O‘zA O`zbek

09.09.2019 Chop etish versiyasi

“...yaxshilar oldidagi qarz”

“...yaxshilar oldidagi qarz”


Yangi kitob

Balki kimdir bizni ham xotirlab qo‘ysa zimdan,
Parchalab qabr toshin dermiz: “Labbay!”, u zamon.
Abdulla ORIPOV

Umrining sururli yillarida shoir shunday lutf qilgandi. Tafakkurining ummoniy teranligi inkishof etganidek, tiriklik bozorida ko‘p narsa unutiladi, biroq “unutilmas aslo yaxshilar oldidagi qarz”! Bugun taqdir hukmi ana shu yozuqni o‘qib turibdi: shoir foniy dunyoni tark etdi, endi uning yaxshiliklari eslanadi: kimgadir ko‘rsatgan iltifoti, insoniy yordami va, albatta, minnatdor o‘zbek xalqi uchun milliy adabiyot rivoji yo‘lida qilgan yaxshiliklari! Binobarin, akademik Akmal Saidov va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist G‘ulom Mirzoning “Sen bahorni sog‘inmadingmi?” xotiralar kitobi ana shunday mehr-oqibatning samarasidir, deyish mumkin. Albatta, tuyg‘ular izhorini ulug‘ shoirdan o‘tkazib ifodalash qiyin. Kitob nomi ham Abdulla Oripovning mashhur she’ridan olingan.

To‘plamga hafsala va did bilan tartib berilgan. Unda jamlangan har bir bitik zohiriy mavzu yuzasidan va shoir umrining dolg‘ali yillaridagi botiniy hikmatdan so‘zlayotgandek bo‘ladi. Zero, unda sof rasmiy yoki diplomatik yozuvlarning kiritilishi ham ma’lum haqiqatlarni dalillaydi. Negaki, o‘z davrida Abdulla Oripov nafaqat shoir, balki yirik davlat arbobi sifatida ham ulkan mahobat kashf etgandi. Bu tabarruk ism-sharif tarixga doir ko‘plab hujjatlarda darj etilgan. Shu tufayli “Abdulla Oripov siyrati” deb nomlangan birinchi qism ham, “Jondek aziz xotira” deb atalgan ikkinchi qism ham tarozi pallasidek mantiqni ushlab turibdi. Umuman, davlat madhiyalari yoki “Dante Aligeri” haqidagi teran mulohazalar ham, samimiy va ehtirosli xotiralar ham yorqin timsolni yaxlitlikda tasavvur etishga samarali xizmat qiladi.

Albatta, kelajakda “o‘tlug‘ ilhom” bilan yozilgan har bir she’r turli o‘lchamlarda tahlil qilinadi, bu nodir san’atning sirini inkishof qilishga uriniladi, ammo shu izlanishlar qatorida mustaqil davlat madhiyasi yaratilishi bilan bog‘liq tafsilotlar ham yangi tadqiqotlarda, qolaversa, shoir ijodiy olamini tasavvur qilishda asqotadi. Yoki bir paytda “Bugun demam u manim, manim” tarzida inkor etilgan mavzuning shoir ijodida o‘zgacha ko‘lam kashf etish tadrijini tasavvur qilishda ham akademik Akmal Saidovning mulohazalari yo‘lchiroq vazifasini bajarishi mumkin. Shuningdek, shoir Abdulla Oripov ijodida anchayin dard va shodumonlik kashf etgan “Ilohiy komediya” tarjimasi, Dante yurtida ko‘rsatilgan e’zoz haqidagi haroratli qaydlar ham Abdulla Oripov ijodining umuminsoniy mohiyatini anglashda, ham shoir iqtidorining eng qiyin sinovlarga qandayin dosh berganini e’tirof etishda hujjatli dalil bo‘lib xizmat qiladi. Tarjimonning o‘zi tan olganidek, Dante uni jahoniy sarhadlarga olib chiqqan edi. Yana kitobning qimmatli tomonlaridan biri shundaki, muallif buyuk italyan shoiri ma’naviy dunyosini to‘la tasavvur eta olgan tadqiqotchi sifatida Abdulla Oripovning milliy Danteshunoslikka qo‘shgan hissasini yaxlit va komil tarzda ko‘rsatib bera olgan. Bu mulohazalar shu yo‘nalishdagi keyingi tadqiqotlarda kompas vazifasini bajarishi mumkin.

