarda “Bolalar” nashriyoti muharriri, Oʻzbekiston davlat nashriyoti boʻlim mudiri, 1953-yilgacha “Saodat” jurnalida boʻlim mudiri, 1953-yildan to 1980-yilga qadar, salkam oʻttiz yil davomida shu jurnalning bosh muharriri lavozimida ishlab keldi. Afsonaviy oʻzbek shoiri Hamid Olimjonning turmush oʻrtogʻi, hassos sheʼriyati bilan millionlab chin soʻz sehriga shaydo qalblarni maftun etgan shoira 1996-yilning 1-avgustida vafot etdi. Turmush sinovlari va adabiyot osmonida kechgan shoiraning hayot yoʻli kelgusi avlodlar uchun ham chinakam sadoqat va vafo timsoli boʻlib qolaveradi.

OʻRIK GULLAGANDA


“Derazamning oldida bir tup
Oʻrik oppoq boʻlib gulladi…”
Gulni koʻrib ishqparast qalbim,
Ming aytilgan darddan kuyladi.

Seni qoʻmsab oqshom chogʻida
Hijron qoʻshar ekan harorat.
Oʻlgudayin mushtoq boʻlibman –
Visolingga, yoʻq chogʻi toqat.

Seni qoʻmsab oqshom chogʻida
Kirib keldim shu tanish uyga.
Biz bir choqlar yashagan uyda
Tunab qoldim xayol-la birga.

Buncha issiq, buncha ham shinam
Yoshlik kechgan torgina shu joy.
Bunda yashar ajib onlardan,
Ishq-la oʻtgan tunlardan chiroy.

Har burchagi elitar hushim,
Naqadarlik oshno, yaqin.
Xuddi tunda kamolga yetgan
Qoʻshigʻingda chaqnagan chaqin.

Bunda hayot – ilhom onlari
Qalamingdan toʻkilgan gavhar.
Gul boʻyini olganda shamol
Rashkka toʻlib toʻngan u koʻzlar.

Sen tugatgach chanqoqlik bilan
Oʻqib maftun boʻlganim hayot.
“Qalay” degan boʻlib termulgan
Koʻzlaringning otashi hayot.

Hali hayot, takror oʻqirkan
Zavqqa toʻlib yayragan koʻksim.
Yuzingdagi ulugʻvor, mayin,
Bir jahonga arzir tabassum.

Bari hayot, muhabbat kabi,
Hamma yerda koʻrinar izing.
Parrandalar nagʻma kuyida
Jaranglaydi tovushing, soʻzing.

Meni oʻrab oldi hayajon,
Yana ortdi sevgining kuchi.
Sharq qizarib, chiqmoqda quyosh,
Oltinlandi terakning uchi.

Sen kuylagan oʻrik shu kecha
Burkandi oq – oppoq chechakka.
Men qadrdon xotira bilan
Joʻnab ketdim uyimga yakka.

1947

BAHOR KELDI SENI SOʻROQLAB

Salqin saharlarda, bodom gulida,
Binafsha labida, yerlarda bahor.
Qushlarning parvozi, yellarning nozi,
Baxmal vodiylarda, qirlarda bahor.

Qancha sevar eding, bagʻrim, bahorni,
Oʻrik gullarining eding maftuni.
Har uygʻongan kurtak hayot bergan kabi
Koʻzlaringga surtib oʻparding uni.

Mana qimmatligim, yana bahor kelib,
Seni izlab yurdi, kezdi sarsari.
Qishning yoqasidan tutib soʻradi seni,
Ul ham yosh toʻkdi-yu, chekildi nari.

Seni izlar ekan, boʻlib shabboda,
Sen yurgan bogʻlarni qidirib chiqdi.
Yozib koʻrsatay deb husn-koʻrkini,
Yashil qirgʻoqlarni qidirib chiqdi.

Topmay sabri tugab boʻron boʻldi-yu,
Jarliklarga olib ketdi boshini.
Farhod togʻlaridan daraging izlab,
Soylarga qulatdi togʻning toshini.

Soʻngra jilo boʻlib kirdi yotogʻimga,
Hulkar va Omonning oʻpdi yuzidan.
Singib yosh kuydirgan zafar yonogʻimga
Sekin xabar berdi menga oʻzidan.

Lekin yotogʻimda seni topolmay,
Bir nuqtada qoldi uzoq tikilib.
Yana yel boʻldi-yu, kezib sarsari,
Mendan soʻray ketdi qalbimni tilib:

“Qani men kelganda kulib qarshilab,
Qoʻshigʻi mavjlanib bir daryo oqqan?
“Baxtim bormi deya”, yakkash soʻroqlab
Meni sheʼrga oʻrab suqlanib boqqan?

Oʻrik gullariga toʻnmaydi nega
Yelda hilpiratib jingala sochin?
Nega men keltirgan shoʻx naʼshidaga
Peshvoz chiqmaydi u yozib qulochin?

Qani oʻsha kuychi, xayolchan yigit?
Nechun koʻzingda yosh, turib qolding lol.
Nechun qora libos, sochlaringda oq,
Nechun bu koʻklamda sen parishonxol?”

Qanday javob aytay, loldir tillarim,
Baridan tutdim-u, ketdim qoshingga.
U ham gʻaming bilan kezdi aftoda,
Boqib turolmayin qabring toshiga.

Alamdan tutoqib daraxtga koʻchdi,
Kurtakni uygʻotib soʻyladi gʻamnok.
Sening yoding bilan yelib beqaror,
Gullar gʻunchasini etdi chok-chok.

Gul-u rayhonlarning taraldi atri,
Samoni qopladi mayin bir qoʻshiq.
Bu qoʻshiq naqadar oshno, yaqin,
Naqadar hayotbaxsh, otashga toʻliq.

Bahorga burkangan sen sevgan elda,
Ovozing yangradi joʻshqin zabardast.
Oʻlmagan ekansan, jonim, sen hayot,
Men ham hali sensiz olmadim nafas.

Hijroning qalbimda, sozing qoʻlimda,
Hayotni kuylayman, chekinar alam.
Tunlar tushimdasan, kunduz yodimda,
Men hayot ekanman, hayotsan sen ham!

SOGʻINIB

Shu kunlarda bahorga zorman,
Navjuvonlik oʻti tanda yoʻq.
Kuz singari zaʼfar ruxsorman,
Mevalar ham shoxlardan uzuq.

Shu kunlarda bahorga zorman,
Tanxastalik ezadi ruhim.
Tanho emas, qatorda borman,
Yana neni izlaydi suqim?

Shu kunlarda bahorga zorman,
Shaffof, yorqin kuy tilar koʻngul.
Yaxshiyamki, qalamga yorman,
Soʻzlab turar bor dilimni ul.

Shu kunlarda bahorga zorman,
Oʻz bahorim kabi bemisol.
Bahor qaytmas, yonuvchi qorman,
Yo noʻnoq qoʻl butagan nihol.

Shu kunlarda bahorga zorman…

4 693
OʻzA