Sermulohaza jurnalist va ehtirosli shoir G‘ulom Mirzo kitobda baralla “Buyuk insoniy qalb sohibi edi” deya raqam qiladi. Muallifning bu sidqidil e’tirofi muhtaram Abdulla aka bilan uchrashuvlari tafsilotlarida, shoirning yolqinli lutflari qaydida, ijodiga muxtasar sharhlar va dilbar she’riyatdan hayratlanib, vulqondek portlagan taassurotlarda ifoda etilgan. Aytish mumkinki, Abdulla Oripov dastlabki she’rlari tilga tushib, e’tirof etilganidan so‘nggi kunlarigacha she’r ahlining mayog‘iga aylandi, ularga ustoz maqomida turdi. Bugungi kunda o‘zbek she’riyati yangi va mislsiz to‘lqin bilan to‘lishgani e’tirof etilmoqda. Bu hol, avvalo, buyuk Navoiy sohir nafasining avlodlariga yetib borganida zohir bo‘lsa, ikkinchidan, zamondosh shoir Abdulla Oripovning she’rga, uning har bir satriga, eng mayda unsuriga nihoyatda talabchanlik bilan yondashganligining ibrati sifatida tan olinmoqda. Abdulla Oripovda bironta bo‘sh qofiya, sakta satr yoki yuksiz qolgan so‘z yo‘q. She’riyatda bunday komillikka erishish kam ijodkorlarga nasib etadi. Hozirgi yoshlar ana shu talabdan kelib chiqib, o‘zlariga baho bermoqdalar, ta’bir joiz bo‘lsa, avval Abdulla Oripovning imtihonidan o‘tib, keyin qalam tutmoqdalar.

Ko‘p asrlik she’riyatimizda Abdulla Oripov she’riy shaklni san’atkorlarcha sayqallagan shoir edi, bugungi avlod ana shu yuksaklikdan parvozga shaylanmoqda. G‘ulom Mirzo esdaliklarida ana shunday muhtashamlikka erishishning to‘lg‘oqlari haqida so‘z yuritadi, ularni jonli guvoh sifatida sharhlaydi. Xizmat yuzasidan shoir bilan o‘tkazgan suhbatlarida esa tiklanayotgan yurtimizda milliy adabiyotning rivojlanishi, bu jarayonning umumjahoniy va ichki evrilishlari haqida jo‘yali fikrlar izhor qilinadi.

To‘plamga “Kitob nima uchun shunday nomlandi?” degan muxtasar so‘zboshi yozilgan. Uning har bir fasliga shoirning mohiyatni yana ham ravshanroq ifodalaydigan go‘zal she’rlari berilgan. Bu hol xuddi uzukka ko‘z qo‘ygandek yarashgan, har bir sahifadan go‘yoki shoir boqib turgandek va e’tiroflarga o‘zi javob berayotgandek bo‘ladi. Umuman, bu kitobning yuzaga kelishi milliy madaniyatimizning buyuk arbobi Abdulla Oripov dunyosini inkishof etishda ko‘plab yangi dalillarga boyligi bilan qimmatli. O‘z davri adabiy muhitida po‘rtana yuzaga keltira olgan mo‘tabar zot – “o‘zimizning Abdulla akamiz” haqida hali ko‘plab kitoblar yaratiladi. Bu to‘plam shu qatorda munosib o‘rin egallashi shubhasiz.

Hakim SATTORIY,

jurnalist.


7 292
O‘zA